Oliy martabali mehmonlar milliy naqshlar, ko‘p asrlik hunarmandchilik an’analari va o‘zbek xalqining madaniy qadriyatlari aks etgan mahalliy usta va dizaynerlarning mahsulotlari bilan tanishdilar.

Madaniy dastur doirasida O‘zbekistonning eng yorqin urf-odat va an’analari namoyish etildi. Inson hayotidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘lgan oila qurish mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. 

Ozarbayjonlik mehmonlarga kelin sarposini tayyorlash va so‘zana tikish bilan bog‘liq udumlar, to‘y marosimlari, kelinni kuyov xonadoniga kuzatish, “kelin salom”, “beshik to‘yi”, shuningdek, an’anaviy ona allasi namoyish etildi.

Madaniy dastur qardosh O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining urf-odatlari va qadriyatlaridagi mushtarak jihatlarni ham alohida namoyon etdi. Har ikki xalq hayotida oila, kattalarga hurmat, farzand tarbiyasi, mehmondo‘stlik hamda milliy an’analarni asrab-avaylash muhim o‘rin tutadi.