Qayd etilganidek, davlatimiz rahbaring 8-9-iyul kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi chog‘ida o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 310 ta loyiha va chora-tadbirni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Davlatimiz rahbari ularni qisqa muddatda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini tashkil etish, tadbirkorlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.

Belarusda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun taklif etilayotgan sanoat obyektlari, davlat mulki va keng qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud. Mamlakat hududining 40 foizini yoki 8 million gektarini qishloq xo‘jaligi maydonlari tashkil etadi.

Bu imkoniyatlar qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, agrar kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish hamda fuqarolarni tashkiliy asosda ish bilan ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratadi.

Bunda Belarusda ishlash yoki biznes yuritish istagidagi fuqarolar va tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Belarus tomoni bilan oldindan kelishib, ish joyi, yashash sharoiti, loyiha uchun zarur bino va yer masalalarini hal etgan holda ularning borishini tashkil qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taqdimotda Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida bajarilgan ishlar haqida axborot berildi.

Ikki hudud o‘rtasida “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, aniq tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish boshlangan. Jumladan, 255 nafar Andijon viloyati fuqarosining tashkiliy asosda Vitebskka borishi va bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ularning har biri 200 boshdan 3 ming boshgacha qoramol parvarishlash imkoniyatiga hamda yetarli ozuqa maydonlariga ega.

“Andijon invest” kompaniyasi ishtirokida yirik chorvachilik kompleksi va sanatoriy majmuasi negizida investitsiya hamda ijtimoiy tashabbuslarni boshlash choralari ko‘rilmoqda.

Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 100 million dollardan ziyod bo‘lgan 30 ta yangi loyiha paketi shakllantirildi.

Xususan, Vitebsk viloyatida 3 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik sutchilik majmuasi, bir qator o‘rta hajmdagi chorvachilik xo‘jaliklari, yog‘ochni chuqur qayta ishlash va uning chiqindilaridan pellet ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasida shakllangan hamkorlik modelini boshqa hududlar kesimida ham rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning Vitebsk, Mogilyov, Grodno, Gomel va Brest viloyatlariga biriktiriladi. Sanoat va agrar obyektlar negizida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” tasdiqlanadi.

Har bir hududdan 30 nafardan yetakchi tadbirkorni Belarusga olib borib, mahalliy sheriklar bilan qo‘shma tashabbuslarni boshlash vazifasi qo‘yildi.

O‘zaro savdoni jadallashtirish va yuk tashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida zamonaviy logistika infratuzilmasini barpo etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Yil yakuniga qadar “Belarus temir yo‘llari” bilan hamkorlikda Vitebsk viloyatidagi Orsha stansiyasida eksport-import yuklari uchun maqbul tariflar asosida xizmat ko‘rsatadigan intermodal logistika markazini ishga tushirish belgilandi.

Shuningdek, Belarus kompaniyalari bilan hamkorlikda ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.

Fuqarolarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Birinchi bosqichda Vitebsk va boshqa hududlardagi 13 ta korxonaga 1 ming 100 nafar O‘zbekiston fuqarosini tanlov asosida ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

Sentyabr oyidan boshlab har oyda 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlikni Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochiladi.

Tadbirkorlarga Belarusda hisobvaraq ochish, ustav fondiga mablag‘ o‘tkazish va loyihalariga moliyaviy resurslar olishda ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.

Vitebskda zamonaviy sutchilik majmuasi, yog‘ochni qayta ishlash zavodi va logistika kompaniyasini tashkil etish uchun zarur mablag‘larni qulay shartlarda ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari har bir kelishuv aniq loyiha, yangi korxona, qo‘shimcha savdo hajmi va munosib ish o‘rniga aylanishi shartligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga erishilgan natijalarni tizimli nazorat qilish va “yo‘l xaritalari” ijrosini tanqidiy tahlil qilib borish topshirildi.