Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning fuqaro xonadoniga kirib, uy-joy tozaligi bo‘yicha tanbeh bergani yuzasidan viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritdi.
Agentlik har qanday darajadagi rahbar fuqarolar bilan muloqotda davlat xizmatchisi odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi shartligini ta’kidladi.
"Fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek, asoslanmagan ma’muriy bosim o‘tkazish qonunchilikka hamda etika me’yorlariga mutlaqo zid", — deyiladi munosabatda.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olish bo‘yicha vakolatlari doirasida Qashqadaryo viloyati hokimligiga mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish va unga qonuniy huquqiy baho berish haqida taqdimnoma kiritganini ma’lum qildi.