Prezidentimiz yosh sportchilarga murojaat qilib, chempionlikka kuchli iroda va temir intizom orqali erishilishini taʼkidladi. Ilgari surilayotgan “Oʻz” gʻoyasining mazmun-mohiyati ham shunda ekanini qayd etdi.

– Oʻzingga ishon! Oʻz ustingda ishla! Oʻz yurtingga munosib boʻl!

– dedi Prezidentimiz. Xalqaro maydonda mamlakatimiz bayrogʻi koʻtarilib, madhiyamiz yangraganda butun xalqimiz sportchilarimiz bilan faxrlanishini taʼkidladi.

Yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida kelasi yildan Prezident Olimpiadasi gʻolib va sovrindorlarining pul mukofotlari 2,5 baravar oshiriladi. Birinchi oʻrin sohiblariga 25 million, ikkinchi oʻrin uchun 12 million, uchinchi oʻrin uchun 6 million soʻm beriladi.

Shuningdek, olimpiadada gʻolib boʻlib, Oʻzbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliygohlarning sport yoʻnalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi.