Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, tarixiy shaharning oʻziga xos qiyofasini saqlash va sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish boʻyicha qator vazifalar belgilangan edi.
Taqdimotda Buxoro shahrining tarixiy markazini rivojlantirish boʻyicha master-reja, meʼmoriy yodgorliklarni asrab-avaylash, ulardan samarali foydalanish hamda zamonaviy madaniy va turizm infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan loyihalar koʻrib chiqildi.
Xususan, Ark muzey-qoʻriqxonasida restavratsiya ishlarini amalga oshirish va muzey ekspozitsiyalarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, “Qoʻsh madrasa” meʼmoriy ansamblini tiklash, Buxoro musiqali drama teatrini rekonstruksiya qilish, Somoniylar bogʻini obodonlashtirish boʻyicha takliflar taqdimot qilindi.
Jadidlar merosi davlat muzeyi va Buxoro davlat sanʼat muzeyini tashkil etish, ularda tarixiy muhit bilan uygʻunlashgan holda zamonaviy koʻrgazma maydonlarini yaratish rejalari haqida axborot berildi.
Buxoroning tarixiy markazida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini yagona meʼmoriy uslub asosida tartibga keltirish, piyodalar uchun qulay muhit yaratish, bu boradagi barcha ishlarni UNESCO talablariga muvofiq amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
2027-yilda ikkinchi Buxoro xalqaro biyennalesini oʻtkazish konsepsiyasi ham koʻrib chiqildi. Uning doirasida Somoniylar bogʻidan Ark qalʼasi va Poyi Kalon majmuasi orqali Labi Hovuz ansambligacha boʻlgan tarixiy obidalar, koʻrgazma va jamoat maydonlarini birlashtiruvchi 2,3 kilometrlik yagona madaniy sayr yoʻnalishini shakllantirish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, AQSh va Koreya Respublikasi tashkilotlari bilan hamkorlikda madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish, ularning uch oʻlchamli modellarini yaratish, arxeologik ashyolarni muhofaza qilish va soha mutaxassislarining malakasini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida axborot berildi.
Taqdimotda yurtimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida erishilgan natijalar va navbatdagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Joriy yilning oʻn oyida Oʻzbekistonga 11,6 million nafar xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga koʻp boʻlib, qariyb bir yillik koʻrsatkichga teng. Turizm xizmatlari eksporti 1,5 barobar oshib, 6,1 milliard dollarga yetdi. Sayyohlarning mamlakatimizdagi oʻrtacha xarajatlari 26 foizga koʻpaydi.
2030-yilga qadar yurtimizga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 10 milliard dollarga, sohada band aholi sonini 2 million nafarga yetkazish hamda turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga oshirish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga muvofiq, masʼullar hududlarda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan 2 mingdan ortiq tadbirkor bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini oʻrgandi.
Xususan, turistik hududlarda elektr energiyasi quvvatlarining yetishmasligi, elektr va gaz uchun oldindan toʻlovlar miqdorining yuqoriligi, mehmonxonalarda valyuta ayirboshlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarining cheklangani, togʻli joylarda sayyohlarni avtobus va mikroavtobuslarda tashish bilan bogʻliq masalalar koʻtarilgan.
Tadbirkorlar tomonidan muqobil energiya manbalaridan foydalanishni ragʻbatlantirish, kredit olishda kafillik berish, yer uchastkalari uchun toʻlovlarni boʻlib-boʻlib amalga oshirish, mehmonxona biznesi va koʻngilochar xizmatlarni rivojlantirishga qoʻshimcha imtiyozlar joriy etish boʻyicha takliflar bildirilgan.
Prezidentimiz mutasaddilar oldiga tadbirkorlar koʻtargan har bir masalani chuqur oʻrganib, ularning aniq yechimlarini ishlab chiqish vazifasini qoʻydi.
Turistlar oqimining asosan anʼanaviy sayyohlik markazlarida jamlanayotgani mavjud infratuzilmaga ortiqcha yuklama tushishiga sabab boʻlmoqda. Shu bois, turizm geografiyasini kengaytirish, hududlarning oʻziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib, yangi turmahsulotlarni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ekologik, etnografik, agrar, gastronomik, ekstremal, tibbiy, ishbilarmonlik va kinoturizm kabi istiqbolli yoʻnalishlarni rivojlantirish, ular uchun zarur infratuzilmani yaratish va malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
“Bir mahalla – bir turmahsulot” tamoyili asosida mahalla va qishloqlarni turistik yoʻnalishlarga kiritish, sayyohlarni mahalliy aholining turmush tarzi, milliy urf-odatlar, hunarmandchilik va pazandalik anʼanalari bilan yaqindan tanishtirish orqali aholi uchun qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish nazarda tutilmoqda.
Hududlarning turizm salohiyatini master-rejalar asosida rivojlantirish ishlari haqida ham axborot berildi. 2026-2027-yillarda jami 34 ta master-reja ishlab chiqish belgilangan boʻlib, bugungi kunga qadar ularning 13 tasi tayyorlangan.
Jumladan, Nurota tumanidagi qadimiy Koriz suv inshooti negizida ochiq osmon ostidagi muzey va dam olish maskanini barpo etish, Namanganda gulchilik turizmini rivojlantirish, sanatoriy-kurort hududlarini kompleks obodonlashtirish boʻyicha loyihalar taqdimot qilindi.
Toʻdakoʻl turizm-rekreatsiya zonasini rivojlantirish konsepsiyasi koʻrib chiqildi. Unda hududning tabiiy landshafti bilan uygʻunlashgan mehmonxonalar, dam olish va sogʻlomlashtirish maskanlari, ekoturizm obyektlari hamda suv boʻyida zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etish koʻzda tutilgan.
Yangi turizm loyihalarini amalga oshirish uchun 5 ming gektar yer maydonini auksion savdolariga chiqarish, 2030-yilga qadar turizm infratuzilmasini rivojlantirishga 3,1 trillion soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Turizm loyihalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etib, unga kelgusi yilda 100 milliard soʻm ajratish nazarda tutilmoqda.
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan sayyohlarni jalb etuvchi yangi maskanlarni barpo etish, tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish, kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish va zamonaviy koʻngilochar xizmatlarni yoʻlga qoʻyishni subsidiyalash taklif etildi.
Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini xalqaro miqyosda keng targʻib qilish, ustuvor tashqi bozorlarda maqsadli marketing kampaniyalarini oʻtkazish, yetakchi xorijiy turoperatorlar va raqamli platformalar bilan hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari koʻriladi.
Bunda xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, hududlar oʻrtasidagi transport aloqalarini yaxshilash, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish va ekskursiya xizmatlarining sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Yirik xalqaro anjuman va forumlarni oʻtkazish muddatlarini rejalashtirishda turizm mavsumlarini inobatga olish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Turizm qoʻmitasiga vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur tadbirlarni sayyohlar oqimi nisbatan kam boʻlgan davrlarga qayta taqsimlash topshirildi.