Insoniyat oʻz orzu-umidlari, quvonchu tashvishlari, hayot falsafasi va ezgulikka boʻlgan ishonchini asrlar davomida xalq ogʻzaki ijodi namunalarida aks ettirib kelgan. Shu bois, dostonlarning sehrli satrlarida, allalarning mayin ohangida butun bir millatning yuragi urib turadi.

Shiddatli oʻzgarishlar va globallashuv davrida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda insonni inson qilib turuvchi asl fazilatlarni saqlab qolishda folklorning oʻrni beqiyos. Zero, oʻz ildizidan oziqlanmagan daraxt koʻkarmaganidek, tarixiy xotirasi va milliy merosidan uzilgan xalqning ham poydevori mustahkam boʻlmaydi. Bugungi kunda ushbu boy merosni nafaqat saqlab qolish, balki uning zamiridagi hikmatlarni zamonaviy hayotimizga uygʻunlashtirish har qachongidan-da dolzarb.

Biz ayni shu mavzularda — milliy merosimizning hayotimizdagi oʻrni, uning zamonaviy talqini, kelajak avlod tarbiyasidagi ahamiyati hamda oʻzbek folklorshunosligi oldida turgan muhim vazifalar xususida taniqli folklorshunos olim, professor Shomirza TURDIMOV bilan suhbatlashdik.

— Mamlakatimizda madaniyat va sanʼatni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bugungi kunda folklorshunoslik sohasi oldida ham muhim vazifalar bor. Bilamiz, bu borada salmoqli loyihalar amalga oshirilmoqda. Avvalo, shular haqida gaplashsak.

— Folklor yoʻnalishi faqat oʻtmishga tegishli meros emas, u bugungi jamiyatni maʼnaviy jihatdan mustahkamlaydigan, kelajakka yoʻl koʻrsatadigan muhim manba hamdir. Uni oʻrganish, asrash va zamonaviy shakllarda targʻib qilish esa nafaqat olimlar, shu bilan birga, butun jamiyat oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi. Zero, millat oʻz ildizlarini unutmasagina uning kelajagi mustahkam boʻladi.

Mazkur yoʻnalishda qabul qilingan qator farmon va qarorlar sohani tizimli ravishda rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 28-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida folklor merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Shu asosda hududlarda madaniyat markazlarining faoliyati kengaytirilib, baxshichilik, dostonchilik va xalq ijrochiligi anʼanalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq dasturlar amalga oshirildi. Xalq ogʻzaki ijodi namunalarini hududma-hudud yurib, ekspeditsiyalar orqali aniq va mukammal holda yozib olish, yigʻilgan doston, ertak, qoʻshiq va maqollarni zamonaviy ilmiy talablar asosida toʻplamlar holida nashr qilish, ularning tarixiy taraqqiyoti, ­poetikasi hamda gʻoyaviy-badiiy xususiyatlarini chuqur oʻrganish asosiy vazifalar qilib belgilandi. Anʼanaviy folklorning unutilib borayotgan koʻhna unsurlari va nodir ijro yoʻllarini qayta tiklash, shuning­dek, ogʻzaki ijod arxivini elektron bazaga oʻtkazish orqali kelajak avlod va tadqiqotchilar uchun qulay sharoit yaratish shular jumlasidan.

Amaliy natijalarga nazar tashlasak, soʻnggi yillarda ilmiy-folklor ekspeditsiyalari orqali koʻplab xalq ogʻzaki ijodi namunalari yigʻildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari hududlarida oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasida oʻnlab yangi dostonlar, qoʻshiqlar va rivoyatlar kitob, audio va video shakllarda nashr etildi.

Ularni xalqaro miqyosda targʻib etish borasida ham aniq qadamlar tashlandi. Jumladan, 2019-yilda Termiz shahrida oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati fes­tivalida 70 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etdi. Shu festival orqali oʻzbek baxshichilik sanʼati jahon hamjamiyatiga keng namoyish qilinib, uning nufuzi yanada oshdi. Bu esa milliy merosimizni saqlash va kelajak avlodga yetkazishda mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. Zero, millat oʻz ildizlarini unutmasa, uning kelajagi ham mustahkam boʻladi.

