2020 yil 25 yanvar. Bu hozir qoʻlingizda sizga mutolaa zavqini ulashib turgan “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi dunyo yuzini koʻrgan kun. Oʻzining ilk sonidan boshlab oʻzbek matbuotining yangi qiyofasi, nafasi, milliy gazetachilikning yangi yuzi maqomida maydonga chiqqan nashr, mana, olti yarim yildirki, oʻz maqsadi yoʻlida sobit. Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekistonni xalqimiz bilan birga quramiz” degan ezgu gʻoyasiga hamohang tashkil etilgan va uning roʻyobi yoʻlida baholi qudrat xizmat qilib kelayotgan gazetamizni 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida “gapirtirish”ga jazm etdik.

Mafkuraviy vosita va tahririyat missiyasi

— Suhbatimizni bugun davriy matbuot, yaʼni bosma nashrlarning jamiyatda tutgan oʻrni, ahamiyati va mohiyati haqidagi mulohazalar bilan boshlasak, mantiqan toʻgʻri boʻlsa kerak?

— Davlatimiz rahbari prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk damlardan bosh­lab to shu kungacha oʻz nutqlarida jurnalistlar haqida koʻp toʻxtaladi. Viloyatlar boʻylab amaliy safarlarida ham qalam ahli bilan muntazam muloqot uyushtiradi. Oʻzbekistonda barcha siyosiy huquqlar qatorida vijdon va eʼtiqod erkinligi kafolatlari soʻzsiz taʼminlanishi, soʻz va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga boʻlgan huquqlarini kafolatlash mavzusiga alohida murojaat qiladi.

Bugun mamlakat yetakchisining bir soniya ham ortga chekinmay, qiyinchiliklarni mardonavor yengib, ichki imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aql-zakovat bilan xalqimizni dadil olgʻa boshlab borayotganini butun dunyo tan olmoqda. Bunday xalqchil siyosatni muvaffaqiyatli amalga oshirishda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining mafkuraviy vosita sifatidagi oʻrni beqiyos.

Mulohazalar avvalida bu fikrlarni bejiz keltirmadik. Zero, jurnalistlarning asosiy vazifasi aholiga axborot yetkazish, maʼlumotlarni ochiqlashdan iborat. Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari erkin ekani qonunchilikda mustahkamlab qoʻ­yilgan. Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, OAVda chiqish, oʻz fikri va eʼtiqodini oshkora bayon etish huquqiga ega. Davlat matbuotning faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi.

Yangi Oʻzbekistonda yetilgan sharoit matbuot hamda jarayonlarni bor boʻy-basti bilan namoyon qiluvchi jurnalistlar oldiga ulkan vazifalar qoʻyadi. Bu — bunyodkor xalqimiz hamjihatlikda yaratayotgan yangi tarixiy davr mohiyatini toʻliq ochib berish, jahon hamjamiyatiga uni boricha koʻrsatish. Milliy matbuot dargʻalari va ustozlarimiz ushbu maqsad va vazifalar ijrosi yoʻlida “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi yetakchi pozi­siyada ekanini eʼtirof etishiga koʻp bor guvoh boʻlyapmiz. Demak, tahririyat oʻz missiyasini sidqidildan ado etishga astoydil bel bogʻlagan, deyishga barcha asoslar yetarli.

Ezgu gʻoya atrofida birlashib

— Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida gazetaning axborot tarqatish, voqelikni tahlil qilish jarayoniga qoʻshilishi qanday kechdi?

— Vazirlar Mahkamasi muassisligida tashkil etilgan, Oʻzbekistondagi eng yosh ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishdagi milliy gazeta ilk sonining birinchi sahifasida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi chop etilgan edi. Shundan ham anglash mumkinki, bu nashr istiqbolini belgilab bergan dasturulamal boʻldi. Zero, Murojaatnomada uzoq yillik rivojlanish va islohotlar konsepsiyasi bayon qilingan edi.

Gazetaning tashkil etilishini mamlakatdagi keng koʻlamli islohotlar, ochiqlik siyosati va axborot maydonida yangi yondashuvlarga boʻlgan ehtiyoj bilan bogʻlash mumkin. Shu maqsadda avvaldan faoliyat yuritib kelgan “Pravda Vostoka” gazetasi tahririyati bilan birlashgan holda yagona tahririy tizim shakllantirildi. Bugun u “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati” DM shaklida islohotlarimiz jarchisiga aylangan.

