Mustaqillikka erishishimizdan chamasi ikki-uch yil oldin endi ish boshlagan yosh pedagog edim. O‘shanda shahrimizda, menimcha, 20 yil deganda bittagina yangi maktab qurildi. Bu maktab yangiyu, ammo moddiy-texnik bazasi maqtanarli ahvolda emas, sharoitlari ham haminqadar edi. Ko‘p narsani o‘z kuchimiz bilan qilishga majbur bo‘lgandik.
Bugungi maktablarga nazar solar ekanman, suratiyu siyrati o‘zgacha: binolar ham, moddiy-texnik baza ham zamon talabiga mos bo‘lishi uchun davlatimiz katta sarmoya sarflamoqda. O‘tgan yili birgina Sirdaryo viloyatining o‘zida 47 ta maktab, 46 ta bolalar bog‘chasi to‘liq ta’mirlandi, yangilari qurildi. Joriy yilda ham ta’mirlash va qurilish ishlari bajarilayotgan maktab va bog‘chalar soni bundan kam emas.
Mustaqilligimizning ilk yillarida minglab bog‘chalar yopilib, binolari sotib yuborilgandi. Bolalarning bog‘chaga qamrovi atigi 7 foiz edi. Keyingi yillarda tizimda ro‘y bergan eng katta islohotlardan biri bog‘chalar sonini ko‘paytirish, faoliyatini rivojlantirish va qamrovini oshirish bo‘ldi. O‘tgan o‘n yilda bola uchun bilimlar poydevori bo‘lgan minglab maktabgacha ta’lim tashkiloti bunyod etildi va qisqa muddatda qamrov qariyb 80 foizga yetdi. Bu qanchadan qancha ota-onalarning mushkulini oson qildi. Eng muhimi, bolalarni maktabga tayyorlash tizimi takomillashtirildi.
Qirq yillik pedagogik faoliyatimdan kelib chiqib, mamlakatimiz ta’lim tizimidagi yutuqlarimiz bilan birga o‘tgan davrdagi ba’zi muammolarni aytishni ham o‘rinli deb bilaman. Xususan, mustaqillikka erishgan yillarimiz maosh kamligi tufayli qancha bilimli o‘qituvchilar, ayniqsa, oilasining asosiy boquvchisi bo‘lgan erkak muallimlar maktablarni tark etdi. Ta’lim masalasi ikkinchi darajaga tushib ketgan yillarning ham guvohi bo‘ldik. O‘shanda bu qanchalar og‘ir oqibatlarga olib kelishini biz, pedagoglar yuragimizda kuchli og‘riq bilan his qilardik.
Shukrki, sohadagi tub islohotlar har bir ilm ahlining yuragidagi ana shu og‘riqlarga malham, bilim va ilmga ishonch, ta’lim taraqqiyoti uchun yuksak imkoniyat yaratdi. Umumiy o‘rta va umuman ta’lim sohasida tubdan yangilanishlar qilindi. Eng birinchi e’tibor muallimlar mehnatini qadrlashga qaratildi. O‘qituvchi maqomi belgilab qo‘yildi. Qo‘shimcha yuklamalar va pedagoglarning asosiy faoliyatiga to‘siq bo‘lgan va eng muhimi, o‘qitish sifatiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan majburiyatlardan ozod etildi.
Hozir o‘qituvchining faqat o‘zi va o‘quvchi ustida ishlashi uchun barcha sharoit yaratib berilgan. Uning malakasi va mahorati ham moddiy, ham ma’naviy rag‘bat topdi. Ayni omillar tufayli sohaga yangicha ta’lim berish salohiyatiga ega, chuqur bilimli pedagog kadrlarning yangi avlodi kirib keldi. E’tiborlisi, erkak o‘qituvchilar yana maktabga qaytdi. Bugun nafaqat ixtisoslashtirilgan maktablarning, balki oddiy umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari ham 10-20 million so‘mgacha oylik maosh olish imkoniga ega. Faqat ularning o‘zida harakat va intilish bo‘lsa, kifoya.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yaratilgan o‘ziga xos, unikal ta’lim tizimi esa bugun ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘layotir. Ta’lim uzluksizligini, ya’ni bog‘chadan tortib, ilmiy darajaga erishgunga qadar jarayonlardagi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash tizimdagi natijadorlikka erishish yo‘lida amalga oshirilgan eng katta, yuqori samarali islohotdir.
Shuningdek, iqtidorli bolalarga yuqori darajada ta’lim berish, iste’dodini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va yuksaltirish, dunyo miqyosida yuqori darajadagi kadrlarni yetishtirish maqsadida tashkil etilgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning berayotgan samarasiga, o‘quvchilar erishayotgan yuksak darajadagi yutuqlarga bugun ko‘plab mamlakatlar havas bilan qarayotir. Xususan, biror mamlakatda o‘xshashi yo‘q bo‘lgan ijod maktablari ham dunyo e’tiboriga tushgan yangiliklardan biri bo‘ldi. Masalan, kamina rahbarlik qilayotgan Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga xorijiy kasbdoshlarimiz tez-tez kelib turadi va ular ham iste’dodli o‘quvchilar uchun yaratilgan ushbu imkoniyatlarni yuksak darajada e’tirof etadi.
Ha, hozirda ijod maktablari minglab o‘g‘il-qizlar uchun bir vaqtning o‘zida chuqur umumta’lim olish hamda o‘zlari qiziqqan ijodiy yo‘nalish bo‘yicha mahoratlarini oshirish uchun ulkan imkoniyatlar maskani bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘nlab o‘quvchilarimiz adabiyot, teatr san’ati, jurnalistika va boshqa ijodiy yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishmoqda.
Ayniqsa, mualliflik kitoblari chop etilishi, turli tanlovlar va olimpiadalarda yaxshi ishtiroki uchun rag‘batlantirilishi o‘g‘il-qizlarning o‘z ustida ishlashi va intilishini yanada kuchaytiradi. Maktabimizning drama to‘garagi a’zolari “Teatr ibratxonadir” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichida ketma-ket ikki yildirki, birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Joriy yilda g‘olib sifatida ularga Xitoyga sayohat yo‘llanmasi tuhfa etildi.
Bu yil beshinchi bor bitiruvchilarni kuzatdik. Besh yildirki, barcha bitiruvchimiz nufuzli oliy o‘quv yurtlarining talabasi bo‘lib kelmoqda. Ular orasida jahonning nufuzli universitetlarida tahsil olayotganlar ham bor. Bugungi eng zamonaviy sharoitlarga ega, hatto rivojlangan mamlakatlarning havasini keltirayotgan maktabda ishlab, bolalarimizga yuqori darajada bilim berayotganimiz mustaqilligimizning eng katta natijalaridan biridir. Har jihatdan jadal taraqqiy etayotgan O‘zbekistonimizdagi baxtli bolalarning baxtiyor ustozlari qatorida ekanimizdan faxrlanamiz.
Pokiza AHMЕDJONOVA,
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori, senator