Ushbu islohotning asosiy maqsadi ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi darajaga olib chiqishdan iborat. Bunda ta’limning barcha turlari o‘rtasidagi uzviylik va bardavomlikni ta’minlash, maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlar hamda ilmiy faoliyatni qamrab olgan yagona samarali boshqaruv tizimini joriy etish, bu tizimning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Tabiiyki, bunday keng ko‘lamli o‘zgarish jamiyatda “Ta’lim sohasidagi bugungi yangilanishlarning asosiy mazmun-mohiyati nimada?” degan savolni uyg‘otadi. Bu savolga asosli javob topish uchun esa mustaqillik yillarida bosib o‘tilgan yo‘lga qisqacha nazar tashlash, bugungi islohotning tarixiy mantig‘ini anglash va uning kelajak uchun ochayotgan imkoniyatlarini xolis baholash lozim bo‘ladi.

Mustaqillikning ilk yillaridayoq yosh davlat ta’limni milliy tiklanishning tayanch ustuni sifatida belgilab olgan edi, 1992-yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun sobiq ittifoqdan meros mafkuraviy tizimdan voz kechib, milliy ta’lim tizimini shakllantirishning huquqiy asosini yaratdi. 1997-yilgi yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinishi bilan to‘qqiz yillik umumiy o‘rta ta’lim hamda uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limidan iborat o‘n ikki yillik majburiy ta’lim modeli joriy etildi. Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlaridan iborat keng tarmoq barpo qilindi. Bu bosqich o‘z davri uchun muhim tarixiy vazifani ado etib, ta’limning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga xizmat qildi. Ammo vaqt o‘tishi bilan tizimda miqdoriy ko‘rsatkichlarga ortiqcha urg‘u berilgani, oliy ta’limga kirish imkoniyati keskin cheklanib qolgani, o‘quvchilar va o‘qituvchilarning mavsumiy paxta yig‘im-terimiga jalb etilishi kabi jiddiy muammolar to‘planib bordi. Natijada 2016 yilga kelib maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrab olinishi taxminan 9 foiz darajasida qolgan edi.

2016 yildan boshlangan yangi davr ta’lim tizimiga xolis va tanqidiy nigoh bilan qarash, mavjud muammolarni ochiq tan olish va ularni tizimli hal etish bosqichi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining qat’iy siyo¬siy irodasi bilan bolalar va o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etish amaliyotiga barham berildi. Prezidentimiz joriy yil 30 sentyabrda “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bu tarixiy o‘zgarishni ixcham va ta’sirli tarzda ifodalab, “Biz bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytardik”, dedi.

2020 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun uzluksiz ta’lim tamoyilini, ta’lim muassasalarining akademik erkinligini va nodavlat ta’lim xizmatlari uchun teng sharoitlarni qonuniy jihatdan mustahkamladi. Amalga oshirilgan ma’muriy islohotlar natijasida 2022-yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etildi.

O‘tgan o‘n yil davomida amalga oshirilgan ishlarning ko‘lami raqamlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu davrda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘chalar va 1,5 million o‘rinli maktab¬lar barpo etilib, 10 mingdan ziyod ta’lim muassasasi zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 205 taga yetib, ulardagi qamrov 45 foizga ko‘tarildi. Bugun mamlakatimiz oliygohlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 600 ming nafarni tashkil etmoqda, yettita oliygoh esa 17 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli xalqaro reytinglardan o‘rin oldi.

Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari kabi mutlaqo yangi turdagi ta’lim dargohlari vujudga keldi. PISA xalqaro tadqiqotida 15 yoshli o‘quvchilarimiz tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egallagani, birgina joriy yilning o‘zida yoshlarimiz nufuzli olimpiadalarda 228 ta medalni qo‘lga kiritgani, maktab davridayoq xorijiy til va fanlardan sertifikat olgan o‘quvchilar soni 100 mingga yetgani ushbu islohotlar sifat jihatidan ham samara berayotganini ko‘rsatadi.

Islohotlarning eng muhim yutuqlaridan biri o‘qituvchi shaxsiga, mehnati va ijtimoiy maqomiga munosabatning tubdan o‘zgargani bo‘ldi. Xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga oshgani, maktablardagi o‘qituvchi yetishmovchiligi uch barobar kamaygani bu yo‘nalishdagi izchil siyosatning natijasidir.

Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi: erishilgan yutuqlar shunchalik salmoqli ekan, nima uchun boshqaruv tizimini qayta qurishga ehtiyoj paydo bo‘ldi? Bu savolning javobi tizimli boshqaruv nazariyasining asosiy qoidalaridan birida mujassam bo‘lib, unga ko‘ra, murakkab tizimning samaradorligi, eng avvalo, uning bo‘g‘inlari o‘rtasidagi aloqalarning uzviyligi va uyg‘unligi bilan belgilanadi.

Ta’limning turli bosqichlari turli idoralar tasarrufida bo‘lgan sharoitda har bir bosqich o‘z standartlari, o‘z hisobot ko‘rsatkichlari va o‘z ustuvorliklari asosida faoliyat yuritar edi. Oqibatda maktabgacha yoshda egallangan ko‘nikmalar boshlang‘ich sinfda izchil davom ettirilmasligi, maktab bitiruvchisining tayyorgarligi oliy ta’lim talablariga to‘liq mos kelmasligi, oliygohlardagi ilmiy izlanishlar esa maktab darsliklari va o‘qitish metodikasi bilan yetarlicha bog‘lanmasligi kabi nomutanosibliklar saqlanib qolayotgan edi.

Prezidentimiz uchrashuvda yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilib, uch oy ichida yangi yechimlar e’lon qilinishini aytgan edi. Oradan atigi uch kun o‘tib, yagona vazirlik tashkil etilgani esa davlatimiz rahbari uchun so‘z va amal o‘rtasidagi uyg‘unlik, islohotlarni kechiktirmasdan hayotga tatbiq etish boshqaruvning asosiy uslubi ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Izohlanganidek, yangi boshqaruv modeli vazifalarning aniq taqsimotiga asos-lanadi. Unga ko‘ra, Ta’lim va ilm-fan vazirligi barcha bog‘cha, maktab, profes-sional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va ularning operatsion jarayonlari uchun mas’ul bo‘ladi. Ta’lim faoliya¬tiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi, akkreditatsiyalash va litsenziyalash bilan shug‘ullanadi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqadigan o‘ziga xos laboratoriya vazifasini bajarib, ularni amaliyotga joriy etadi. Natijalarini kuzatib boradi, aniqlangan kamchiliklar asosida takomillashtiradi. Bu ishlarning barchasi Prezidentimiz belgilab bergan “o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti”ga tayangan holda olib boriladi.

Prezident Administratsiyasi va uning huzurida tuziladigan maxsus ishchi guruh yangi vazirlikning tuzilmasini ishlab chiqib, ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda islohotning umumiy strategiyasini belgilaydi. Oliy ta’limda esa davlat aralashuvini keskin qisqartirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish va nodavlat sektor uchun imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, qaysi oliygoh sifatli ta’lim berayotganini erkin raqobat va bozor talabi ko‘rsatib berishi lozim.

Ushbu modelning ilmiy jihatdan eng muhim xususiyati boshqaruvning operatsion va mazmuniy funksiyalarini oqilona ajratishda namoyon bo‘ladi. Zamonaviy davlat boshqaruvi nazariyasida ijro va baholash funksiyalarini turli institutlarga yuklash manfaatlar to‘qnashuvining oldini oladigan asosiy tamoyil hisoblanadi. Chunki o‘zi tashkil etgan jarayonni o‘zi baholaydigan idora natijalarni xolis ko‘rsatishda qiynaladi. Milliy agentlikning “laboratoriya” sifatida ta’riflanishi esa ta’limshunoslikda keng qo‘llanadigan dalillarga asoslangan siyosat tamoyiliga mos keladi. Unda har bir yangilik avval sinovdan o‘tkaziladi, natijalari o‘lchanadi, shundan keyingina ommaviy amaliyotga joriy etiladi.

Islohotning strategik yo‘nalishini Prezident Administratsiyasi darajasida belgilash ta’limni davlat siyosatining eng oliy ustuvor yo‘nalishi sifatida ko‘rish demakdir. Zero, davlatimiz rahbari maktab¬gacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy-ma’rifiy muassasalarni Uchinchi Renessans poydevorining uzviy halqalari sifatida ta’riflab keladi. Yagona vazirlik esa aynan shu halqalarni bir zanjirga birlashtiruvchi institutsional mexanizmga aylanadi.

