Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlarida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi aʼzolari bilan uchrashib, fan va taʼlim oldida turgan vazifalarni oʻrtaga tashlagan hamda ilm-fan sohasiga eʼtiborni kuchaytirish toʻgʻrisida topshiriqlar bergan edi. Shundan soʻng mamlakatimizda ilm-fan va taʼlimni zamonaviy talablarga javob beradigan darajaga olib chiqishga qaratilgan qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Matematika instituti uchun yangi, zamonaviy, innovatsion bino qurib berildi. Ushbu fanni rivojlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrildi.

Bugun raqamlashtirish va sunʼiy intellekt davriga qadam qoʻyayotgan jamiyat uchun matematikaning ahamiyati yanada ortmoqda. Katta maʼlumotlar oqimini tahlil qilish, murakkab tizimlarni boshqarish, iqtisodiy jarayonlarni prognozlash, axborot xavfsizligini taʼminlash, yangi texnologiyalarni yaratish — bularning barchasida matematik tafakkur va fundamental matematik bilimga ega yangi avlod kadrlari salohiyatiga tayaniladi.

— Bugun matematika koʻpchilik tasavvurida fundamental fan sifatida qabul qilinadi. Ammo zamonaviy ­dunyoda u iqtisodiyot, texnologiya, ­sunʼiy intellekt va hatto davlat boshqaruvining strategik resursiga aylanmoqda. Biz kelgusida bu intellektual kenglikni milliy yuksalish omiliga aylantira olamizmi?

— Hozirgi kunda mamlakatlarning raqobatbardoshligi koʻp jihatdan ­tabiiy resurslarga emas, balki inson kapitali va intellektual salohiyatga bogʻliq. Matematika ana shu intellektual salo­hiyatning eng muhim asosi hisoblanadi. Sunʼiy intellekt, kvant texnologiyalari, kriptografiya, robototexnika, iqtisodiy modellashtirish, maʼlumotlarni tahlil qilish — bularning barchasi zamirida matematika bor. Shu bois, matematikaga faqat maktabda oʻqitiladigan fan yoki fundamental tadqiqot sifatida emas, mamlakatning strategik intellektual resursi sifatida qarash kerak.

Buning uchun esa iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ular uchun kuchli matematik muhit yaratish, ilmiy maktablarni qoʻllab-quvvatlash va eng muhimi, ularga Oʻzbekistonda turib dunyo darajasida tadqiqot bilan shugʻullanish imkoniyatini berish zarur.

Menimcha, mamlakatimizning kelajakdagi intellektual yuksalishining muhim omillaridan biri matematika, tabiiy fanlar va zamonaviy texnologiyalar uygʻunligi boʻladi.

— Ayni damda institutdagi izlanishlar samarasi nimalarda koʻzga tashlanmoqda? Tadqiqotlarning mamlakat iqtisodiyoti, sanoati, raqamli transformatsiyasi yoki boshqa sohalar rivojiga qoʻshayotgan hissasi haqida nima deya olasiz?

— Matematika institutining asosiy vazifalari yangi ilmiy (nazariy) natijalar olish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, xalqaro ilmiy hamkorlik, matematika taʼlimi oʻquv-uslubiy materiallarini muvofiqlashtirish, matematikani mamlakat taraqqiyoti yoʻlida qoʻllashdir.

Yangi ilmiy natijalarimiz institut olimlari tomonidan har yili 200 dan ortiq ilmiy maqolaning SCOPUS bazasidagi nufuzli xalqaro nashrlarda ­eʼlon qilinishida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Shuningdek, matematik kadrlar tayyorlash sohasida institut mamlakatdagi yetakchi ilmiy markaz sifatida davlat buyurtmasi asosida yetarli miqdorda falsafa doktori va fan doktorlarini oʻz vaqtida tayyorlab kelmoqda.

Bugun zamonaviy matematika bilan amaliy sohalar oʻrtasidagi bogʻliqlik tobora kuchaymoqda. Biz insoniyat taraqqiyotining nihoyatda muhim va tarixiy bosqichlaridan birida yashayapmiz. Nazarimda, insoniyat taraqqiyotidagi ilmiy-texnologik oʻzgarishlarni shartli ravishda uch yirik inqilob bilan bogʻlash mumkin.