— Baxshi-shoir Ergash Jumanbulbul avlodi vakili sifatida ilmiy faoliyatingizda “Goʻroʻgʻli” turkumidagi dostonlar alohida oʻrin tutadi. Ushbu asardagi obrazlar va syujetlar bugungi inson tafakkuri hamda maʼnaviy dunyosiga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkin?

— Baxshilar yurtida tugʻilganman. Otam Ergash Jumanbulbulning nevarasi boʻlgan. Mening folklorshunos boʻlishim, shu yoʻlda oʻqib-oʻrganishim va ilmiy izlanishlar olib borishim tabiiy hol edi. Folklor har bir odamning qonida bor va har qanday tilning ibtidosida ulkan bilimlarga daxldor tushunchalar mavjud. Shunday ekan, folklor bizga oʻzimizni, oʻzligimizni anglashga yordam berishi bilan ham benihoya qimmatli.

Bu borada faxrlanishga haqli xalqmiz, chunki biz “Alpomish” va “Goʻroʻgʻli” kabi mumtoz eposlarning merosxoʻrimiz. Ustoz Hodi Zarifning “Haqiqatim xalq ichida”, degan iqrori bejiz emas. Aslida, saltanat tuzuvchi va uni yurituvchi Goʻroʻgʻlidek alp­lar bagʻrikenglik siyosatini olib borgan tolerant shaxslardir. Ular oʻzlari mansub boʻlgan “lokomotiv” millat atrofiga koʻp­lab el-elatlarni birlashtirib, ularning birdek kamol topishi uchun shart-sharoit yaratgan. Goʻroʻgʻlining buyukligi va suyukligi shundaki, u kechirimli boʻlgan. Bu inson ichki olamining naqadar goʻzalligidan va yuksak maʼnaviyatidan darak beradi. “Alpomish” va “Goʻroʻgʻli” asarlari kishilarga hayotda ezgulik, fazilat va hikmat qidirib yashash eng oliy saodat ekanini, biroq bu saodat hammaga ham nasib etavermasligini anglatadi.

Aslida, ezgulik, yaxshilik fazilati qumdagi oltin zarrasiga oʻxshaydi. Zarrani qumdan ajratib olish uchun qanchalar zahmat chekish kerak. “Bu qum-ku” deb qoʻl siltab ketishdan osoni yoʻq. Komillik yoʻlidagi odam goʻyoki oltin ajratuvchidir. Ushbu dostonlardagi obrazlar va syujetlar Vatan taqdiri, shaʼni va shavkati bilan nafas oluvchi er oʻgʻlonlar borligini, ular bor ekan, bu saltanat hech qachon zavol topmasligini anglatadi.

Asar qahramoni Goʻroʻgʻli ana shunday er oʻgʻlon edi. Uning oʻyi, soʻzi va amali bir-­biri bilan bogʻliq boʻlgan. Oʻylaganing hayo­tingga, aytganing va qilgan amaling esa taqdiringga aylanadi. Epos — xalqning badiiy taqdirnomasi. Eposning sabogʻi juda koʻp. Uni oʻqib, uqib, oʻtmish, bugun va kelajakning mohiyatini tushunib borasiz.

“Goʻroʻgʻli” va “Alpomish” turkumidagi dostonlar xalq hayoti va turmushini, uning orzu-umidlari hamda yuksak maqsadlarini, maʼnaviy-estetik olamini keng miqyosda badiiy aks ettiruvchi asar sifatida bebaho meros sanaladi. Uni mutolaa qilgan sari insonning tafakkuri teranlashib, maʼnaviy olami tozarib boraveradi.

— Bugun raqamli platformalar folklorni keng auditoriyaga yetkazishda muhim vositaga aylanmoqda. Sizning bu boradagi qarashlaringiz qanday? Oʻzbek folklorini xalqaro miqyosda targʻib qilish uchun qaysi yoʻnalishlarga ustuvor ahamiyat berish zarur deb oʻylaysiz?

— Toʻgʻri, bugungi kunda hamma narsa kompyuterlashtirilyapti, raqamlashtiril­yapti. Lekin bu jarayon faqat kompyuterning vazifasi boʻlib qolishi kerak emas. Chunki kompyuter ham baribir sunʼiy intellekt. Folklor insonning kamolotiga xizmat qiladi, shu bois, uning asosida inson qalbi turishi kerak. Hazrat Rumiyning “Koʻngildan koʻngilga darcha bor” degan hikmatli soʻzi bejiz aytilmagan. Chindan ham koʻngildan koʻngilga yoʻl bekordan bekor ochilmaydi. Folklorning muhim jihati shuki, u butun adabiyotning, sanʼatning tili boʻlgan inson koʻnglidir. Yaʼni bu yerda bevosita koʻngil haqida gap ketyapti.

Masalan, ertaklar va har qanday mifologik asarlarni olib qaraydigan boʻlsak, barchasining asosida koʻngil turadi. Chunki soʻzning qadri shundaki, u shunchaki fikrni yetkazadigan vosita emas, avvalo, odamning koʻnglini ifoda etadigan vosita boʻlishi kerak. Aynan shu yerda folklorning oʻrni juda muhim.

Oʻzbek folklorini xalqaro miqyosda targʻib qilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish, akademik tarjimalar va xalqaro festivallarni tashkil etishga ustuvor ahamiyat berish zarur. Bu jarayonda zamonaviy media imkoniyatlari va ilmiy hamkorlik hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Raqamlashtirish jarayonlari esa sohaning yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qilsin. Bugungi kunda ilmiy muassasalar va arxivlarda saqlanayotgan qoʻlyozma, audio va videomateriallar bosqichma-bosqich elektron formatga oʻtkazilib, maʼlumotlar bazalari yaratilmoqda. Buning natijasida minglab manbalar tadqiqotchilar va keng jamoatchilik uchun ochiq boʻlib bormoqda.

— Folklorni zamonaviy platformalar formatiga solib taqdim etish asarning mazmun-mohiyati va badiiy qimmatiga taʼsir qilmaydimi?

— Folklorning folklorligi shundaki, u faqat bir zamon bilan bogʻlanib qolmagan. Masalan, “Alpomish” yoki “Goʻroʻgʻli”ni olaylik. Ularda kuylangan holatlar oʻtgan asrlarga taalluqli boʻlishi mumkin. Lekin asrdan asrga, odamdan odamga oʻtadigan bir ruh bor. Insonni inson qilib turadigan fazilatlarning barchasi oʻsha mohiyatda mujassam. Yana bir muhim jihati shundaki, unda odamning odamiyligi kuylanadi va u aynan shunisi bilan ajralib turadi, shunisi bilan ahamiyatli. Shuning uchun ham folklor hech qachon qarimaydi, eskirmaydi, yoʻqolmaydi. Uning qonun-qoidalari oʻzgarmaydi, oʻlchamlari esa bilimga bogʻlanadi. Asarlarning ayni mohiyati ham shunda.

Agar zamonaviy platformalar folk­lorning aynan oʻzini oʻzlashtirib olsa va u oʻsha oʻzanda oqsa, hech qachon adashmaydi. Ammo “uni yangilayman, oʻzgartirish kiritaman”, desa, albatta, bu sohaning asl mohiyati oʻzgarib ketadi. Shuning uchun ham zamonaviy platformalar folklorning mohiyatiga, ildiziga, asliga oʻzgartirish kiritmasligi va unga tegmasligi kerak.

— Bugungi kunda baxshichilik sohasida kuzatilayotgan oʻzgarishlar haqida nima deya olasiz? Anʼana va zamonaviylik oʻrtasidagi muvozanatni saqlashning qanday samarali yoʻllari bor?

— Oʻzbek milliy baxshichilik va dos­tonchilik sanʼatining noyob namunalarini asrash, rivojlantirish, targʻib qilish, yoshlar qalbida ushbu sanʼat turiga nisbatan hurmat va eʼtibor tuygʻularini kuchaytirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy-maʼnaviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirish maqsadida 2019-yildan buyon Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oʻtkazilib kelinmoqda.

Festival ilk marotaba 2019-yilda Surxondaryo viloyatida, 2021-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida, 2023-yilda Sirdaryo viloyatida, 2025-yilda esa Xorazmning Xiva shahrida oʻtkazildi. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 14-maydagi “Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim hujjat boʻldi. Ushbu noyob sanʼat turini asrab-avaylash va rivojlantirish boʻyicha yurtimizda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlanganini, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmualari bunyod etilganini, davlatimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni taʼsis qilinganini alohida qayd etib oʻtish lozim.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda baxshichilik sohasiga berilayotgan eʼtibor tufayli bu sanʼat turi yanada yuksaldi. Baxshichilik boʻyicha turli festival va tanlovlar tashkil qilindi va ularda yosh yigitlar, hattoki qizlar ham doʻmbira chertib, doston va termalarni baralla kuylamoqda. Albatta, mamlakatimizda milliylikni teran anglash va yoshlarda milliy qadriyatlar bilan faxrlanish tuygʻularini mustahkamlash gʻoyasining ilgari surilayotgani tahsinga sazovor.

Aytish mumkinki, bu yangilanishlarning yaxshi tomonlari bilan birga ayni paytda sohaga boshqacha koʻz bilan qaraydigan odamlar ham paydo boʻlib qoldi. Baxshichilik xalq sanʼati boʻlsa-da, u aslo joʻn emas. Sodda boʻlishi mumkin, lekin hech qachon joʻn boʻlmaydi. Bugun baʼzi bir baxshilarning yaratayotgan termalarini yozma ravishda oʻqib koʻrsangiz, ularning aksariyat qismi badiiy jihatdan juda boʻsh ekanini koʻrishingiz mumkin.

Baxshichilik bu — quruq soʻzlarni qofiya qilib, doʻmbira chertib kuylash emas. Shu jihatga jiddiy eʼtibor qaratish zarur. Unday ijrochilar baxshilik sanʼatining darajasini pasaytirib qoʻymoqda. Toʻgʻri, “sen falon narsani yaratma”, “piston narsani yaratma” yoki “sen bunday yaratyapsan”, deb ularni taʼqib qilish kerak emas. Lekin bu sanʼatning asl qadri va qimmatini bilib munosabatda boʻlish shartligini unutmaslik lozim. Shuning uchun men bu sanʼat turini suiisteʼmol qilishlariga qarshiman. Chunki oʻzim shu sohaning necha yillik fidoyisi va izlanuvchisiman.

— Xalqaro maydonda oʻzbek folk­lorini keng targʻib qilish uchun qaysi yoʻnalishlarga koʻproq eʼtibor qaratish lozim deb oʻylaysiz?

— Oʻzbek folklorini xalqaro miqyosda targʻib qilish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanish, akademik tarjimalarni koʻpaytirish, xalqaro festival va media loyihalarni yanada rivojlantirishga ahamiyat berish ayni muddao. Bunda zamonaviy yondashuv va milliy anʼanalarning uygʻunlashishi muhim rol oʻynaydi. Video va animatsiyalar yaratish orqali doston va ertaklarni chet tillarda taqdim etish, internet hamda ijtimoiy tarmoqlarda maxsus kontentlar tarqatish kerak.

Shuningdek, virtual muzeylar, inter­aktiv portallarni tashkil etish, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini yuqori saviyada boshqa tillarga tarjima qilish hamda ilmiy izohlar va lugʻatlar bilan chet ellik tadqiqotchilar uchun kitoblar chop etish zarur. Xalqaro miqyosda keng targʻib qilish maqsadida “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari”ning 100 jildlik kitobi nashri yoʻlga qoʻyildi. Hozirga qadar uning oltmish jildini nashrdan chiqardik va bu ishlar tizimli ravishda davom etmoqda.

Xudo xohlasa, 2030-yilgacha yuz jildlik kitoblarni nashr etish yakuniga yetadi. Bu shuni anglatadiki, bizning folklorimizda saqlanayotgan oʻzbek xalq ijodi, xalq dostonlari, ertaklari, qoʻshiqlari, afsona-rivoyatlari  asosiy boylik sifatida chop etiladi va nazmning eng mumtoz namunalari xalqqa yetkaziladi. Aslida, bu reja oʻzbek folk­lorshunosligi asoschilaridan Hodi Zarifning, shuningdek, akademiklar Aziz Qayumov, Toʻra Mirzayev kabi butun folklorshunoslarimizning orzusi edi. Bungacha 37 tomlik “Oʻzbek xalq ijodi” saralangan namunalari chop etilgandi, lekin ushbu 100 jildlik toʻp­lam xalqimizning boy xazinasini butun jahonga tanitish loyihasi hisoblanadi.

Tasavvur qiling, har biri qirq-ellik bosma taboqdan iborat boʻlgan jildlar tizilib turibdi. Ular faqat koʻrar koʻzni quv­natishi emas, balki dunyodagi har bir oʻquvchining sevimli kitobiga aylanishi kerak. Biz bu tomliklarni nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda mashhur qilishimiz lozim. Buning uchun ularni turli tillarga tarjima qilish, targʻib etish va oʻquvchilarga yetkazib berish kerak.

Agar targʻibot va tashviqot ishlarini samarali olib bormasak, ularni oʻzimizdan boshqa hech kim bilmaydi. Bu faqat kitob­larni tarjima qilishdangina iborat emas. Ularni qaytadan, yangi koʻrinishdagi filmlar sifatida ham ishlash kerak. Bu esa bizning folklorimizda saqlanayotgan oʻzbek xalq ijodi, xalq dostonlari, ertaklari, qoʻshiqlari, afsona va rivoyatlarimizning asosiy boylik sifatida chop etilishini hamda nazmimizning eng mumtoz namunalari xalqqa yetkazilishini bildiradi.

— Shu oʻrinda sohada eʼtibor talab qiladigan jihatlar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz?

— Bilasizmi, aslida, yutugʻimiz ham, kamchiligimiz ham oʻzimizniki. Yutuqlarimizdan xursand boʻlsak, kamchiliklarimizdan afsus chekamiz. Folklor sohasida ham ilmiy tadqiqotlarni tizimli olib borish, asarlarni toʻplash, nashr etish va targʻib qilishda ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Xususan, malakali mutaxassislarning yetishmasligi, zamonaviy arxiv bazalarining toʻliq emasligi soha rivojiga birmuncha toʻsqinlik qilmoqda.

Baʼzan nodir doston va xalq qoʻshiqlarini kitob holida chiqarish ishlari sekin bormoqda, folklorshunos olimlar va yosh kadrlar yetarli emas. Qoʻlyozmalar va audio arxivlarni yagona elektron bazaga oʻtkazish ishlari ham toʻliq yakunlanmagan.

Shu oʻrinda mutaxassis sifatida gazeta sahifalari orqali yana bir gapni aytishni joiz deb bildim: yoshlar orasida xalq ogʻzaki ijodini keng targʻib qilish dasturlarini yanada kuchaytirish lozim. Chunki kelajak avlodning oʻzligini butun olamga namoyon etishida unga quvvat beruvchi asosiy manbalardan biri — xalq ijodi va folklorning kuchidir. Folklor xalqqa nafaqat maʼnaviy quvvat beradi, balki uning jismonan qayta tiklanishiga ham asos boʻluvchi omillardan biri sifatida xizmat qiladi.

Inson imkoniyatida yaratuvchanlik kuchi pinhon turadi, bu zaxirani xalqning allasidagi ohang, ertagu dostonlaridagi bilim, oʻyinu raqslaridagi harakat uygʻotadi. Xalq hech qachon toshdek qotib qolmaydi. Oqqan daryo yana oʻzanini yangilab, qayta oqaveradi. Folklor aynan shu kuchni harakatga keltiruvchi manba hisoblanadi. Har bir kishi oʻzligini anglashi, qadriyatlarini qadrlashi uchun ham folklor janrlari haqida tushuncha va bilimga ega boʻlishi shart deb oʻylayman.

— Samimiy suhbat uchun tashakkur!

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi.