Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida o‘rnatilgan svetoforlar o‘zaro sinxronlashtirildi. Tizim 2 ta harakat yo‘nalishini qamrab olgan.
Yangi tizim haydovchilarga belgilangan harakat shartlariga rioya qilgan holda svetoforlarda ortiqcha to‘xtamasdan harakatlanish imkonini beradi.
Jumladan, Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasida, «Beeline» ofisi tomonidan yashil signalda harakatni boshlagan avtomobil Amir Temur xiyoboni atrofidagi aylanma chorrahadan o‘tib, Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab Oloy bozori tomon svetoforlarda to‘xtamasdan harakatlanishi mumkin.
Qarama-qarshi yo‘nalishda ham Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomonidan Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan avtomobillar aylanma chorrahadan o‘tib, «Yashil to‘lqin» rejimida Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasigacha yetib borishi mumkin.
«Yashil to‘lqin» barcha svetoforlarda yashil signalning bir vaqtda yonishi degani emas. Tizimda avtomobil belgilangan tezlikda harakatlanganda keyingi svetoforga yashil signal vaqtida yetib borishi hisobga olingan holda signallar ma’lum vaqt oralig‘ida sozlangan.
Bunda tizimdan samarali foydalanish uchun haydovchilar harakatni yashil signalda boshlashi, belgilangan tezlik me’yoriga rioya qilishi, keskin tezlashish va tormozlashdan saqlanishi hamda xavfsiz oraliq masofani saqlashi lozim. Piyodalarga ham yo‘l berish talab etiladi.
«Yashil to‘lqin» joriy etilishi natijasida svetoforlar oldidagi ortiqcha to‘xtashlar, chorrahalardagi navbatlar va kutish vaqti qisqarishi, transport harakati bir maromga tushishi kutilmoqda. Shuningdek, keskin tezlashish va tormozlashlar, yoqilg‘i sarfi hamda zararli chiqindilar hajmini kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda Amir Temur xiyobonidagi aylanma chorrahadan Maxtumquli ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishni ham «Yashil to‘lqin» tizimiga ulash algoritmi ishlab chiqilmoqda.
Yangi bosqich amalga oshirilsa, muvofiqlashtirilgan harakat yo‘nalishi qamrovi yanada kengayadi.