Birinchi inqilob — elektr energiyasining kashf etilishi va keng qoʻllanishi. Bu insoniyatga ilgari minglab odamlar mehnati talab qilingan koʻplab jarayonni texnika yordamida bajarish imkonini berdi. Natijada ishlab chiqarish samaradorligi keskin oshdi, sanoat rivojlandi va yangi iqtisodiy imkoniyatlar paydo boʻldi.

Ikkinchi inqilob — internet va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi. Internet insoniyatga ulkan hajm­dagi axborotni tezkor izlash, olish va uzatish imkonini berdi. Natijada jamiyat hayotining deyarli barcha sohaci — ilm-fan, taʼlim, ­iqtisodiyot, tibbiyot, sanoat va boshqaruv jarayoni bosqichma-bosqich raqamlasha boshladi.

Uchinchi inqilob — sunʼiy intellekt davri. Bugun sunʼiy intellekt insoniyatning bilim olish, axborotni qayta ishlash va intellektual faoliyat imkoniyat­larini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Endi iqtisodiy hamda ilmiy taraqqiyotda nafaqat tabiiy resurslar va anʼanaviy texnologiyalar, balki maʼlumotlar, matematik modellar, algoritmlar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini yaratish ham strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, matematika bugungi uchinchi inqilobning fundamental asoslaridan biriga aylanmoqda. Chunki sunʼiy intellekt, mashinaviy oʻqitish, katta maʼlumotlar, kriptografiya va zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida matematik modellar, algoritmlar va nazariyalar yotadi.

Shuning uchun bugun matematikaga faqat nazariy fan sifatida emas, balki mamlakatning ilmiy-texnologik va iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlaydigan strategik yoʻnalish sifatida qaralishi lozim.

Institutimizda fundamental matematik tadqiqotlar bilan bir qatorda, matematika yutuqlarini tibbiyot, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar va kosmik sohalarga tatbiq etishga qaratilgan qator amaliy loyihalar ustida ham ishlayapmiz.

Birinchidan, sunʼiy intellekt yordamida yangi dori-darmonlarni yaratish jarayonini tezlashtirish va optimallashtirish.

Anʼanaviy usullarda yangi dori vositasini ishlab chiqish koʻp yil va katta moliyaviy resurs talab qilishi mumkin. Sunʼiy intellekt esa ulkan hajmdagi biologik va kimyoviy maʼlumotlarni tezkor tahlil qilish, istiqbolli birikmalarni aniqlash va ularning xususiyatlarini oldindan prognozlash imkonini beradi. Bu esa yangi dori vositalarini yaratish jarayonini tezlashtirish va tadqiqot xarajatini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.

Ikkinchidan, generativ sunʼiy intellekt va katta til modellari — LLM (Large Language Model) sohasidagi tadqiqotlar. Bugun dunyoda katta til modellari, aqlli yordamchilar, avtomatlashtirilgan tahlil tizimlari va bilimga asoslangan raqamli platformalar juda tez rivojlanmoqda. Biz ham oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini hisobga olgan holda katta til modellarini yaratish hamda ulardan ilm-fan, taʼlim, davlat boshqaruvi va biznes jarayonida foydalanish imkoniyatini oʻrganyapmiz.

Uchinchidan, tibbiyotda shifokorga yordam beruvchi matematik va sunʼiy intellekt tizimlarini yaratish. Masalan, qandli diabet nafaqat qondagi qand miqdoriga, balki yurak-qon tomir tizimi va buyraklar faoliyatiga ham taʼsir qilishi mumkin. Shuning uchun qaysi bemorda kelajakda qanday jiddiy asoratlar rivoj­lanishi xavfi yuqoriligini oldindan aniqlash muhim. Matematika instituti olimlari bu masalani matematika, ­tibbiyot va sunʼiy intellektni birlashtirgan holda oʻrganmoqda. Bu yerda asosiy maqsad shifokorni kompyuter bilan almashtirish emas. Aksincha, shifokorga katta ­hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish va toʻgʻri klinik qaror qabul qilishda yordam beradigan raqamli assistent yaratishdir.

Toʻrtinchidan, kompyuter tomografiyasi tasvirlarini matematik usullar asosida qayta tiklash. Bugun kompyuter tomografiyasi (KT) tibbiyotda inson tanasini kesmay turib, ichki aʼzolar, oʻsmalar va jarohatlarni yuqori aniqlikda koʻrish imkonini beradi. Sanoatda esa undan murakkab detallarning ichki nuqsonlarini aniqlashda keng foydalaniladi. Biroq KT texnologiyasida muhim vazifalardan biri nurlanish dozasini kamaytirgan holda oz sonli proyeksiyalar asosida ham aniq tas­vir olishdir. Matematika institutida KT tasvirlarini tiklashga qaratilgan optimal matematik usullar ishlab chiqilmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad bemorning nurlanish dozasini kamaytirish, tasvir aniqligini oshirish va xatolikni kamaytirish, sunʼiy artefaktlar hamda shovqinlarni bartaraf etish, kompyuterda tez, shu bilan birga, barqaror ishlaydigan algoritmlarni yaratish. Bu esa kelajakda tibbiy tasvirlarni tezkor qayta ishlash va tashxis jarayonini takomillashtirishga xizmat qilishi mumkin.

Beshinchidan, kosmik texnologiyalar, aviatsiya va avtonom boshqaruv tizimlari uchun matematik modellashtirish. Kosmik texnologiyalar, aviatsiya va avtonom bosh­qaruv tizimlarining jadal rivojlanishi murakkab harakat jarayonlarini matematik modellashtirish va samarali boshqarish usullarini ishlab chiqishni talab etmoqda. Institutimizdagi muhim tadqiqot yoʻnalishlaridan biri markaziy gravitatsion maydonlarda harakatlanuvchi obyektlar, jumladan, kosmik apparatlar va boshqariluvchi raketa tizimlarining harakatini optimal boshqarish masalalarini oʻrganishdir.

Bu yoʻnalishda ikkita obyektning qarama-qarshi maqsadlari — birining ikkinchisini aniq tutib olishga, ikkinchisining esa undan qochishga intilishi differensial oʻyinlar nazariyasi asosida tadqiq etilmoqda.

Bunday matematik yondashuvlar kosmik apparatlarning yaqinlashuvi, sunʼiy yoʻldoshlar harakatini boshqarish, kosmik chiqindilar bilan bogʻliq xavflarni kamaytirish, shuningdek, avtonom uchuvchi qurilmalar, dronlar harakatini muvofiqlashtirish kabi masalalarda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oltinchidan, institutning Buxoro boʻlinmasi tomonidan oʻrganilgan matematik model paxta xomashyosi gʻaramidagi koʻchish jarayonlarini adekvat tavsiflash uchun qoʻllandi. Natijada parallelepiped shaklidagi paxta gʻaramining ochiq osmon ostida joylashgan barcha sirtida atrof-muhit bilan konvektiv issiqlik va namlik almashinuvi hamda xirmon haroratini prognozlash aniqligi 8-10 foiz oshdi. Dimlanish va oʻz-oʻzidan yonishning oldini olish hisobiga paxta tolasi sifatidagi yoʻqotishlar 4-5 foiz kamaydi. Shuningdek, xomashyoni saqlash va quritish bilan bogʻliq moliyaviy hamda mehnat xarajatlari 7 foiz qisqardi.

Yettinchidan, institutning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlinmasi tomonidan seysmik maʼlumotlarni qayta ishlash aniqligini oshiruvchi matematik modellar ishlab chiqilmoqda. Ulardan asosiy maqsad quduqlarni notoʻgʻri burgʻilash xavfini kamaytirish, seysmik maʼlumotlarni qayta ishlash aniqligini oshirish, sarf-xarajatlarni tejash, sanoat korxonalarining iqtisodiy foydasini koʻpaytirish. Bu esa kelajakda Oʻzbekistonning mineral xomashyo bazasini aniqlashda milliardlab mablagʻni tejash va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga xizmat qilishi mumkin.

Ayniqsa, sunʼiy intellekt va avtonom texnologiyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda bunday fundamental matematik tadqiqotlar kelajakda xavfsiz, ishonchli va samarali boshqaruv tizimlarini yaratish uchun muhim ilmiy poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Umuman olganda, bu tadqiqotlar bir jihatni yaqqol koʻrsatmoqda: zamonaviy matematika faqat nazariy bilimlar ­majmui emas. U bugun tibbiyotdan tortib farmatsevtikagacha, sunʼiy intellektdan tortib kosmik texnologiyalargacha boʻlgan eng muhim sohalarning ilmiy asoslaridan biriga aylanmoqda. Institutimizning vazifasi esa ana shu fundamental salohiyatni amaliy natijaga aylantirishdir.

— Matematika — yoshlar fani. Shu oʻrinda iqtidorli yosh matematikni olim darajasiga olib chiqish jarayoni xususida toʻxtalsangiz. Bu institut oldiga qanday vazifalarni qoʻymoqda? Umuman, dunyoga mashhur matematiklarni tarbiyalaydigan ilmiy maktablar yaratilyaptimi? Bu jarayonda nimalarga tayanilmoqda?

— Matematikada iqtidorning oʻzi yetarli emas. Iqtidorga muhit, ustoz va eng muhimi — vaqt kerak. Bugun davlatimiz tomonidan ilm-fanga qaratilayotgan eʼtibor natijasida yoshlarimiz uchun ana shu uchta muhim shart tobora keng yaratilmoqda. Yoshlar va olimlarning ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishi uchun sharoitlar yaxshilanmoqda. Ularni ilmiy izlanishdan chalgʻitadigan koʻplab ishlardan ozod qilishga eʼtibor qaratilmoqda. Bu — ilm uchun vaqt degani.

Institutlarimizda bino, laboratoriyalar va ilmiy-texnik baza yangilandi. Bu esa zamonaviy, xalqaro talablarga mos ilmiy muhit yaratish imkonini berdi. Eng muhimi, matematika sohasida kuchli va taj­ribali ustozlar bor. Demak, bizda iqtidor, muhit va ustozni birlashtirish uchun zarur asos mavjud.

Yosh matematikni olim darajasiga olib chiqish uchun harakat maktab davridan boshlanishi, keyin bakalavriat, magistratura, doktorantura va mustaqil ilmiy tadqiqot bosqichlarida uzviy davom etishi kerak.

Institut oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — ilmiy maktablarimizni saqlash va rivojlantirish bilan birga yangi ilmiy maktablarni shakllantirishdir. Buning uchun yosh olimni faqat dissertatsiya yozishga emas, avvalo, ilmiy muammoni koʻra bilish, savolni toʻgʻri qoʻyish, mustaqil fikrlash va yangi natija yaratishga oʻrgatishimiz kerak.

Jahonda tan olingan kuchli matematika maktablari bir-ikki yilda shakllanib qolmagan. Ularning ortida oʻnlab yillar davomida yaratilgan ilmiy anʼana, kuchli ustozlar va bir-birini davom ettirib kelayotgan shogirdlar avlodi turadi.

Shuning uchun institutimizda yosh olimlar uchun ana shunday ilmiy muhitni saqlash va yanada rivojlantirishni asosiy vazifalarimizdan biri deb bilaman.

Bizda “Kuchli ustoz — iqtidorli shogird — zamonaviy ilmiy muhit — dolzarb tadqiqot — xalqaro natija — amaliy tatbiq” zanjiri uzluksiz ishlashi kerak. Agar shu tizimni yarata olsak, bugungi iqtidorli yoshlar ertaga institutimizning yangi ilmiy maktablarini yaratadigan, Oʻzbekiston matematikasi nufuzini xalqaro miqyosda yanada yuksaltiradigan olimlar boʻlib yetishadi.

— Ilm va amaliyot uygʻunligi fan rivojida muhim. Universitetlar, tadqiqot institutlari va xususiy texnologiya kompaniyalari oʻrtasidagi hamkorlikning kuchayishi mamlakat iqtisodiy barqarorligi va rivojida muhim ahamiyatga ega, shunday emasmi? Oʻzbekistonda fundamental matematika bilan biznes va texnologik sektor oʻrtasida qanday koʻprik bor?

— Universitet, ilmiy-tadqiqot ins­tituti va texnologik kompaniya bir-biridan alohida ishlasa, imkoniyatlarning bir qismi yoʻqoladi. Universitet kadr tayyorlaydi, institut yangi bilim yaratadi. Biznes esa bu bilimni texnologiya va mahsulotga aylantirishi mumkin.

Masalan, sunʼiy intellekt va mashi­naviy oʻqitish sohalarida chiziqli ­algebra, ehtimollar nazariyasi, statis­tika, optimallashtirish va differen­sial tenglamalar kabi klassik matematik yoʻnalishlar muhim oʻrin tutadi. Shuning uchun Oʻzbekistonda “fundamental matematika → amaliy tadqiqot → texnologiya → iqtisodiy qiymat” zanjirini shakllantirishimiz kerak.

Buning uchun institutlar va texnologik kompaniyalar oʻrtasida qoʻshma laboratoriyalar, amaliy loyihalar, stajirovkalar va grant dasturlarini koʻpaytirish maqsadga muvofiq.

— Soʻnggi yillarda sunʼiy intellekt haqida koʻp gapira boshladik. Fik­rimizcha, yaqin kelajakda u taraq­qiyotni belgilab beradiganga oʻxshaydi. Sunʼiy intellekt rivojlanishi matematikaga ehtiyojni kamaytiradimi?

— Aksincha, menimcha, sunʼiy intellekt matematikaga ehtiyojni yanada oshiradi. Chunki sunʼiy intellektning oʻzi matematik gʻoyalar asosiga qurilgan. Mashinani maʼlumot bilan taʼminlash mumkin, ammo algoritmning qanday ishlashi, uning barqarorligi, optimallashuvi, ehtimoliy xatolari va natijalarining ishonchliligi matematik asosni talab qiladi.

Albatta, sunʼiy intellekt matematik hisob-kitoblarning bir qismini avtomatlashtiradi. Lekin hisoblashni avtomatlashtirgan bilan matematik fikrlashga ehtiyoj yoʻqolmaydi.

Kelajakda kompyuter hisoblaydi, sunʼiy intellekt yordam beradi, ammo qaysi masalani qoʻyish, qaysi modelni tanlash va natijaning toʻgʻriligini baholash insonning matematik tafakkuriga bogʻliq boʻladi. Shu maʼnoda, sunʼiy intellekt matematika uchun raqobatchi emas, balki yangi imkoniyatlarni ochadigan vosita boʻlishi mumkin.

— Bugungi zamonaviy insonning “matematik tafakkuri” oʻzida nimalarni jamlayapti?

— Men matematik tafakkurni faqat formulalarni bilish deb tushunmayman. U, avvalo, mantiqiy va tizimli fikrlash, muammoni toʻgʻri qoʻya bilish, murakkab masalani qismlarga ajratish, sabab va oqibatni koʻrish, dalil bilan taxminni ajratish, noaniqlik sharoitida qaror qabul qilish qobiliyatidir.

Bugungi inson uchun yana bir muhim xususiyat — abstrakt fikrlash bilan amaliy fikrlashni birlashtira olish.

Matematik tafakkur insonga faqat matematika masalasini yechishda emas, balki hayotdagi murakkab muammolarni tushunishda ham yordam beradi.

— Matematika siz uchun nima?

— Qisqa qilib aytganda, matematika — men uchun tafakkur madaniyati. U menga faqat teoremalar va formulalarni emas, balki murakkab narsa ichida oddiylikni, tartibsizlik ichida qonuniyatni va nomaʼlumlik ichida mantiqiy yoʻlni izlashni oʻrgatdi. 33 yil institutda ishlab, shunga yana bir bor ishonch hosil qildim: matematiklik — faqat kasb emas. U insonni sabrli, aniq va mustaqil fikrlashga oʻrgatadi. Shu bois, men uchun matematika — ham ilm, ham tafakkur, ham hayot tarzi.

— Matematika va matematik taʼlimni rivojlantirish boʻyicha qanday takliflaringiz bor?

— Bugun mamlakatimizda matematika va matematik taʼlimni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Endi asosiy vazifa — yaratilgan imkoniyat­lardan samarali va toʻliq foydalanish. Shu nuqtayi nazardan, matematik olimlarimiz va matematika oʻqituvchilarimiz oldida turgan bir nechta muhim vazifaga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Birinchisi — iqtidorni erta aniqlash va uni toʻgʻri yoʻnaltirish. Matematikaga qiziqishi va qobiliyati yuqori boʻlgan bolani 15-16 yoshgacha kutib oʻtirmay, maktab davridanoq aniqlashimiz va muntazam rivojlantirishimiz kerak. Buning uchun olimlar, universitet oʻqituvchilari va maktab matematika muallimlari hamkorlikda ishlashi ­zarur.

Ikkinchisi — matematika oʻqituvchisining kasbiy salohiyatini muntazam oshirish. Kuchli matematik taʼlim, avvalo, salohiyatli oʻqituvchiga bogʻliq. Shuning uchun har bir matematika oʻqituvchisi oʻz bilimini muntazam yangilab borishi, zamonaviy matematik yondashuvlar bilan tanishishi va ilmiy muhit bilan aloqasini uzmasligi kerak. Olimlar esa oʻqituvchilar bilan yaqindan ishlab, ularga zamonaviy matematika va uni oʻqitish metodikasi boʻyicha ilmiy-uslubiy yordam berishi lozim.

Uchinchisi — maktab, universitet va ilmiy institut oʻrtasida uzluksiz hamkorlikni yoʻlga qoʻyish. Iqtidorli oʻquvchi maktabni tugatgandan keyingina ilmiy muhitga kirib kelmasligi kerak. U maktab davridanoq olimlar va universitet professorlari bilan muloqot qilishi, ilmiy seminarlar va matematika toʻgarak­larida ishtirok etishi maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, universitet talabalarini ham ilmiy tadqiqotga erta jalb qilishimiz kerak. Maktab — universitet — institut zanjiri uzluksiz ishlasa, iqtidorli yoshni olim darajasiga olib chiqish jarayonini ancha samarali tashkil eta olamiz.

Toʻrtinchisi — ilmiy maktablarni davom ettirish va yangi ilmiy maktablar yaratish. Bir olimning shaxsiy ilmiy yutugʻi, albatta, muhim. Ammo matematikaning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun undan ham muhimrogʻi olim atrofida yangi avlod shogirdlarining shakllanishidir.

Shuning uchun har bir tajribali matematik oʻz ilmiy yoʻnalishi boʻyicha shogirdlar tayyorlashni oʻzining muhim vazifalaridan biri deb bilishi kerak. Bizdagi ilmiy maktablar uzluksiz avlodlar almashinuvi asosida yashashi va rivojlanishi lozim.

Beshinchisi — yosh matematiklarni xalqaro ilmiy muhitga olib kirish. Bugun matematik uchun xalqaro ilmiy muhitga chiqish imkoniyati juda keng. Yosh olimlar xorijiy olimlar bilan qoʻshma tadqiqotlar olib borishi, xalqaro konferensiya va seminarlarda qatnashishi, ilmiy hamkorlik tarmoqlariga kirishi hamda oʻz natijalarini xalqaro darajada taqdim etishi kerak. Bu yerda vazifa faqat maqola sonini koʻpaytirish emas, xalqaro matematika hamjamiyatida yangi gʻoya va yangi natija bilan ishtirok etishdir.

Oltinchisi — matematik tadqiqotlarni zamonaviy amaliy masalalar bilan bogʻlash. Matematikaning fundamental ahamiyati kamaymaydi, aksincha, uning imkoniyati yanada kengayadi. Matematika taʼlimida matematik tafakkurni shakllantirishga koʻproq eʼtibor berishimiz kerak. Oʻquvchi tayyor formulani bilishi emas, balki muammoni koʻra olishi, savol qoʻya bilishi, mantiqiy fikrlashi va yechim topishga harakat qilishi muhim.

Bugun bizda imkoniyat bor. Endi asosiy vazifa shu imkoniyatni bilimga, bilimni tadqiqotga, tadqiqotni yangi natijaga, yangi natijani esa mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan qadriyatga aylantirishdir.