Serhosil, sarxil mevalari bilan ko‘zlarni quvnatib turgan bog‘lar yonidan o‘tarkansiz, beixtiyor zahmatkash bog‘boniga balli deysiz...

Ravon yo‘llardan ketarkansiz, mehnatkash yo‘lsozlarning otasiga rahmat deysiz...

Ko‘rkam va osmono‘par inshootlarga havas bilan tikilib, uni barpo etgan inson mehnatiga tahsin aytasiz...

Ammo hech o‘ylab ko‘rganmisiz, ushbu rahmatlaru tahsinlarga sabab bo‘lgan omil ilm, ta’lim va tarbiyadir. Ong va qalbda shakllangan ilm hamda insoniy fazilatlar jamuljam bo‘lib, mana shunday bunyodkor kuchga aylanadi.

Ta’lim — jamiyat ravnaqining muhim asosi. Shu bois, so‘nggi yillarda ta’lim tizimiga davlat siyosatidagi eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlargacha bo‘lgan tizimni takomillashtirishga qaratilgan mutlaqo adolatli islohotlar kechmoqda.

Soha vakili sifatida bu ishlarga guvoh bo‘larkanman, beixtiyor bundan

15-20 yillar oldingi manzara ko‘z oldimda gavdalanadi. U davrlardagi o‘qituvchi shaxsiga e’tibor, mehnatiga munosabat, maktablarda yaratilgan shart-sharoit va o‘quvchilarning o‘zlashtirish sifati va bugungi kun yangilanishlari orasida osmon bilan yercha farq mavjud.

Ko‘p joylarda zamonaviy kompyuter, laboratoriya jihozlari va elektron ta’lim vositalari faqat xayolda edi. Ayniqsa, chekka hududlardagi maktablarda ta’mirlash, isitish, mebel, sport jihozlari va boshqa sharoitlar bilan bog‘liq muammolar ko‘plab qiyinchiliklar tug‘dirgan. Internet imkoniyatlari ham bugungidek keng bo‘lmagani sababli o‘quvchi va o‘qituvchilarning elektron manbalardan foydalanish imkoniyati nihoyatda cheklangan edi.

Bugungi elektron platformalar, onlayn kurslar, raqamli kutubxonalar va masofaviy ta’lim imkoniyatlari qayoqda edi deysiz... Buni o‘zim ishlayotgan Bekobod tumanining chekka va chegaraoldi hududida joylashgan 31-maktabimda ko‘rgan-kechirganlarim misolida yozyapman.

Yana bir muhim jihat — o‘qituvchining mehnatiga, hurmatiga munosabat masalasi. U paytlar o‘qituvchilar zimmasiga dars berishdan tashqari turli tadbirlar, qog‘ozbozlik va boshqa vazifalar ham yuklatilgani haqida faqat shivirlab gapirilar edi. Bu esa o‘qituvchining asosiy vazifasi bo‘lgan ta’lim-tarbiya berish va o‘quvchi bilan ishlashga ajratadigan vaqtini qisqartirishga, samarasiz bo‘lishiga olib kelardi. Ayniqsa, paxta va boshqa ekinlarga jalb etish siyosatini gapirsam yoki eslasam, hanuzgacha ko‘zlarimga yosh keladi. Chunki o‘quv yilining 3-5 oyida o‘qituvchi va o‘quvchilarning asosiy vaqti dalalarda o‘tardi. Achinarli tomoni, maktablar yopilib, o‘zlashtirilmay qolib ketgan dars mashg‘ulotlarimizni choraklik ta’tilda davom ettirishga majbur edik. Hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ham paxta rejasi berilar, ular sumkasiga 1-2 kilogrammdan bo‘lsa ham paxta ¬solib kelib topshirishar edi. O‘zimiz oylab oila¬mizdan uzoqlarga navbat bilan paxta terimiga borib kelardik.

Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘sha davrlarni eslamay ilojimiz yo‘q, ammo qancha ko‘p eslasak, bugungi kunga shunchalik ko‘p shukrona keltiramiz.

Shu o‘rinda Prezidentimizning O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Biz bolalarimizni paxta dalalaridan maktab partasiga, o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytardik”, degan bebaho gaplarini alohida ta’kidlab o‘tishni joiz bilaman.

Odilona va oqilona siyosat tufayli bugun ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga tubdan e’tibor kuchaytirildi. Yurtimizda har yili yangi maktablar qurilmoqda, eski binolar ta’mirlanmoqda, sinf xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Bugungi o‘quvchi uchun kompyuter, internet, elektron darsliklar, multimedia vositalari va onlayn ta’lim platformalaridan foydalanish imkoniyatlari misli ko‘rilmagan darajada kengayib bormoqda.

