Nukus shahrida fuqarolarning bank kartalaridan pul mablagʻlarini noqonuniy oʻzlashtirish bilan shugʻullangan shaxslar guruhi faoliyati fosh etildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sogʻlom yurt» va «Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi» tadbirlari doirasida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda bir guruh shaxslar qoʻlga olingan.
Aniqlanishicha, guruh aʼzolari Telegram orqali tarqatiladigan zararli APK-fayllar yordamida fuqarolarning bank kartalaridagi mablagʻlarni oʻzlashtirish sxemasini yoʻlga qoʻygan.
Tekshiruvda aniqlanishicha, bank kartalaridan noqonuniy yechib olingan mablagʻlarning bir qismi naqdlashtirilgan. Ayrim pullar nomaʼlum shaxslarning onlayn mikrokreditlarini soʻndirishga, boshqa mablagʻlar esa onlayn bukmekerlik akkauntlariga oʻtkazilgan.
Jinoiy harakatlarni yashirish maqsadida ijaraga olingan telefonlar muntazam almashtirib turilgan.
Tezkor tadbirlar davomida Telegram yozishmalarida 162 ta bank plastik kartasiga oid maʼlumotlar mavjudligi aniqlangan. Shuningdek, uchta mobil qurilma va beshta bank kartasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan sud qaroriga asosan, D. ismli shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni kiberxavfsizlik qoidalariga rioya etishga chaqirmoqda.
Xususan, nomaʼlum manbalardan kelgan APK-fayllarni telefonga oʻrnatmaslik, shubhali havolalarni ochmaslik, bank kartasi maʼlumotlari va SMS-kodlarni boshqalarga bermaslik tavsiya etilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda «kreditingizni qoplab beramiz» degan takliflar bilan murojaat qilayotgan shaxslarga ishonmaslik zarurligi eslatildi.