Ogohlantirishga Londondagi Qirollik kolleji kasalxonasida davolangan 20 yoshli Rayli Lyubasning holati sabab bo‘lgan. U shamollash alomatlarini yengillashtirish uchun ikki xil dori qabul qilgan, biroq ularning ikkalasi ham paratsetamol saqlashini bilmagan.
Bir necha kundan so‘ng yigitda qorin og‘rig‘i va ovqatlanish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan. Keyin uning ahvoli tezda og‘irlashib, o‘tkir jigar yetishmovchiligi rivojlangan va boshqa a’zolar faoliyati ham buzilgan.
Bemor intensiv terapiya bo‘limiga o‘tkazilib, hayotni ta’minlovchi apparat va dializga ulangan. U hatto jigar transplantatsiyasini kutayotgan bemorlar ro‘yxatiga kiritilgan. Keyinchalik jigar faoliyati tiklana boshlagan va bir necha haftadan so‘ng shifokorlar uni apparatlardan uzishga muvaffaq bo‘lgan.
Mutaxassislar tushuntirishicha, paratsetamol me’yoridan ortiq qabul qilinganda organizmda preparatning zaharli parchalanish mahsuloti ko‘payib ketadi. Oddiy holatda organizm uni glutation yordamida zararsizlantiradi. Biroq preparat haddan tashqari ko‘p qabul qilinsa, organizmdagi ushbu himoya zaxiralari tugaydi.
Natijada zaharli metabolit jigar hujayralarini zararlaydi. Og‘ir holatlarda bu o‘tkir jigar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Ko‘p miqdorda zaharlanishda buyraklar zararlanishi, qon ivishining buzilishi va boshqa asoratlar ham kuzatilishi mumkin.
Uels Korollik umumiy amaliyot shifokorlari kollejining raisi, terapevt doktor Uill Makintoshning ta’kidlashicha, tasodifiy dozani oshirib yuborish yoshlarda nisbatan kam uchraydi. Biroq bir vaqtning o‘zida tarkibida paratsetamol bo‘lgan ikki xil dorini qabul qilish xavfni oshiradi.
Mutaxassis, shuningdek, tana vazni past bo‘lgan bemorlar ham xavf guruhiga kirishini qayd etgan.
Shifokorlar virusli kasalliklar paytida yetarlicha dam olish muhimligini ta’kidlmoqda. Shu bilan birga, ko‘pchilik kasal bo‘lishiga qaramay o‘qish yoki ishlashda davom etadi.
Paratsetamol qabul qilayotganda esa turli dorilarning tarkibini tekshirish, bir xil faol modda bir necha preparat orqali takroran qabul qilinmayotganiga ishonch hosil qilish muhim.