Xalqaro anjumanlar saroyida tashkil etilgan ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Siradjev, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, ta’lim sohasi mutasaddilari, olimpiada ishtirokchilari, xorijiy davlatlar elchixonalari xodimlari, shuningdek, o‘lkamiz hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, 10-19 iyul kunlari davom etadigan olimpiadada 90 dan ortiq davlatdan qariyb 1 000 nafar o‘quvchi, jamoa rahbarlari, xalqaro ilmiy qo‘mita a’zolari, kuzatuvchilar va mehmonlar qatnashmoqda. Bu esa “ICHO-2026”ni nafaqat yilning eng yirik ta’lim olimpiadalaridan biri, balki yosh olimlarni birlashtiruvchi global ilmiy maydonga aylantirmoqda.

1968-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro kimyo olimpiadasi maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi eng nufuzli fan bellashuvlaridan biri hisoblanadi. Unda ishtirokchilar chuqur nazariy bilimlari va laboratoriyadagi amaliy ko‘nikmalarini xalqaro standartlar asosida namoyish etadi. Shu bilan birga, olimpiada turli davlatlar yoshlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qayd etish joizki, respublikamizning ushbu musobaqaga mezbonlik qilishi mamlakatda so‘nggi yillarda ta’lim tizimini takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy natijasidir.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 30 sentyabrdagi qarori bilan tashkil etilgan Fan olimpiadalari markazi tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq, olimpiadalarga tayyorgarlik tizimi yo‘lga qo‘yildi, zamonaviy laboratoriyalar barpo etildi, xorijiy ekspertlar jalb qilinib, milliy terma jamoalar uchun samarali tayyorgarlik muhiti yaratildi.

E’tiborlisi, bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, 2025-yilda O‘zbekiston o‘quvchilari 29 ta xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etib, 210 ta medal – 40 ta oltin, 78 ta kumush va 92 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu natijalar diyorimizda iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini yaqqol namoyon etmoqda.

ICHO-2026ga tayyorgarlik ishlari ikki yil davomida izchil olib borildi. Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan olimpiadalar tajribasi o‘rganildi, rasmiy veb-sayt va logotip yaratildi, xalqaro delegatsiyalar uchun maxsus axborot platformasi ishlab chiqildi. Shuningdek, laboratoriyalar eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi, xalqaro ilmiy qo‘mita tarkibiga Harvard universiteti, ETH Zurich, Bilkent universiteti, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va Praga kimyo va texnologiya universiteti kabi dunyoning yetakchi ilmiy muassasalari olimlari jalb etildi.

Umuman olganda, ICHO-2026 nafaqat bilimlar bellashuvi, balki Yangi O‘zbekistonning ilm-fan va ta’lim sohasida erishgan yutuqlarini aks ettiruvchi tarixiy voqea sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.