Mamlakatimizda aholi soni va daromadlari oshib borishi, turizm sohasining jadal rivojlanishi natijasida goʻsht va sut mahsulotlariga talab yil sayin ortib bormoqda. Bunday sharoitda ichki bozorni yetarli hajmdagi mahsulot bilan taʼminlash, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va narxlar barqarorligini saqlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ozuqa xarajatlari goʻsht yetishtirish tannarxining 30 foizini tashkil qilmoqda. Respublikamizda 12,5 million bosh qoramol, 23 million bosh qoʻy-echki va 125 million bosh parranda boqilayotgan boʻlib, yiliga 48 million tonna ozuqa yetishtirilmoqda. Bu mavjud ehtiyojni toʻliq qoplamayapti. Xususan, bir bosh qoramol uchun yiliga 6,5 tonna ozuqa talab etilsa, amalda bu koʻrsatkich 4 tonnadan oshmayapti.
Shu bilan birga, chorvachilik uchun ajratilgan qariyb 480 ming gektar yer maydonining kamida 20 foizidan samarasiz foydalanilmoqda. Ozuqabop ekinlar hosildorligi, aholi xonadonlariga sifatli ozuqa yetkazib berish tizimi va naslchilik ishlari ham bugungi talablarga toʻliq javob bermaydi.
Shu munosabat bilan taqdimotda ozuqa yetishtirish hajmini 2027-yilda 64,5 million tonnaga, 2030-yilga borib esa 90 million tonnaga yetkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar taklif etildi.
Avvalo, hududlar kesimida ozuqa balansi shakllantirilib, ozuqabop ekin maydonlari va ekin turlarining hisobini yuritish toʻliq raqamlashtiriladi. Chorvachilik uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanilishi kosmik monitoring orqali nazorat qilinadi.
Mavjud ekin maydonlaridan samarali foydalanish, takroriy ekin ekishni kengaytirish, serhosil navlar va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga ozuqabop ekinlar hosildorligini gektariga 350 sentnerdan 500 sentnerga oshirish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, 2030-yilgacha 200 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish va ushbu maydonlarda ozuqabop ekinlar yetishtirish rejalashtirilgan. Kelgusi yilda bu boradagi ishlar 50 ming gektar maydonda amalga oshiriladi.
Yaylovlarning mahsuldorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Qashqadaryo viloyatining sakkizta tumanida xorijiy tajriba asosida qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli ozuqabop ekinlarni yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. 2030-yilga qadar respublika boʻyicha 1 million gektar yaylovda dronlar yordamida urugʻ sepish rejalashtirilgan.
Ozuqa yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash, saqlash, zaxiralash va isteʼmolchilarga yetkazib berishgacha boʻlgan yaxlit tizimni yaratish taklif etildi.
Buning uchun hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalari tashkil etiladi. Markazlar tomonidan ozuqani yirik hajmda xarid qilish, qayta ishlash, yetarli zaxiralarni shakllantirish va bozorga uzluksiz yetkazib berish yoʻlga qoʻyiladi.
Mazkur tizim, ayniqsa, mamlakatimizdagi qoramollarning 87 foizi boqilayotgan aholi xonadonlarini sifatli va maqbul narxdagi ozuqa bilan taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.
Taqdimotda chorvachilik bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham koʻrib chiqildi.
Jumladan, 500 gektardan ortiq yerni ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun oʻzlashtirib, zamonaviy sugʻorish tizimini joriy etgan tadbirkorlarga mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan 100 ming kub metrgacha suv sigʻimiga ega havzalar qurib berish taklif qilindi.
“Pivot” sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun ajratiladigan subsidiya miqdorini har bir gektarga 2,5 million soʻmdan 4 million soʻmgacha oshirish, kamida 10 gektar maydonni sugʻorishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishda uskunalar xaridi xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish nazarda tutilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida yaylovlarni oʻzlashtirgan tadbirkorlarga ushbu maydonlarning bir qismida chorvachilik komplekslarini qurish imkoniyatini yaratish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Qolaversa, ozuqa markazlarini tashkil etish va ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishda qoʻshimcha yengilliklar berish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish va mahalliy kadrlar malakasini oshirish xarajatlarining bir qismini qoplash koʻzda tutilgan.
2027-yildan Qashqadaryo viloyatida sinov tariqasida aholi xonadonlarida boqilayotgan chorva uchun ozuqa xarid qilish xarajatlarining 10 foizini subsidiyalash tizimini joriy etish taklifi bildirildi.
Sohada ilm-fan yutuqlarini keng qoʻllash va urugʻchilikni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda ozuqabop ekinlar urugʻiga boʻlgan ehtiyojning 95 foizi import hisobidan qoplanmoqda.
Qashqadaryoda Misr olimlari bilan ilmiy-tadqiqot va urugʻchilik markazlarini tashkil etish, mahalliy iqlim sharoitiga mos, serhosil, qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli navlarni yaratish hamda urugʻ importini bosqichma-bosqich qisqartirish rejalari taqdimot qilindi.
Chorva naslini yaxshilash orqali goʻsht va sut yetishtirish hajmini koʻpaytirishning qoʻshimcha imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, sunʼiy urugʻlantirish va yuqori genetik qiymatga ega embrionlarni koʻchirib oʻtkazish texnologiyalarini keng qo‘llash, hududlarda naslchilik xizmatlarini rivojlantirish, yirik xoʻjaliklar bilan aholi xonadonlari oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar bildirildi.
Taqdimotda nazarda tutilgan chora-tadbirlar hisobiga chorva mahsuldorligini sezilarli darajada oshirish, qoramollarni soʻyishga topshirishdagi tirik vaznini 250-350 kilogrammdan 450-550 kilogrammga yetkazish hamda qoʻshimcha 400 ming tonna goʻsht yetishtirish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Prezidentimiz chorvachilik tarmogʻida barqaror oʻsishni taʼminlash uchun, avvalo, mustahkam ozuqa bazasini yaratish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish zarurligini taʼkidladi.
Mutasaddilarga bildirilgan takliflarni puxta ishlab chiqish, ularni moliyalashtirishning aniq mexanizmlarini belgilash, hududlar kesimida manzilli loyihalarni shakllantirish hamda ichki bozorda goʻsht va sut mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.