Rivojlangan davlatlar tajribasi ta’lim va ilm-fanni yagona boshqaruv tizimida birlashtirish g‘oyasining hayotiyligini yaqqol tasdiqlaydi. Yaponiyada 2001 yil yanvarda Ta’lim vazirligi bilan Fan va texnologiyalar agentligi birlashtirilib, Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi tashkil etildi. Bu qaror maktabdan universitetgacha bo‘lgan ta’lim jarayonini va fundamental tadqiqotlarni yagona strategiya asosida boshqarish imkonini berdi. XXI asr boshidan buyon yapon olimlarining tabiiy fanlar va tibbiyot bo‘yicha yigirmadan ortiq Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgani esa shu tizimli yondashuvning samarasidan dalolat beradi.

Estoniyada Ta’lim va tadqiqotlar vazirligi bog‘chadan doktoranturagacha bo‘lgan barcha bosqichlarni hamda ilmiy siyosatni birdek muvofiqlashtiradi. Aholisi bir yarim millionga yetmaydigan bu mamlakat raqamli ta’lim infratuzilmasini erta joriy etgani va boshqaruvning yaxlitligini ta’minlagani tufayli PISA-2022 tadqiqotida Yevropa davlatlari orasida yetakchi natijalarni qayd etdi.

Finlyandiya tajribasi bugun O‘zbekis¬tonda joriy etilayotgan modelga, ayniqsa, yaqin bo‘lib, u yerda Ta’lim va madaniyat vazirligi ta’limning barcha bosqichlari va ilmiy siyosat uchun mas’uldir. Finlyandiya milliy ta’lim agentligi esa milliy asosiy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, ijrosini tahlil qilish va takomillashtirish vazifasini bajaradi. Bu esa bizda tashkil etilayotgan Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining “laboratoriya” maqomi bilan mazmunan uyg‘un.

Finlyandiyada o‘qituvchilik kasbiga magistr darajasiga ega mutaxassislar qabul qilinadi. 2009-yilda qabul qilinib, 2010-yildan kuchga kirgan “Universitetlar to‘g‘risida”gi qonun esa oliygohlarni mus¬taqil yuridik shaxsga aylantirib, ularga moliyaviy va tashkiliy erkinlik berdi.

Singapurda Ta’lim vazirligi ta’limning barcha bo‘g‘inlarini yagona strategiya asosida boshqaradi. Mamlakatdagi yagona pedagogik kadrlar tayyorlash markazi bo‘lgan Milliy ta’lim instituti bo‘lajak o‘qituvchilarni eng iqtidorli bitiruvchilar orasidan saralab oladi. Bu izchil tizim natijasida Singapur o‘quvchilari PISA-2022 tadqiqotida matematika, o‘qish savodxonligi va tabiiy fanlarning uchala yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi.

Janubiy Koreyada 25-34 yoshli aholining qariyb 70 foizi oliy ma’lumotga ega. Bu ko‘rsatkich Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo davlatlar orasida eng yuqori natija. Mamlakatning XX asr o‘rtalaridagi qashshoqlikdan bugungi texnologik yetakchilikka erishgan tarixiy yo‘li esa inson kapitaliga qilingan izchil sarmoya iqtisodiy o‘sishning eng ishonchli manbai ekanini isbotlaydi.

Ushbu tajribalarning barchasini birlashtiruvchi umumiy xulosa shuki, muvaffaqiyatli ta’lim tizimlari ta’limning barcha bosqichlarini yagona mantiq asosida boshqaradi. Mazmun va sifatni baholashni alohida malakali institutga yuklaydi, oliygohlarga keng mustaqillik berib, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratadi, o‘qituvchini esa tizimning markaziy bo‘g‘ini sifatida qadrlaydi.

Mamlakatimizda joriy etilayotgan yangi model aynan shu to‘rt tamoyilni o‘zida mujassam etgani Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlar jahon tajribasini chuqur o‘rgangan holda, ilmiy asosda ishlab chiqilayotganini ko‘rsatadi.

Yagona vazirlik tashkil etilishi

Prezidentimizning ustoz va murabbiylar bilan o‘tkazgan uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslar bilan uzviy bog‘liqdir.

