Farmonga ko‘ra, kichik tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy e’lon qilinishi belgilandi (bundan jinoyat ishi doirasida, inson sog‘lig‘iga ta’sirini o‘rganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi, fuqarolar murojaatlari, QQSni qoplash (qaytarish) va tadbirkorlik subyekti tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshirishlar mustasno).

Moratoriy amal qilish davrida:

kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish noqonuniy hisoblanadi va ushbu huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) tomonidan “Samarali nazorat” tadbiri o‘tkaziladi. Bunda:

nazorat organlarining oxirgi 3 yillik tekshiruv materiallari joyiga chiqqan holda to‘liq o‘rganib chiqiladi;

o‘rganish yakunlari bo‘yicha nazorat organlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida tegishli choralar ko‘riladi;

tekshiruv o‘tkazish tartibi buzilgan hamda noqonuniy tekshiruvlar aniqlangan hollarda faoliyati tekshirilgan tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘riladi.