Davlat xavfsizlik xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, ana shunday shaxslardan biri — o‘zini «Ummu Muhammad» deb atagan, 1986 yilda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida tug‘ilgan Abubakirova Mirojixon Azizullaevna. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244¹²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qidiruv eʼlon qilingan.

Qayd etilishicha, Mirojixon Abubakirova Suriyada terrorchilar safida jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan va hozirda qidiruvda bo‘lgan, 1979 yilda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida tug‘ilgan Abubakirov Sarvarbek Usmonjonovich bilan turmush qurgan. Uning taʼsirida ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlay boshlagan.

Taʼkidlanishicha, Abubakirova Telegram messenjerida «Oxirat hovlisi», «Tolib ilm bezagi» va boshqa kanal hamda yopiq guruhlarni tashkil etib, o‘zbekzabon xotin-qizlarga onlayn diniy saboqlar bergan.

Rasmiy maʼlumotda aytilishicha, ushbu faoliyat davomida ayollarga mutaassiblik va ekstremistik g‘oyalar singdirilgan, ular hijrat qilishga chaqirilgan hamda Suriya va Afg‘onistondagi terrorchilik tashkilotlariga jalb etilgan.

Materialda Mirojixon Abubakirovaning audio va videomateriallarda hijrat hamda jihod mavzularida radikal qarashlarni targ‘ib qilgani haqida ham maʼlumot berilgan.

Rasmiy maʼlumotga ko‘ra, uning taʼsiriga tushib, O‘zbekistondan xorijdagi terrorchilar safiga borib qo‘shilgan yoki turmush o‘rtog‘ini «kofir» deb eʼlon qilib, u bilan ajrashishi oqibatida farzandlari yetim qolgan ayollar ham bor.

Qayd etilishicha, yuqorida tilga olingan Telegram kanallari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan internet tarmog‘idagi diniy ekstremistik, terrorchilik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan manba va kontentlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Mazkur internet-resurslarga aʼzo bo‘lish, ulardagi materiallarni saqlash, ulardan foydalanish va tarqatish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni internetdagi shubhali diniy-ekstremistik kontentlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda.

Agar Mirojixon Abubakirova yoki Sarvarbek Abubakirov haqida maʼlumotga ega bo‘lsangiz, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 hamda Ichki ishlar vazirligining 1102 ishonch telefonlariga xabar berish so‘ralgan.