Bu haqda Bosh prokuratura maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, faoliyat koʻrsatmayotgan 7 720 ta tadbirkorlik subyektining faoliyati tiklanishi va 8 568 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilishi hisobiga 20 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi. Bundan tashqari, 3 mingdan ortiq ish oʻrni yoʻqotilishining oldi olindi.
Tadbirkorlarning muammolarini joyida aniqlash va hal etish maqsadida 1 703 ta sayyor qabul, davra suhbati hamda onlayn toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻtkazildi. Ularda 12 mingdan ortiq yuridik shaxs vakillari qabul qilinib, 5 mingdan ortiq murojaat hal etildi.
Nazorat tadbirlari davomida tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv va byurokratik toʻsqinlik bilan bogʻliq 8 mingga yaqin holat aniqlanib, bartaraf etildi. Natijada 4 560 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.
Shu bilan birga, sohadagi tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha 40 ga yaqin taklif ishlab chiqildi.
Taʼkidlanganidek, tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amalda toʻliq va soʻzsiz ijrosini taʼminlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.