Gazeta oldida mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni keng yoritish, davlat siyosati va uning natijalarini aholiga tushunarli tarzda yetkazish, jamiyatdagi muhim muammolarni koʻtarish va muhokama maydonini yaratish kabi qator maqsadlar bor. Nashr nafaqat rasmiy axborot tarqatish, balki tahliliy jurnalistikani rivojlantirishni ham oʻziga vazifa qilib qoʻygan.

Gazetaning konsepsiyasi “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi bilan uzviy bogʻlangan. Bu gʻoya mamlakatning yangi taraqqiyot bosqichi, demokratik islohotlar va inson qadrini yuksaltirish tamoyillarini aks ettiradi. Shu maʼnoda, bugun davlat boshqaruvi, iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlik va investitsiyalar, taʼlim va ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat, yoshlar siyosati, xal­qaro munosabatlar, ekologiya, hududlardagi ijtimoiy turmush kabi mavzular sahifalar mundarijasini tashkil qiladi.

Bugun “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati” DM tarkibida davlat mukofoti bilan taqdirlangan oʻndan ortiq ijodkor, xususan, 3 nafar Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindorlari, turli nufuzli koʻrik-tanlovlar gʻoliblari, Jurnalistlar hamda Yozuvchilar uyushmalari aʼzolaridan iborat jamoa bir oila boʻlib, yagona maqsad yoʻlida mehnat qilmoqda.

Tahririyatda “ustoz-shogird” anʼanasi yuqori darajada yoʻlga qoʻyilgan. Yosh, umidli jurnalistlar katta hayot va ijod tajribasiga ega ustozlar tutumidan saboq oladi. Shuningdek, har yili mamlakatimizdagi qator oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan yuzlab talabalar — boʻlajak hamkasblarimiz gazeta huzuridagi mahorat maktabida amaliyot oʻtab, oʻz iqtidorlarini charxlab boradi.

Bundan tashqari, jamoa aʼzolari ijoddan tashqari boʻsh paytida sport musobaqalari, ichki turizm, madaniy tadbirlarda ham faollik koʻrsatadi. Ayniqsa, tahririyat jurnalistlari bugun sportning muntazamlik kasb etgan futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlarida har qanday raqibni bemalol bahsga chorlaydigan tayyorgarlikka ega.

Gapning indallosini aytganda, oldinni koʻra biluvchi Bosh muharrir va kuyinchak oʻrinbosarlar, ularga yelkadosh boʻlayotgan boʻlim mudirlari, zukko adabiy kotib, tezkor katta muxbir va muxbirlar, viloyatlardagi muxbirlik punktlaridagi fidoyi hamkasblar, hush­yor veb-sayt muharrirlari, gazeta chop etilmasdan avval uni tasavvurida shakllantirib oladigan masʼul kotib va sahifalovchi-dizaynerlar, koʻz nurini toʻkayotgan musahhihlar, nigohi tiyrak fotomuxbir va videooperatorlar, hozirjavob hisobxona, jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xodimlari, mehnat muhofazasiga masʼullar, ishga doim shay haydovchi va maʼmurlarni Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekistonni xalqimiz bilan birga quramiz” degan ezgu gʻoyasi birlashtirib turibdi.

Matbuot — fikrlar tilmochi

— Hozir zamon shiddati baland. Voqealar rivojini nazorat qilishni qoʻya turaylik, hatto islohotlar jarayonini peshma-pesh kuzatib, munosabat bildirib borishga ulgurishning oʻzi oson boʻlmay qoldi. Ammo faxr bilan aytish mumkinki, milliy matbuotimizga tamal toshi qoʻyilgan yuz yillar narisidan to bugunga qadar qalam ahli — jurnalistlar oʻz zimmalaridagi ­masʼuliyatga vijdonan yondashib keladilar. Xuddi shoir, yozuvchi, sanʼatkorlar kabi xalqimiz suyub ­ardoqlaydigan, odamlar tanib, bir ogʻiz suhbatini olishga mushtoq adolatparvar va oʻz ishining mohir ustasi sanaladigan ustozlarimiz boʻlgan va hozir ham bor.

— Ha, oʻsha oʻtgan asrning dolgʻali kezlarida ham davr, siyosat, tuzum qanday ekanidan qatʼi nazar, yurt ravnaqi, xalq manfaati yoʻlida faoliyat yuritgan fidoyi jurnalistlar milliy matbuotimizni yuqori pogʻonalarga koʻtarishga xizmat qilgan. Aslida, bu fazilat qalam ahlining yangi-yangi avlodi uchun jadid bobolarimizdan meros.

“Haqiqiy ijod jonfidolikni talab etadi” va bu qarash zamonaviy oʻzbek milliy matbuoti tarixiga oʻtgan asrning boshi, yaʼni 1906-yilning 27-iyunida poydevor qoʻyilgandan beri ramziy shior sifatida amal qilib keladi. Oʻsha sanada “Taraqqiy” gazetasi nashr qilingan. “Matbuot fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yoʻlida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vij­doniga tutilgan koʻzgu boʻlmogʻi lozim”. Milliy matbuotimizning tamal toshini qoʻygan jadid bobolarimizning ushbu fikrlari hozirgi kunimiz uchun ham gʻoyat muhim ahamiyatga ega.

Matbaa nashrlar bir necha oʻn yillar davomida tarixan oʻz zimmasiga yuklatilgan muhim vazifani ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va ilmiy hayotga oid dolzarb axborotni hozirjavoblik bilan turli publitsistik shakl (janr)larda ommaga yetkazib, shu yoʻl bilan oʻz oʻquvchilarida hayot voqeliklariga nisbatan muayyan munosabat va tasavvur paydo boʻlishiga, siyosiy, iqtisodiy, axloqiy gʻoya va eʼtiqodlar shakllanishiga taʼsir koʻrsata borib, jamoatchilik fikrining mahsuli va ifodachisi boʻlib keldi. Nafaqat axborot vositasi, balki muayyan davrning voqea-hodisalari, yangiliklarini, rivoj­lanish silsilasini oʻz sahifalarida muhrlaydigan eng muhim tarixiy manba vazifasini ham oʻtadi.

Masalan, bugun “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 1725-soni dunyo yuzini koʻrdi. Bu nima degani? Bu shuni anglatadiki, oʻtgan olti yarim yil davomida 6 sahifa, zarurat boʻlganida esa 8 sahifada chop etib kelinayotgan kundalik gazeta oʻzida butun boshli yangi davr — Yangi Oʻzbekis­ton solnomasini jamlamoqda. Mening sahifalarimdan joy olgan va olayotgan tahlil, taklif, tashabbus va ilgʻor ­gʻoyalarga yoʻgʻrilgan maqolalar ushbu solnomani shakllantiryapti. Gazeta taxlami esa har kuni yangi sahifalar bilan qalinlashib boryapti.

Mualliflarimiz safi asosan tahririyat ijodkorlaridan tashqari ziyolilar, sohalarning ilgʻor mutaxassislari, deputat va senatorlar, vazirlar va hokimlar, xalqimizning yetuk vakillaridan tarkib topgan. Yaʼni ular barcha jarayonlarning ichidagi insonlardir.

Zamon talabiga mos

— Zamon va taraqqiyot bir joyda turib qolmaydi. Bugun davr zayliga koʻra mediakonvergensiya atamasi va tushunchasi matbuot olamiga shiddat bilan kirib keldi va oʻzining mustahkam oʻrnini topdi. Shunday emasmi?

— Bugunning jurnalisti soʻzi oʻtkirligi barobarida professionallik malakasini, tajribasini oshirib borishi shart. Zero, endi faqat matn bilan oʻquvchi qalbini zabt etib boʻlmaydi. Foto, video, audio imkoniyatlaridan foydalanish, qisqa aytganda, mediakonvergensiyani qoʻllash talab etiladi.

Savolda yangragan fikrlarni dalillash, isbotlash uchun ortiqcha urinishning hojati yoʻq, hammasi kundek ravshan. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi chop etila boshlagan dastlabki kunlardanoq bu masala bir zum boʻlsin eʼtibordan qochirilgan emas. Bugun gazeta qancha vaqtdan beri chiqayotgan boʻlsa, uning elektron shakli, yaʼni yuz.uz sayti, telegram kanali, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ham shuncha muddatdan beri mushtariylar uchun xizmat qilib kelyapti. Yurtimiz va dunyo sahnida har kuni yuzlab, balki minglab voqealar, yangiliklar yuz beradi. Gazeta imkoniyati cheklangan, yaʼni ularning barini 6 yoki 8 sahifaga sigʻdirib boʻlmaydi.

Shunday paytda sayt va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz masalaga yechim boʻladi. Masalan, ayni paytda bir haftada oʻrta hisobda 600 taga yaqin axborot, xabar va videomaterial joylanadi. May oyi­ning statistikasiga tayanib ayt­sak, yuz.uz saytiga shu vaqt mobaynida 500 mingga yaqin foydalanuvchi tashrif buyurgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga murojaat qilganlar soni esa bundan ham koʻp. Quvonarlisi, bosma va elektron nashrlarimizga qiziqish mamlakatimiz tashqarisida ham katta. Dunyoning oʻnlab davlatlarida mushtariy va kuzatuvchilarimiz bor. Bu jahon hamjamiyati Oʻzbekistondagi yangilanish va oʻzgarishlarga katta xayrixohlik bilan nazar solib turibdi deganidir.

Erishilganidan erishilmagan natijalarimiz koʻp

— Katta ustozlarimizning bir oʻgitini koʻp eshitamiz va baʼzan tafakkur etishga ojizlik qilamiz. Ular aytadiki, “Jurnalistika — ijodiy jarayon maydoni, jurnalist — ijodkor shaxs. Qachon va qayerda boʻlmasin, matbuot azaldan muayyan qarama-qarshiliklar olamida yashagan, faoliyat yuritgan. Ana shunday eng murakkab sharoitlarda ham jurnalistikani va jurnalistni ijodiy mahorat qutqargan. Xaloskor kuch — ijodiy mahoratda! Soʻzdan qudratli kuch yoʻq”.

— Kasb bayrami arafasida jamiyatda ommaviy axborot vositalarining oʻrni, soʻzning qudrati haqida qancha gapirsak yarashadi. Atoqli adib Xurshid Doʻstmuhammad matbuot mavzusiga bagʻishlab eʼlon qilgan maqolasida “Yangi Oʻzbekis­tonimizda shakllanayotgan, toblanayotgan yangi jurnalistika, yangi matbuot va yangi jurnalistlar avlodi hayot va zamon koʻndalang qoʻyayotgan har qanday muammoning oqilona yechimini topa oladilar deb ishonamiz. Zero, matbuot va jurnalistika — matonatlilar, topqirlar, zukkolar maydoni!”, deb yozgan edi.

Bugun global dunyodagi munosabatlar, muloqotlar, kelishuvlar birgina axborot, soʻz qudrati bilan yechim topayotgani sir emas. Xoʻsh, bugun yangi Oʻzbekistonimizda shakllanayotgan, toblanayotgan yangi jurnalistika, yangi matbuot va yangi jurnalistlar avlodi jamiyat koʻndalang qoʻyayotgan ­muammolarning oqilona yechimini topishda qanday faoliyat yurityapti?

Bu masalaga davlatimiz rahbarining oʻtgan yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida soha vakillariga yoʻllagan tabrigidan olingan quyi­dagi iqtibos bilan oydinlik kiritsak:

“Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oʻz kasbini, ona tili bilan birga xorijiy tillarni, AT texnologiyalarni puxta egallagan, jonkuyar va vatanparvar yangi jurnalistlar avlodi yetishib kelayotgani barchamizni xursand qiladi.

Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalarida xolislik va qonun ustuvorligini taʼminlash, professional bilim va mahoratni oshirib borish, axborot tarqatishning zamonaviy usullarini oʻzlashtirish, aholi oʻrtasida axborot, bahs va muloqot madaniya­tini shakllantirish, jamiyatimizdagi turli illatlar, korrupsiya balosiga qarshi kurashish kabi dolzarb vazifalar boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz zarur”.

Oldinda vazifalar, erishilganidan erishilmagan natijalarimiz koʻp. Mamlakat yetakchisining oʻzi ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatini qadrlash, ijodiy jamoalarni qoʻllab-quvvatlash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bundan buyon ham yangi Oʻzbekistonda yuritilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib qolishini bot-bot taʼkidlab turganida, moʻljaldagi choʻqqilarni zabt etish har bir qalam ahlining oliy maqsadiga aylansa, adolatdan boʻlar edi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri