Qonun bilan Jinoyat kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Unga koʻra, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari liberallashtiriladi.

Xususan, bunday harakatlarni birinchi marta sodir etganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik bekor qilinib, maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Mazkur harakatlar takroran sodir etilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlik yuzaga kelishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun takomillashtirilib, ekstremizm tushunchasiga aniq taʼrif berilmoqda.

Qonun bilan ekstremizmga oid jinoyatlarning aniq doirasini belgilash, ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirish, ekstremistik tashkilotlar va materiallarning elektron reyestrini yuritish, xavf-xatarlarni monitoring qilish hamda baholashning huquqiy asoslarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, qonunchilikdagi “diniy ekstremizm” atamasini “ekstremizm” atamasi bilan almashtirish taklif etilmoqda. Bu huquqni qoʻllash amaliyotida yagona huquqiy yondashuvni taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonun bilan ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, ekstremistik faoliyat haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish va ragʻbatlantirish, Internet tarmogʻi hamda ommaviy axborot vositalarida ekstremistik gʻoyalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha mexanizmlar joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, ekstremistik tashkilotlarni eʼtirof etish tartibi hamda ekstremizmga oid jinoyat sodir etgan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirish mexanizmlari ham takomillashtiriladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.