Ta’lim sohasidagi eng katta o‘zgarishlardan biri AT va raqamli texnologiyalar kirib kelishi bo‘ldi. Avval o‘quvchi ma’lumot izlash uchun asosan kitob va kutubxonaga murojaat qilgan bo‘lsa, bugun internet orqali dunyoning turli ta’lim resurslaridan foydalanishi mumkin. Qolaversa, yil boshida tumanimizda ham yangi, barcha qulayliklarga ega zamonaviy AT markaz foydalanishga topshirildi. U yoshlar zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishiga xizmat qilmoqda.

Elektron jurnallar va platformalar, onlayn darslar, videodarslar va masofaviy ta’lim imkoniyatlari ilm egallash jarayonini ancha o‘zgartirdi. Asosiy natijamiz malakali o‘qituvchi, yaxshi dastur, sifatli darslik va o‘quvchining bilim olishga bo‘lgan qiziqishi deb ikkilanmay ayta olamiz. Chunki bugungi islohotlarda o‘qituvchining kasbiy nufuzi, hurmat-e’tibori, malakasi va mehnat sharoitlariga alohida ahamiyat berilmoqda.

Darhaqiqat, davom etayotgan ulug‘vor o‘zgarishlar, jamiyat hayotidagi misli ko‘rilmagan islohotlar barcha qatori tumanimiz ta’lim tizimida ham ulkan natijalarga erishishga omil bo‘lmoqda.

Bugun tumanimizda 60 ta davlat va 5 ta xususiy maktab faoliyat yuritmoqda. Unda 29 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim olmoqda. 2450 nafar malakali o‘qituvchi esa ta’lim-tarbiya bermoqda.

Kundan kun zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lib borayotgan ta’lim muassasalarimiz soni ortmoqda. Ta’mirtalab va yaroqsiz holga kelib qolgan maktablar o‘rnida yangi, zamonaviy, barcha qulay sharoitlarga ega maktablar qad ko‘tarmoqda. Tumanimizda keyingi bir yarim yilda o‘nlab maktab binolari, sport zallari va o‘yingohlari hamda bolalar bog‘chalarini qurish, ta’mirlash va jihozlash uchun 150 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Quvonarlisi, tumanimizda xususiy maktablar va o‘quv markazlari ham ko‘paymoqda. Ta’lim klasteri maktabi faoliyat boshlagani o‘quvchilar uchun juda qulay imkoniyat va yangilik bo‘ldi. Bularning barchasi o‘quvchilarning sog‘lom raqobatli ta’lim maskanlarida bilim olishi uchun imkoniyat va tanlov hisoblanadi, albatta.

Kezi kelganda aytishni istardimki, tumanimizda 255 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud, shundan 34 tasi davlat, 2 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida hamda 219 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotidir. Ularga bugungi kunda 3-7 yoshli 12 ming 673 bola qamrab olingan. Qamrov darajasini yanada oshirish maqsadida yana 9 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani barchamizni quvontirmoqda. Bunday e’tibor natijasida bog‘chalarga qamrov darajasi 85 foizga yetkazildi.

Ta’riflayotganim yangi binolar, ilg‘or yondashuv, yangicha fikrlash samarasi o‘qituvchi va o‘quvchilar erishayotgan yutuqlarda ham yaqqol ko‘rinadi. Birgina 2025/2026 o‘quv yilida tumanimizda 11-sinfni bitirgan 2235 o‘quvchining 54 nafari oltin va kumush medalga sazovor bo‘ldi. Maktab¬lardagi 203 xorijiy til o‘qituvchisidan 168 nafari shu yilning o‘zida xalqaro sertifikat oldi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab esa tumandagi 7 ta maktabga Filippin, Hindiston va boshqa davlatlardan mutaxassislar jalb etildi. 11 ta maktabda inklyuziv ta’lim sinflari tashkil etildi. O‘tgan o‘quv yilidan tumandagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yangi baholash tizimi joriy qilindi.

O‘tgan yili umumta’lim maktablarining 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadalarining viloyat bosqichida 10 o‘quvchi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘tgan yilgi bitiruvchilardan 1001 nafari davlat oliy ta’lim muassasalariga, 741 nafari xususiy oliy ta’lim muassasalariga, 108 nafari texnikumlarga qabul qilindi.

Shu yilning 18-21-may kunlari “Yosh kitobxon” tanlovining respublika final bosqichi aynan Bekobod tumanida o‘tkazilgani har bir bekobodlik qalbiga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishladi.

Maktab kutubxonalari muntazam ravishda badiiy adabiyotlar bilan boyib bormoqda. O‘tgan o‘quv yilida “Har bir maktabga 100 kitob” loyihasi doirasida 10 minglab yangi adabiyot sovg‘a qilindi. Bundan tashqari, yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan 25 ta zamonaviy mahalla binolarida ham alohida kutubxonalar tashkil etilib, ular chinakam ziyo maskaniga aylanib bormoqda.

Pedagog malakasini oshirish, rag‘batlantirish, attestatsiyadan o‘tkazish va kasbiy rivojlanish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ishlar ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Faxr bilan aytamanki, bunday imkoniyatlardan kuch va ilhom olib, men ham respublikamizdagi ming dollardan ortiq maosh oluvchi 40 ming muallim qatoridan joy oldim. Avval faoliyatimda asosiy e’tiborni o‘quvchining tayyor ma’lumotni o‘zlashtirishiga qaratgan bo‘lsam, hozir mustaqil fikrlash, tahlil qilish, ijodkorlik, tanqidiy fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ko‘proq urg‘u beryapman. Aslida, zamonaviy ta’limning maqsadi ham faqat “ko‘p narsani bilish” emas. O‘quvchi olgan bilimini hayotda qo‘llay olishi, muammoga yechim topishi, mustaqil qaror qabul qilishi va o‘z ustida ishlay olishi kerak.

Yaxshi ta’lim olgan bola kelajakda malakali mutaxassis, tadbirkor, muhandis, shifokor, o‘qituvchi yoki boshqa sohaning professional vakili bo‘lib yetishadi. Shuning uchun ta’limga ajratilgan mablag‘ning natijasi bir yilda emas, yillar davomida namoyon bo‘ladi.

Eng asosiy mezon — o‘quvchi qanday bilim olyapti, qanday fikrlayapti va maktabni tamomlagandan keyin hayotda o‘z o‘rnini topa olyaptimi? Shu ma’noda, bugungi ta’lim islohotlarining asosiy maqsadi bilimli, mustaqil fikrlaydigan, raqobatbardosh va vatanparvar avlodni tarbiyalashdir. Bu esa mamlakatning kelajak taraqqiyoti uchun eng muhim omillardan biri.

1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yil o‘qituvchisi — 2026” ko‘rik-tanlovining 208 nafar g‘olibi va 50 ming dollar bilan siylangan ustozlar safidan joy olganimdan benihoya xursandman.

E’tirofga loyiq bo‘lganim haqidagi xushxabarni oila a’zolarim, yaqinlarim qatori tumanimizda yosh avlodga ta’lim berib kelayotgan 2500 ga yaqin ustoz-pedagog ham shodiyonalik bilan kutib oldi.

Bir hafta davomida telefonim tabriklardan tinmadi. Qalbimning tub-tubidan g‘urur tuydim, o‘qituvchi — ustoz bo‘lganimdan faxrlandim. G‘ururlanishimning yana bir sababi, ushbu uchrashuvda Prezidentimizning ta’lim tizimini takomillashtirish, o‘qituvchi mehnatini yanada munosib taqdirlash, iqtidorli o‘quvchilarga yuksak e’tibor berish haqidagi qator takliflarini nihoyatda mamnuniyat bilan qabul qildik.

Ayniqsa, fan olimpiadasi g‘oliblarini tayyorlagan ustozlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy toifa berish, eng ilg‘or va iqtidorli o‘qituvchilar uchun Avloniy nomidagi davlat mukofotini ta’sis etish, milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foiz ustama to‘lash, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun fan olimpiadalarini o‘tkazish, har yili ming nafar pedagogni xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborish, farzandlarini oilaviy bog‘chaga bergan ishli ayollarning badal puli budjetdan qoplab berilishi kabi takliflar juda o‘rinli bo‘ldi.

Shunday xursandchilik va shodliklarga to‘lib yurgan kunlarimizda Prezidentimiz ta’lim sifatini yanada yuksak bosqichga olib chiqish uchun yana bir muhim islohot tashabbusini ilgari surdi. Unga ko‘ra, endi yurtimizda bog‘cha tarbiyasidan tortib, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlargacha bo‘lgan uzviy davrni yaxlit va samarali tizimga aylantirish maqsadida barcha ta’lim tizimlari yagona — Ta’lim va ilm-fan vazirligiga birlashtirildi. Bu ta’lim masalasi yangi O‘zbekiston uchun hamisha eng ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishiga yana bir misol bo‘ldi.

Qisqasi, xalqimizning “Ustoz otangdan ulug‘” degan zukko hikmatining amaldagi isboti bugun o‘qituvchilarga yaratib berilayotgan katta imkoniyatlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Sarvinoz NURALIYEVA,

Bekobod tumanidagi 31-umumta’lim maktabining rus tili fani o‘qituvchisi,

“Yil o‘qituvchisi — 2026” ko‘rik-tanlovi g‘olibi