Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda "U.T." va "Q.A." MCHJlarning mas’ul shaxslari, "Qayirma" MFY hokim yordamchisi va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga issiqxona faoliyatini kengaytirish maqsadida ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larini xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan amalda bajarilmagan ishlarni hujjatlarda bajarildi deb ko‘rsatib, 442,3 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Departamentning Mirzaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda "Toshkent" MFY sobiq hokim yordamchisi va boshqalar o‘zaro til biriktirib, mazkur MFYda yashovchi 8 nafar fuqaroga ajratilgan 248 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalar orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda "L.A." MChJ rahbari A.K. va “Forobiy” MFY sobiq hokim yordamchisi o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga ajratilgan 163 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.