Bu haqida Oʻzbekiston Professional futbol ligasi (OʻzPFL) xabar berdi.
18 yoshli futbolchi Toshkent shahrida yangi klubi uchun tibbiy koʻrikdan oʻtgan. Shundan soʻng Karimov «Lugano» bilan shartnoma imzolagan.
Endilikda futbolchining Shveytsariyada faoliyat yuritishi uchun zarur vizani olishi kutilmoqda. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach, Karimov Shveytsariyaga yoʻl oladi.
Shveytsariyaning «Sontropiede» nashri ham «Lugano» 18 yoshli oʻng qanot himoyachisini «Surxon» safidan oʻz tarkibiga qoʻshib olgani haqida xabar berdi. Manbaga koʻra, klub transferni hozircha rasmiy eʼlon qilmagan, biroq futbolchi shartnomani allaqachon imzolagan. «Lugano»ning rasmiy bayonoti yaqin vaqt ichida eʼlon qilinishi kutilmoqda.
Behruz Karimov futbolchilik faoliyatini «Odil Junior» akademiyasida boshlagan. Yosh himoyachi 2026 yildagi Jahon chempionatida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi uchrashuvlarda maydonga tushgan.
Karimovning «Lugano»ga transferi klubdagi oʻng qanot himoyachisi Mattia Zanottining kelajagi borasidagi noaniqliklar fonida amalga oshmoqda. Italiyalik futbolchining boshqa klubga oʻtishi kutilmoqda.
Ayni paytda «Lugano» Shveytsariya Superligasida ikki turdan soʻng 6 ochko jamgʻarib, turnir jadvalining ikkinchi pogʻonasidan joy olgan. Musobaqa jadvalida «Young Boys» toʻplar nisbatiga koʻra peshqadamlik qilmoqda.