Maktab ta’limi bo‘yicha tashabbuslar orasida matematika, fizika, kimyo va biologiyani chuqur o‘qitishga alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovor. O‘quvchilar soni 25 nafardan oshgan sinflarda ushbu fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi, milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foiz ustama to‘lanadi, har yili 208 ta tuman va shahardagi yetakchi muallimlar mukofotlanib, ming nafar pedagog xorijda stajirovka o‘taydi. Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabda matematika, informatika va tabiiy fanlar ayrim sinflarda to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi, bu loyiha o‘qituvchilari va maktabga tayyorlov guruhi pedagoglariga 100 foiz ustama belgilanadi. Maktablar faoliyatini baholash uchun esa “sifat indeksi” joriy etilib, ta’lim natijalari va pedagoglar salohiyatiga qarab muassasalar toifalarga ajratiladi, o‘z taj¬ribasi bilan boshqa maktablarning yuqori toifaga o‘tishiga ko‘maklashgan ilg‘or maktablarning pedagogik jamoasi 30 foiz ustama oladi. O‘qituvchilar malakasini oshirishda majburiy bir oylik kurslar o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari berilib, pedagoglar o‘z natijasiga qarab

18 soatdan 72 soat¬gacha bo‘lgan o‘quv dasturini mustaqil tanlashi, olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan ustozlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy toifaga ega bo‘lishi, ta’limning barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish taklifi o‘qituvchi mehnatini e’zozlashning yangi bosqichini boshlab beradi.

Maktabgacha ta’limda bog‘chani bolaning qobiliyati kashf etiladigan maskanga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan va o‘yin orqali ta’lim berishga yo‘naltirilgan dastur bo‘yicha 180 ming tarbiyachi va pedagog o‘qitilmoqda, yil yakuniga qadar bu dastur 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga joriy etiladi. Kelasi yildan 2-3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishli onalarning badal puli budjetdan qoplanishi esa oila institutini mustahkamlashga qaratilgan ijtimoiy siyosatning yorqin ifodasidir.

Alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalarning tengdoshlari bilan bir muhitda o‘qishini ta’minlash maqsadida inklyuziv sharoit yaratilgan maktablar soni ikki yilda 729 tadan 3 ming 591 taga, ya’ni qariyb besh barobar oshirildi. O‘quvchi o‘rinlariga talab yuqori 52 ta tumanda xususiy maktablar tashkil etish uchun imtiyozli kredit va subsidiya ajratilishi, bo‘sh turgan davlat binolarining xususiy maktablarga o‘n yilga bepul ijaraga berilishi, farzandi xususiy maktabda o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasining 3 milliondan 6 million so‘mga oshirilishi esa davlat va xususiy sektor hamkorligining yangi imkoniyatlarini ochadi.

Professional ta’limda so‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga xalqaro dasturlar joriy etildi. Texnikumlarning 25 ming korxona bilan hamkorligi 100 mingdan ziyod yoshga o‘qish bilan bir vaqtda daromad topish imkonini berdi. Dual ta’limda kasb o‘rganayotganlarga 1 million 300 ming so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda. Ilk bor o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasb tanlovida 170 ming o‘quvchi ishtirok etgani yoshlar orasida ishchi kasblarga qiziqish qayta uyg‘onayotganini ko‘rsatadi.

Prezidentimiz maktab bitiruvchisi katta hayotga kasb va xorijiy tilni egallagan holda kirib borishi zarurligini ta’kidlab, maktab direktorlariga bu borada qo‘shimcha vakolatlar berilishi, hamkorlikka tayyor tadbirkorlar uchun sharoit yaratilishini belgiladi, bu vazifalarni hal etish esa aynan maktab, texnikum va oliygohni yagona boshqaruv ostida birlashtirgan tizimda eng samarali amalga oshirilishi mumkin.

Oliy ta’lim bo‘yicha uchrashuvda bildirilgan fikrlar islohotning eng dadil yo‘nalishlarini aks ettiradi. Prezidentimiz universitetlardagi darsliklar mazmuni va mutaxassislar tayyorlash sifati bugungi talablarga to‘liq javob bermayotganini ochiq tanqid qilib, muhandislik va tibbiyot oliygohlari zamonaviy yo‘nalish¬lar bo‘yicha yangi o‘quv adabiyotlarini yaratishi, ilg‘or xorijiy kitoblarni tarjima qilish va moslashtirish ishlarini kuchaytirishi zarurligini ta’kidladi.

“Korxona — oliygoh — maqsadli kadr” tamoyili asosidagi dual ta’lim tizimi kelasi yildan 75 ta, 2028 yildan esa barcha oliygohlarda yo‘lga qo‘yiladi. Bunda korxonalar o‘z ehtiyojiga mos nomzodlarni o‘qitish uchun buyurtma beradi, ishga -olingan talabaga to‘lanadigan maoshning yarmini davlat qoplaydi, ish va o‘qishda yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar ikkinchi kursdan davlat granti asosida tahsil oladi.

Davlatimiz rahbari dunyoning eng kuchli 300 universiteti filiallarini mamlakatimizga jalb etish vazifasini belgilab, nufuzli universitetlar franshizasini olib kelgan xususiy oliygohlarning laboratoriya, jihoz, brend va kampus bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismini qoplash, muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, sun’iy intellekt hamda tibbiyot yo‘nalishlariga ustuvorlik berish kerakligini ta’kidladi. Bu tashabbus¬lar joriy yil bahorida e’lon qilingan

“U10 — O‘zbekistonning global darajadagi ilg‘or universitetlari” dasturi bilan uyg‘unlashib, tanlov asosida 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilishi va ularda ilmiy klasterlar tashkil etilishi mamlakatimiz ilm-fanini jahon maydoniga olib chiqishning strategik yo‘lini belgilaydi. Oliy ta’limda davlat aralashuvini qisqartirish va oliygohlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berish siyosati ushbu tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘lib, qaysi universitet sifatli ta’lim berayotganini erkin raqobat va bozor talabi ko‘rsatib berishi lozimligi tamoyili oliygohlarni o‘z nufuzini, ilmiy salohiyatini va bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini doimiy ravishda oshirib borishga undaydi.

Mazkur islohot natijasida erishiladigan natijalarni tahlil qilar ekanmiz, avvalo, yagona vazirlik bolaning bog‘chadan doktoranturagacha bo‘lgan ta’lim yo‘lini yaxlit va uzluksiz trayektoriya sifatida loyi¬halash imkonini berishini alohida qayd etish lozim. Bunda har bir bosqichning ta’lim natijalari keyingi bosqichning bosh¬lang‘ich talablari bilan muvofiqlashtiriladi, “o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti” esa butun tizim uchun yagona mo‘ljal vazifasini bajaradi.

Ikkinchidan, ikki vazirlikning tak¬rorlanuvchi funksiyalari, parallel hisobot tizimlari va idoralararo muvofiqlashtirishga sarflanadigan vaqt va resurslar qisqaradi. Tejalgan mablag‘lar esa bevosita o‘qitish sifati, o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish va ilmiy infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Uchinchidan, ilm-fan va ta’limning yagona boshqaruvda bo‘lishi ilmiy tadqiqotlar natijalarini o‘quv dasturlariga tezkor joriy etish, oliygoh laboratoriyalarini iqtidorli maktab o‘quvchilari uchun ochish, yosh tadqiqotchilarni maktab davridayoq aniqlab, ularni ilmiy faoliyatga bosqichma-bosqich olib kirishga keng yo‘l ochadi.

To‘rtinchidan, boshqaruvning yagona markazi paydo bo‘lishi mas’uliyatning aniq manzilini belgilaydi, bu esa farmonda alohida ta’kidlangan jamoatchilik oldidagi hisobdorlikni amalda ta’minlashning eng muhim shartidir. Zero, jamiyat ta’lim sifati uchun kim javobgar ekanini aniq bilgandagina islohotlar natijasini xolis baholash va ularga faol ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Beshinchidan, islohotning eng uzoq muddatli samarasi inson kapitali va iqtisodiy o‘sish bilan bog‘liq bo‘lib, Jahon bankining 2020 yilgi Inson kapitali indeksida 62 foiz natijani qayd etgan O‘zbekiston uchun bu ko‘rsatkichni izchil oshirish milliy taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanadi. Xalqaro tadqiqotlarda ta’limning har bir qo‘shimcha yili inson daromadini o‘rtacha 9 foiz atrofida oshirishi qayd etiladi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan oliy ta’lim qamrovini 50 foizga yetkazish maqsadiga erishish va ta’lim sifatini xalqaro darajaga ko‘tarish mamlakat iqtisodiyotining raqobatbar¬doshligini ta’minlaydigan asosiy resurs bo‘lib xizmat qiladi.

Islohotning bu salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish jamiyatning barcha qatlamlari, ayniqsa, ilmiy jamoatchilikning faol ishtirokini taqozo etadi. Shu bois, ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar sohasidagi kuzatishlarimiz asosida bir necha taklifni ilgari surish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Birinchi taklif bolaning bog‘chadan doktoranturagacha bo‘lgan ta’lim yo‘lini qamrab oladigan yagona raqamli “ta’lim trayektoriyasi” platformasini yaratish bilan bog‘liq. Bu platformada har bir ta’lim oluvchining yutuqlari, sertifikatlari, olimpiada natijalari va kasbiy qiziqishlari shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligini to‘liq kafolatlagan holda jamlanib borsa, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi ta’lim natijalarini bosqichlararo tahlil qilish, o‘quv dasturlaridagi bo‘shliqlarni aniqlash va iqtidorli yoshlarni erta aniqlash uchun ishonchli dalillar bazasiga ega bo‘ladi. Estoniya va Singapur tajribasi ko‘rsatganidek, ta’limni boshqarishda yagona ma’lumotlar tizimi mavjudligi qarorlarni taxminlar asosida qabul qilish amaliyotidan ilmiy asoslangan siyosatga o‘tishning eng muhim sharti hisoblanadi.

Ikkinchi taklif “o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti”ni milliy-ma’naviy meros bilan uyg‘un holda boyitishga qaratilgan. Bunda Abu Nasr Forobiyning fozil odamlar shahri haqidagi qarashlari, Alisher Navoiyning komil inson konsepsiyasi, Abdulla Avloniyning tarbiya haqidagi ta’limoti kabi boy ma’naviy merosimiz zamonaviy kompetensiyalar tizimiga ilmiy asosda singdirilsa, raqamli va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalari milliy o‘zlikni anglash va yuksak axloqiy fazilatlar bilan uyg‘unlashadi. Bu ishga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti, Fanlar akademiyasining gumanitar yo‘nalishdagi institutlari va pedagogika oliygohlari olimlarini jalb etib, tarbiya mazmunini bog‘chadan oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlar uchun izchil ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Uchinchi taklif farmonda belgilangan jamoatchilik oldidagi hisobdorlikni tizimli shaklga keltirish xususida. Ta’lim va ilm-fan vazirligi har yili “O‘zbekistonda ta’lim va ilm-fanning holati to‘g‘risida”gi milliy ma’ruzani tayyorlab, uni mustaqil ekspertlar xulosasi bilan birga ochiq e’lon qilishi, ma’ruzada har bir hudud va har bir ta’lim bosqichi bo‘yicha sifat indeksi, PISA, PIRLS va TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlar natijalari, ilmiy nashrlar va patentlar dinamikasi aks ettirilishi maqsadga muvofiqdir. Bunday amaliyot Finlyandiya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda ta’lim siyosatini jamiyat bilan doimiy muloqotda rivojlantirishning samarali vositasi bo‘lib kelmoqda. Bizda esa u ota-onalar, o‘qituvchilar va ish beruvchilarning islohotlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

To‘rtinchi taklif ilm-fan va oliy ta’lim integratsiyasini chuqurlashtirishga daxldor. Fanlar akademiyasi institutlari va universitetlar hamkorligida qo‘shma doktorantura maktablarini tashkil etish, ilmiy grantlarni ochiq tanlov asosida, xalqaro ekspertiza ishtirokida taqsimlash, har bir yirik ilmiy loyiha doirasida talabalar va iqtidorli maktab o‘quvchilari uchun tadqiqot amaliyotini tarkibiy qism sifatida belgilash maqsadga muvofiqdir. Bu yondashuv ilmiy salohiyatning yosharishiga, tadqiqot natijalari iqtisodiyot tarmoqlariga tezkor joriy etilishiga va Prezidentimiz belgilab bergan “tarmoq — korxona — oliy ta’lim tashkiloti — ilmiy tashkilot” zanjiri to‘laqonli ishlashiga xizmat qiladi.

Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilishi mustaqillik yillarida bosib o‘tilgan yo‘lning mantiqiy natijasi va yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichiga o‘tishning institutsional asosi, davlatimiz rahbarining ta’limni milliy taraqqiyotning hal qiluvchi omili sifatida ko‘radigan uzoqni ko‘zlovchi siyosatining yorqin ifodasi bo‘ldi. Bundan bir asrdan ziyod vaqt oldin ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”, deb yozgan edi. Bugun bu hikmat yangi mazmun kasb etib, davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylangani har bir ziyolini, har bir ustoz va murabbiyni quvontiradi. Bog‘cha, maktab, texnikum, oliygoh va ilmiy muassasalarni yagona maqsad sari birlashtirgan yangi tizim Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlab, yurtimizda Forobiy, Beruniy, Ibn Sino va Ulug‘bek kabi allomalar an’anasini davom ettiradigan yangi avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, bugun ta’lim va ilm-fanda boshlangan yangi davr mamlakatimizning ertangi kuni uchun qo‘yilgan eng ishonchli sarmoya ekaniga shubha yo‘q.

Akrom MALIK,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti

katta ilmiy xodimi,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori