Tadbirda ikki mamlakat hukumatlari aʼzolari, yetakchi kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi.

Forumda Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn hamda mamlakat Sanoat palatasi raisi Fathi al-Jagʻbir ham soʻzga chiqdilar.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida oʻtgan yili Iordaniya Podshohining Samarqandga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochganini alohida taʼkidladi.

Oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar natijasida iqtisodiy hamkorlik koʻlami izchil kengayib bormoqda. Soʻnggi besh yilda oʻzaro savdo hajmi qariyb 9 barobar, birgina 2025-yilda 80 foizga oshdi. Mamlakatimizda iordaniyalik investorlar ishtirokidagi 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Toshkent va Ammon oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilib, oʻzaro vizasiz tartib joriy etildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining ilk yigʻilishlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Davlat tashrifi doirasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hujjat 300 turdagi tovarga nisbatan pasaytirilgan bojxona bojlari stavkalarini qoʻllashni nazarda tutadi.

Prezidentimiz ushbu bitim oʻzaro mahsulot yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish, tovar ayirboshlash koʻrsatkichini 500 million dollarga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi.

Mamlakatimiz yetakchisi biznes-forum doirasida salmoqli shartnoma va kelishuvlar imzolanganini olqishlab, iqtisodiy sheriklikni kengaytirishning beshta ustuvor yoʻnalishiga toʻxtaldi.

Birinchisi – toʻqimachilik sanoati. Oʻzbekiston xomashyosi va yarim tayyor mahsulotlari asosida Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida qoʻshma ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda eksport qilish taklif etildi.

Ikkinchisi – togʻ-kon sanoati. Iordaniyalik investorlar muhim minerallar sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqandda tashkil etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklarida hamkorlik qilishga taklif etildi.

Uchinchisi – farmatsevtika sanoati. Yangi turdagi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni birgalikda mahalliylashtirish va ilgʻor texnologiyalar transferini yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi. Bu borada iordaniyalik sheriklar uchun “Tashkent Pharma Park” klasterida zarur sharoit va imtiyozlar yaratilishi taʼkidlandi.

Toʻrtinchisi – kimyo sanoati. Ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlarini birlashtirgan holda raqobatbardosh mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish istiqbollari koʻrsatib oʻtildi. Ozuqa qoʻshimchalari, maishiy kimyo mahsulotlari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha erishilgan kelishuvlar olqishlandi.

Beshinchisi – qishloq xoʻjaligi. Qoʻshma agrosanoat klasterlarini tashkil etish, urugʻchilik, bogʻdorchilik va chorvachilikni rivojlantirish orqali ikki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshish mumkinligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. Oʻzaro vizasiz tartib va bevosita aviaqatnovlar sayyohlar oqimini koʻpaytirish uchun qulay sharoit yaratayotgani taʼkidlandi.

Prezidentimiz iordaniyalik doʻstlarni islom olamining buyuk tarixiy va maʼnaviy markazlari boʻlmish qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini ziyorat qilishga taklif etdi.

Forum doirasida ishbilarmon doiralar vakillari oʻrtasidagi uchrashuvlarda charm sanoati, teletibbiyot, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika va logistika sohalarida ham qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Iordaniyalik ishbilarmonlar yurtimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati va sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Kelgusi yilning mart oyida Toshkent shahrida navbatdagi Oʻzbekiston – Iordaniya biznes forumi oʻtkazilishi maʼlum qilindi. Davlatimiz rahbari iordaniyalik sheriklarni ushbu tadbirda yangi taklif va tashabbuslar bilan faol ishtirok etishga, mamlakatimiz tadbirkorlarini esa Iordaniya bozoridagi imkoniyatlardan keng foydalanishga chaqirdi.

Erishilgan kelishuvlar va qoʻshma loyihalar ijrosi Hukumatlararo komissiya doirasida muntazam monitoring qilib borilishi belgilandi.