8 sentyabr kuni Respublika “Hunarmand” uyushmasida “Atlas bayrami” VII Xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda festivalni tashkil etish va o‘tkazishda bevosita ishtirok etayotgan tashkilotlar, xalqaro hamkorlar, soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida 12–19-sentabr kunlari Marg‘ilon shahrida o‘tkaziladigan “Atlas bayrami” festivalining maqsad va vazifalari, dasturidan o‘rin olgan tadbirlar, xalqaro hamkorlik va milliy hunarmandchilikni zamonaviy dizayn hamda tadbirkorlik bilan uyg‘unlashtirish masalalari haqida ma’lumot berildi.

— Bugun hunarmandchilikni milliy meros sifatida asrash bilan birga, uni zamonaviy hayot bilan bog‘lashimiz kerak. Atlas va adrasning qo‘l mehnati bilan to‘qilishi qanchalik muhim bo‘lsa, ular asosida zamonaviy mahsulotlar yaratish, yangi dizaynlarni joriy etish, brend sifatida targ‘ib qilish va xorijiy bozorlarga olib chiqish ham muhim. “Atlas bayrami”ning asosiy maqsadi ham an’ana va zamonaviylikni uyg‘unlashtirishdan iborat, — dedi Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov.

Festival — an’ana va yangi imkoniyatlar maydoni

Joriy yilgi festival dasturi keng qamrovli bo‘lib, unda 21 ta davlatdan 66 nafar xorijiy mehmon hamda O‘zbekistonning turli hududlaridan 100 nafardan ortiq mahalliy hunarmand ishtirok etadi.

12–16-sentabr kunlari Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirokida hunarmandchilik, etno-dizayn va tadbirkorlik bo‘yicha trening o‘tkaziladi. 17-sentabr kuni festivalning rasmiy ochilish marosimi, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va innovatsion dizayn bo‘yicha mentorlik dasturi natijalarining moda namoyishi tashkil etiladi.

18 sentyabr kuni ipak ishlab chiqarish va to‘qimachilik sohasida B2B va G2B xalqaro uchrashuvlar hamda xalqaro moda ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. 19-sentabr kuni esa Marg‘ilon shahar tarixi muzeyida xalqaro an’anaviy to‘qimachilik va foto ko‘rgazmalar ochiladi. Festival doirasida mahorat darslari, hunarmandchilik yarmarkasi va xalq sayillari ham tashkil etiladi.

— YUNЕSKO uchun bu dastur shunchaki festival yoki hunarmandchilik bayrami emas. Bu — an’analar ortida turgan insonlar, ularning bilim va ko‘nikmalari, ustalar, dizaynerlar va ushbu merosni davom ettirayotgan yosh avlodga bag‘ishlangan tadbirdir. 12–16 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan treningda an’anaviy hunarmandchilik zamonaviy dizayn va amaliy biznes ko‘nikmalari bilan uyg‘unlashtiriladi. Madaniy merosni asrashning eng samarali yo‘llaridan biri hunarmandlarga o‘z kasbi orqali barqaror daromad topish imkonini yaratishdir, — dedi YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi.

Festivalning yana bir muhim jihati — xalqaro tajriba almashinuvi va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishidir. Xorijiy va mahalliy hunarmandlar, dizaynerlar, ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar hamda soha mutaxassislari o‘rtasidagi muloqot milliy hunarmandchilik mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.

— “Atlas bayrami” yildan-yilga ishtirokchilari va mazmun-mohiyati bilan kengayib bormoqda. Bu yil festival doirasida B2B va G2B uchrashuvlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki hunarmand o‘z mahsulotini namoyish qilishi bir masala, uni yangi xaridor, hamkor va bozorga olib chiqishi esa boshqa masala. Festival ana shu ikki imkoniyatni birlashtiradi, — dedi Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov.

Yoshlar va ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar

Matbuot anjumanida Farg‘ona viloyatida hunarmandchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham qayd etildi. Ayni paytda viloyatda 3 ming 170 nafar “Hunarmand” uyushmasi a’zosi faoliyat yuritmoqda. 2022–2024-yillarda esa usta-shogird an’anasi asosida 29,2 mingta ish o‘rni yaratilgan.

Anjuman davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldilar.

Umuman, “Atlas bayrami” milliy hunarmandchilikni asrash, uni zamonaviy dizayn va biznes bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarni kasbga jalb etish hamda mahalliy hunarmandlarni xalqaro maydonga olib chiqishga qaratilgan muhim tadbir sifatida ahamiyat kasb etmoqda.

Festival 17–19-sentabr kunlari Marg‘ilon shahrida asosiy tadbirlar bilan davom etadi.

Zulxumor Akbarova