Ayni mavzuda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor HASANOV bilan suhbatlashdik.

— Muzey arxivlarini ochish boʻyicha qoʻyilgan vazifalar olimlar faoliyatida va tarix haqiqatini tiklashda qanday amaliy natijalar berdi? Bu tarixiy burilishning muzey hayotidagi samaralari haqida gapirsangiz.

— 2017-yilning 31-avgust sanasi nafaqat bizning muzey, balki butun millatimiz tarixini asl holiga qaytarish yoʻlidagi tub burilish nuqtasi boʻlgan edi. Oʻsha kuni ­Prezidentimiz majmuamizga tashrif buyurib, qatagʻon qurbonlarining nomlarini tiklashimiz, ruhlarini shod qilishimiz shart deb oldimizga katta vazifalarni qoʻygani kechagidek yodimda. Bu eʼtibor muzeyimizning bugungi qiyofasida, nufuzida va ilmiy ishlarimizda katta aks sado berdi. Davlatimiz rahbari viloyatlarda ham muzeyning boʻlimlarini tashkil etish boʻyicha taklif berib, muzeylar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun muqaddas ziyoratgoh, maʼnaviyat va maʼrifat oʻchogʻi boʻlib qolishi kerakligini taʼkidladi.

2017-yil 22-noyabrda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi va muzeyimiz Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga oʻtkazilib, faoliyati yanada takomillashtirildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi 13 ta oliy taʼlim muassasasi tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etildi.

— Hozirgi kunda Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi va uning hududiy filiallari oldiga qanday vazifalar qoʻyilgan?

— Qatagʻon qurbonlari ­xotirasi muzeylari oldiga faqatgina oʻtmish ­eksponatlarini saqlash emas, ularni katta ilmiy, maʼrifiy va gʻoyaviy markazga aylantirish boʻyicha muhim vazifalar turibdi. Soʻnggi yillarda minglab yurtdoshlarimiz oqlangan boʻlsa-da, arxivlarda hali ochilmagan, oʻrganilmagan ishlar bor. Vazifamiz birorta ham begunoh qurbonning eʼtibordan chetda qolmasligini taʼminlashdir. Millat fidoyilari boʻlmish jadidlarning nafaqat siyosiy fojiasini, balki ular qoldirgan ilmiy, adabiy va maʼrifiy merosni oʻrganish va jamiyatga taqdim etish ham vazifamizga kiradi. Zamon talabidan kelib chiqib, barcha arxiv hujjatlari, suratlar va eksponatlarning yagona elektron bazasini yaratyapmiz. Bu istalgan tadqiqotchi yoki yoshlar uchun maʼlumot olish imkonini kengaytiradi.

— Tarix faqat kitoblarda yoki muzey eksponatlarida qolib ketmasligi, balki tirik xotiraga aylanishi kerak. Bu borada jadid bobolarimizning ezgu gʻoyalarini keng jamoatchilikka, ayniqsa, yosh avlod qalbiga singdirish uchun qanday tadbirlar va loyihalar amalga oshirilmoqda?

— Maqsadimiz muzeyni shunchaki oʻtmish eksponatlari saqlanadigan joy emas, balki katta maʼnaviyat va tarbiya maskaniga aylantirishdir. Shu bois, yoshlar oʻtmishni chuqur anglashi uchun muzey zallarida “Xotira darslari” va “Jadidlar izidan” ochiq muloqotlarini oʻtkazish anʼanaga aylandi. Soha mutaxassislari hududlarda yurib, qatagʻonga uchragan yurtdoshlarimizning hali tirik boʻlgan farzandlari, nabiralari bilan uchrashmoqda va ularning xotiralarini yozib olmoqda. Muzeyga kela olmayotgan fuqarolar uchun “Koʻchma muzey” loyihasini yoʻlga qoʻyganmiz. Shuningdek, jadidlar hayoti haqida hujjatli filmlar, qisqa videoroliklar, muzeyning virtual 3D sayohat dasturlari yaratildi. Bundan tashqari, oqlangan vatandoshlarimizning toʻliq tarjimayi holi jamlangan koʻp jildli “Qatagʻon qurbonlari. Xotira kitobi” nashr etilib, kutubxonalarga tarqatilmoqda.

