Okean stress omillari asosan ifloslanish va yirik sanoat miqyosida baliq ovlashni o‘z ichiga oladi. Ularning ta’siri tobora sezilarli bo‘lib bormoqda.
Tadqiqotda 86 mamlakatdan qariyb 600 olim ishtirok etdi. Ular 2021-yildan 2025-yilgacha dunyo okeanlarining holati qanday o‘zgarganini baholashdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, dengiz sathining ko‘tarilishi 2015- yildagi yiliga 2 mmdan 2023-yilda yiliga 4,3 mmgacha oshdi. Okean harorati 2018-yildan beri 16% ga ko‘tarildi.
Eng katta nisbiy isish Atlantika okeanida va janubiy Hind va Tinch okeanlarida kuzatildi. Biroq, olimlar asosan yer usti o‘zgarishlarini baholashdi. Chuqur dengiz ekotizimlari hali ham yaxshi tushunilmagan.
Hisobotda shuningdek, har yili okeanga 52,1 million tonna plastik tushishi va oqibatda 24,4 trillion mikroplastik zarrachalar yuzaga kelgani qayd etilgan, deb xabar berdi mir24.tv.
Olimlarning ta’kidlashicha, ko‘plab mamlakatlarda dunyo okeanlarini himoya qilish uchun sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Biroq, bu sa’y-harakatlar “parchalangan” bo‘lib qolmoqda va ko‘proq muvofiqlashtirishni talab qiladi.
Hisobotga ko‘ra, dunyo okeanlari qazilma yonilg‘ilarni yoqish oqibatida atmosferaga chiqariladigan ortiqcha issiqlikning 90 foizini va karbonat angidridning 30 foizini yutib yuborgan. Okean oqimlari issiqlikni global va mahalliy miqyosda qayta taqsimlaydi. Biroq, bu oqimlar vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi va ularning kelajakdagi iqlim o‘zgarishiga ta’siri yaxshi tushunilmagan, deb xabar berdi The Guardian.