Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga ko‘ra, engil avtomobillar savdosi avgust oyida 62,5 ming tani tashkil etib, bir oyda 2,2 foizga oshgan.

Yangi mashinalar savdosi oshdi, ishlatilgan avtomobillarga talab pasaydi

Avgust oyida yangi engil avtomobillar savdosi 20,5 foizga oshib, 30,6 mingtagа yetdi.

Bunda asosiy o‘sish mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar hisobiga to‘g‘ri keldi. Ularning savdosi qariyb 25 foizga oshib, 25,3 ming tani tashkil etdi.

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ham 7 foizga o‘sib, 5,3 ming tani tashkil qildi.

Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda faollik pasaygan. Avgust oyida foydalanilgan engil avtomobillar savdosi 10,8 foizga kamayib, qariyb 32 ming tani tashkil etdi.

Qaysi hududlarda avtomobil savdosi ko‘proq oshdi?

Bir oy davomida avtotransport vositalari savdosi respublikadagi 14 ta hududning 9 tasida o‘sgan.

Eng yuqori o‘sish Buxoro viloyatida — 19,1 foiz, Toshkent viloyatida — 11,9 foiz va Xorazm viloyatida — 10,8 foiz qayd etildi.

Aksincha, avtomobil savdosidagi eng katta pasayish Toshkent shahrida kuzatilib, ko‘rsatkich 10,1 foizga kamaygan. Andijon viloyatida pasayish 2,7 foizni, Farg‘ona viloyatida esa 2,1 foizni tashkil etdi.

Elektromobillar savdosi bir yilda 44,5 foizga oshdi

Avgust oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda 9,2 mingta elektromobil sotildi. Bu iyul oyidagi ko‘rsatkich bilan deyarli bir xil.

Elektromobillar savdosida Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Avgust oyida poytaxtda 6,3 mingta elektromobil sotilgan.

Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 662 ta va Toshkent viloyati — 455 ta ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.

Elektromobillar savdosining 68,5 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Eʼtiborlisi, yillik hisobda elektromobillar bozorida sezilarli o‘sish kuzatilgan. Avgust oyida elektromobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44,5 foizga oshgan.