— Nima uchun minglab begunoh vatandoshlarimiz, jadid bobolarimiz sobiq tuzum davrida ham, undan keyin ham uzoq vaqt oqlanmay, “qora roʻyxatlar”da qolib ketgan?

— Buning zamirida katta siyosiy va insoniy armonlar yotibdi. Minglab vatandoshlarimizning uzoq yillar oqlanmay qolganiga bir necha sabab bor edi. Yaʼni sobiq shoʻro hukumati oʻz davrida faqat tizimga xavf tugʻdirmaydigan odamlarnigina oqlagan, millat ozodligi, mustaqillik va dinu diyonat uchun kurashgan jadid bobolarimizni oqlashdan qoʻrqqan. Chunki ularni oqlash shoʻro tuzumi oʻz xatosi va nohaqligini tan olishini anglatardi. Qatagʻon qilinganlar ustidan oʻqilgan soxta hukmlar va tergov bayonnomalari maxsus xizmatlar arxivlarida “oʻta maxfiy” tamgʻasi ostida saqlangan. Hujjatlar yashirilgani bois, hech kim asl haqiqatni isbotlay olmagan. Oʻtmishdagi oqlash toʻlqinlari shunchaki yuzaki boʻlib, asosan, shoʻro faollari va rahbarlariga daxldor boʻlgan. Oddiy dehqonlar, hunarmandlar va mulkdorlar sifatida surgun qilingan millionlab begunoh yurtdoshlarimiz esa butunlay unutilgan.

— Bu boʻyicha nimalar qilinmoqda?

— Bugungi kunda arxivlar eshigi tarixchilar uchun toʻliq ochildi. Ilgari soxta hujjatlarda “bosmachi” yoki yana nimalardir deb qoralangan bobolarimizning aslida oʻz tuprogʻini himoya qilgan chin vatanparvarlar ekani isbotlandi. Oliy sud tomonidan mingga yaqin vatandoshimizning rasman oqlanishi nafaqat huquqiy gʻalaba, ularning avlodlari qalbidagi koʻp yillik dogʻni yuvib tashlagan tarixiy adolat tantanasi hamdir. Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan oʻsha davrda qatagʻon qilingan va baʼzi sabablarga koʻra oqlanmay qolgan yurtdoshlarimizni oqlash borasida muhim ishlar qilindi. Minglab kishilar sovet davridagi siyosiy qatagʻonlar girdobida nohaq ayblanib, surgun qilingan, otib tashlangan va uzoq yillar davomida ularning nomlarini oqlash imkoni boʻlmagan. Oliy sud tomonidan 2021-yildan shu kunga qadar jami 1381 kishining nomi oqlandi.

Biz bugun arxiv changlari orasida qolib ketgan har bir inson taqdirini tiklashni millat va insoniylik oldidagi muqaddas burchimiz deb bilamiz va bu jarayon hali toʻxtagani yoʻq, tadqiqotlarimiz izchil davom etmoqda.

— Muzey jamoasi va olimlar tomonidan arxivlardan olingan yangi tarixiy faktlar hamda tiklangan nomlar haqida ham soʻzlab bersangiz.

— Joriy yil tarixchi olimlarimiz va muzey jamoasi uchun haqiqiy kashfiyotlar yili boʻldi. Izchil ilmiy qidiruvlar natijasida ilgari hech bir roʻyxatda boʻlmagan, soxta ayblovlar bilan otib tashlangan yoki surgun qilingan mingga yaqin vatandoshimizning shaxsi va taqdiri aniqlanib, ularni rasman oqlash uchun hujjatlar Oliy sudga taqdim etildi. Mahalliy va xorijiy arxivlardan jadid bobolarimiz oʻz qoʻli bilan yozgan asl xatlari, tergov paytidagi jasoratli javoblari va ular ustidan chaquv yozgan soxta guvohliklarning asl bayonnomalari topildi. Qatagʻon qilinganlarning oila aʼzolari, “vatan xoinining oilasi” sifatida surgun qilingan ayollar va bolalarning ayanchli taqdiriga oid aniq raqamlar va hujjatlar ilk bor ilmiy muomalaga kiritildi. Toʻplangan yangi tarixiy faktlar shunchaki arxivda qolmadi, ular hududlar kesimida koʻp tomli kitoblar holiga keltirilib, taqdim etildi. Ilmiy ­xodimlarimizdan iborat maxsus guruhlar Rossiya, Qozogʻiston va Germaniya fondlariga samarali ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirdi. U yerdan yurtimizdan surgun qilingan va otib tashlangan vatandoshlarimizga oid yuzlab yangi tergov hujjatlari, shaxsiy xatlar va “oʻta maxfiy” tamgʻali bayonnomalar nusxalari olib kelindi. Muzey ilmiy xodimlari tomonidan oʻzbek, rus, ingliz va nemis tillarida oʻnga yaqin kitob va monografiya, yuzga yaqin ilmiy maqola va tezis chop etildi. Bu ishlar qatagʻon qilinganlar tarixini chuqur va har tomonlama oʻrganishga xizmat qilmoqda.

2026-yilda “Tarixning nomaʼlum sahifalari” toʻplamining 13-kitobi kamina muharrirligi ostida nashrdan chiqarildi. Unda tariximizning hali toʻliq oʻrganilmagan, ilmiy jihatdan muhim boʻlgan sahifalari yoritilgan.

— Sunʼiy intellekt, raqamli avatarlar va interaktiv xaritalarning muzey ekspozitsiyasiga kirib kelishi tarixni jonlantirishda qanday oʻzgarish yasamoqda?

— Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyining ekspozitsiyasi “Yangi Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans asoslari” konsepsiyasi asosida tubdan yangilandi. Zamonaviy infokiosklar, multimedia monitorlari, interaktiv ekranlar va raqamli texnologiyalar joriy etildi. Tarixiy hujjatlar, fotosuratlar va muzey ashyolari zamonaviy ekspozitsiya yechimlari bilan uygʻunlashtirildi.

Ekspozitsiyada tarixiy manba, badiiy obraz va raqamli texnologiya bir butun tizimga aylandi.

Bu esa tashrif buyuruvchilarga tarixiy voqealarni shunchaki kuzatish emas, balki ularni chuqurroq his qilish va anglash imkonini bermoqda. Ekspozitsiyada sunʼiy intellekt, raqamli avatarlar, interaktiv xaritalar va multimedia kontentidan foydalanilishi tarixiy voqealar va shaxslar haqidagi maʼlumotlarni yangi, taʼsirchan shaklda qabul qilish imkonini yaratmoqda.

— Sunʼiy intellekt va raqamlashtirishning keng tus olishi insonning jonli mulohazasini soʻndirib, tarixiy haqiqatning asl mohiyatini susaytirib qoʻymaydimi? Nima deb oʻylaysiz?

— Bu masala dunyo muzeyshunosligidagi eng dolzarb bahslardan biri. Biroq tajriba koʻrsatmoqdaki, toʻgʻri foydalanilsa, texnologiya tarixiy haqiqatni oʻchirib yubormaydi. Biz muzey ekspozitsiyalarida multimedia yoki 3D texnologiyalardan foydalanganimizda, ularning zamirida faqat haqqoniy arxiv hujjatlari turadi. Masalan, sensorli ekranga jadid bobolarimiz surati yoki tergov bayonnomasi joylashtiriladi. Texnologiya hujjatni toʻqib chiqarmaydi, balki yillar davomida chang bosib yotgan qogʻozni yoshlar tushunadigan zamonaviy tilga oʻgirib beradi.

Muzeyshunoslikda har qanday zamonaviy texnologiya asosida ishonchli tarixiy manba, arxiv hujjati va ilmiy tadqiqot turishi kerak.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi.