Farzandimiz maktabda o‘n bir yil o‘qiydi. Shu yillar yakunida u qanday inson bo‘lib yetishishini kim belgilaydi? Ta’lim tizimidagi yangi islohot bu savolga aniq javob berishni talab qilmoqda. Javob esa har bir oilaga, har bir mahallaga va yurtimiz kelajagiga daxldor.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilishi bundan buyon bog‘cha, maktab, professional ta’lim va oliygoh bitta tizimda, bitta mas’uliyat ostida ishlashini anglatadi. Vazirlik barcha bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etadi. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi esa o‘quv dasturlari va darsliklarni ishlab chiqadigan, amaliyotga joriy etadigan va natijasiga qarab takomillashtiradigan o‘ziga xos laboratoriyaga aylanadi. Oliy ta’limda davlat aralashuvi keskin qisqartirilib, oliygohlar mustaqilligi kengaytiriladi. Qaysi oliygoh sifatli ta’lim berayotganini esa erkin raqobat va bozor talabi ko‘rsatadi.

Islohotlar maktabning kundalik hayotiga yetib bormoqda. Ya’ni endi maktablar faoliyatini baholash uchun “sifat indeksi” joriy etiladi. O‘qituvchilarga majburiy bir oylik kurslar o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari beriladi. Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilib, uch oy ichida yangi yechimlar e’lon qilinadi. Demak, ayni damda ta’lim tizimi butunlay qayta loyihalanmoqda.

Bino qurilayotganda avval uning chizmasi tayyorlanadi. Kemaga qancha kuchli motor o‘rnatmang, kompas bo‘lmasa, manzilga yetib borishi mushkul. Ta’limning chizmasi ham, kompasi ham — bitiruvchi portreti. Shuning uchun u haqida aynan hozir gapirish kerak.

Portret haqida nimalar ma’lum?

Islohotning markazida turgan tushuncha — o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti. O‘quv dasturlari va metodik materiallar aynan shu portretga tayangan holda ishlab chiqiladi.

Davlatimiz rahbari 28 sentyabr kuni maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishish chog‘ida “Yangi O‘zbekiston maktab bitiruvchisi portretida bilim bilan bir qatorda zamonaviy ko‘nikmalar, axborot texnologiyalarini puxta egallash, ijodiy va mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish qobiliyati muhim o‘rin tutadi”, degan edi.

Shu yil 30-sentabrda “Yangi O‘zbekis¬ton” universitetida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa Prezidentimiz maktab bitiruvchisi katta hayotga kasb va xorijiy tilni egallab chiqishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Joriy yil 25-may sanasida maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigida esa til, kasb, kompyuter savodxonligi va mustaqil daromad topish ko‘nikmasini egallash muhim zaruratga aylanayotganini, mehnat bozori endi, avvalo, “hujjat” emas, amaliy bilim, malaka va natija so‘rayotganini qayd etgandi.

Bu so‘zlar ortida aniq imkoniyatlar turibdi. Mamlakatimizda 207 ta oliygoh va 643 ta texnikum yoshlarga zamonaviy bilim, kasb va malaka berishga tayyor. Tadbirkor bo‘lishni istagan yoshlar uchun banklar joriy yilda 25 trillion so‘m arzon kredit taklif etmoqda, startap loyihalarini boshlagan bitiruvchilar uchun 100 million dollar tayyorlab qo‘yilgan. Eng yirik AT kompaniyalar har yili kamida 50 ming bitiruvchini sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qitib, yuqori daromadli ishga joylashtiradi. Natijalar ham ko‘zga tashlanmoqda. PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilarimiz tabiiy fanlar bo‘yicha

32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni ¬egalladi. Yangi darsliklar milliy qadriyatlar, raqamli va moliyaviy savodxonlik bilan birga mustaqil va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan. 2027-yilga qadar 1342 nomdagi darslik va o‘quv-metodik material tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Bugun qishloqdagi oddiy maktab bitiruvchisi ham ertaga dunyo tan oladigan olim bo‘lishi uchun imkoniyat yetarli. Masala — undan foydalana oladigan, tashabbuskor va mas’uliyatli yoshni tarbiyalashda. Portretning vazifasi ham ana shu.

Bu chiroyli so‘zlar tizimi emas

Bitiruvchi portreti “Maktab oxirida qanday insonni ko‘rmoqchimiz?” degan savolga qisqa javobdir. Lekin u umumiy so‘zlardan iborat bo‘lib qolsa, amalda hech narsani o‘zgartirmaydi. Bu so‘zlarni har kim o‘zicha tushunadi, ularni o‘lchab bo‘lmaydi. O‘qituvchi esa darsda ko‘pincha tekshiriladigan narsani o‘rgatadi. Shu ma’noda, islohotdagi yangi yondashuv muhim. Endi o‘quvchining har bir sinf yakunida nimani bilishi va bajara olishi aniq belgilanadi. Ta’lim standarti, o‘quv dasturi, darslik va baholash o‘zaro bog‘liq holda shakllantiriladi. Portretning har bir sifati ham xuddi shunday aniq bo‘lishi kerak: bitiruvchi nima qila oladi, bu qanday tekshiriladi va buning uchun darsda nima o‘zgaradi?

Yangi darsliklar yaratishda tajribasiga tayanilgan mamlakatlar bu borada ibratli. Boshlang‘ich sinf darsliklari Finlyandiya ta’lim alyansi sertifikatsiyasidan o‘tgan, 5-7-sinflarning matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari esa Singapur darsliklari asosida ishlab chiqilgan. Ikkala mamlakatda ham bitiruvchi qiyofasi markazida insonning jamiyatga munosabati turadi.

Singapurda ta’limdan kutiladigan to‘rt natijadan biri — yurt tashvishini o‘z tashvishi deb biladigan inson. U Vatanida chuqur ildiz otgan, oilasi, jamoasi va millati oldida mas’uliyatli, atrofidagilar hayotini yaxshilashda faol ishtirok etadi. Bu natijalar har bir ta’lim bosqichi uchun alohida belgilangan.

Finlyandiyada yettita keng kompetensiyadan biri — ishtirok etish, ta’sir ko‘rsatish va barqaror kelajak qurish qobiliyati. Uni alohida fan emas, barcha fanlar birgalikda rivojlantiradi. Demak, ilg‘or ta’lim tizimlari faqat bilimli emas, jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan insonni tarbiyalashni maqsad qilgan.

O‘zak — faol hayotiy pozitsiya

Prezidentimiz ta’kidlagan sifatlar — bilim, zamonaviy ko‘nikma, mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish, kasb va til — bitiruvchining qanotlaridir. Lekin qayoqqa uchishni ham belgilab olish kerak. Nazarimda, portretning o‘zagi faol hayotiy pozitsiya bo‘lishi lozim.

Faol hayotiy pozitsiya insonning har bir harakati katta natijaga olib kelishini anglashidir. Yosh inson kitob o‘qisa, kasb o‘rgansa, tadbirkorlik bilan shug‘ullansa yoki mahallasidagi muammoni hal qilishga ko‘maklashsa, bu uning shaxsiy ishi. Ayni paytda bu oilasi, mahallasi va Vatani uchun ham hissadir. Shaxsiy intilish va Vatan manfaati bir-biriga qarshi emas, bir-birini to‘ldiradi. Bunday inson jamiyat rivojiga befarq bo‘lmaydi.

U kimdir kelib muammoni hal qilib berishini kutib o‘tirmaydi, intilish, albatta, natija berishiga ishonadi. Ilm, kasb va tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan ham aynan shunday yoshlar foydalana oladi. Prezidentimiz aytgan “mustaqil daromad topish ko‘nikmasi” faol hayotiy pozitsiyaning iqtisodiy ko‘rinishidir.

O‘zbek maktabi bitiruvchisi jamiyat bilan faol va mas’uliyatli munosabatda bo‘lish qobiliyatiga va istagiga ega insondir. U har bir harakati katta natijaga olib kelishini anglaydi va maqsadlarini oilasi, mahallasi va Vatani manfaatlari bilan uyg‘unlashtiradi. O‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik buning asosi bo‘ladi. Bitiruvchi har bir inson qadrini millati, tili va e’tiqodidan qat’i nazar, tan oladi. Turli fikrlarni bir-biriga qarshi qo‘ymay, ularni yaqinlashtirib, umumiy yechim topishni biladi.

Uni qanday taniymiz?

Fikrimizcha, bitiruvchi mustaqil fikrlab, zarur qaror qabul qila oladigan, notanish matndan asosiy fikrni, dalilni shaxsiy fikrdan ajrata bilishi kerak. Kasb va tilni egallagan, o‘z mehnati bilan yashaydi. Maktabni kamida bitta kasb asosi va bitta xorijiy til bilan tugatishi zarur. Boqimandalikni o‘ziga ep ko‘rmaydi, bepul berilgan ta’limning qadriga yetadi.

Shuningdek, u atrofidagilarga befarq emas. Ochiq qolgan jo‘mrakni yopadi, yo‘lda yotgan chiqindini idishga tashlaydi, keksalarga yordam beradi. Kichik ishda ko‘ringan mas’uliyat keyin katta ishda ham namoyon bo‘ladi.

Hamkorlikdan natija yaratadi. Maktab davridayoq jamoa bilan kamida bitta ijtimoiy loyihani boshidan oxirigacha amalga oshiradi. Masalan, mahallasidagi biror muammoni hal qilishda yoki maktab kengashida taklif ishlab chiqishda qatnashadi.

Bu belgilarning har birini notanish matn bo‘yicha topshiriq, loyiha portfoliosi, sinfdagi bahsni kuzatish orqali ko‘rish mumkin. Portret maktabgacha ta’lim yakuni hamda 4-, 9- va 11-sinf yakuni uchun alohida yozilsa, tarbiyachi va o‘qituvchi har bir bosqichda nimaga erishish kerakligini aniq biladi. Bog‘chada bola yaxshilikni his qiladi, maktabda uni o‘zi bajaradi, bitirayotganda esa qaror qabul qilib, jamoani boshqaradi.

Faol hayotiy pozitsiya inson umri davomida, 7 yoshdan 70 yoshgacha takomillashib boradi. Lekin uning poydevori maktabda qo‘yiladi. Yagona vazirlik sharoitida bu zinapoyani professional va oliy ta’limgacha uzluksiz davom ettirish imkoni tug‘ildi.

Nima xalaqit bermoqda?

Portretni qog‘ozga yozish oson. Uni hayotga tatbiq etish esa bir necha to‘siqni yengishni talab qiladi. Ularni ochiq tan olish islohotning muvaffaqiyati uchun zarur.

Boqimandalik. Kimdir kelib muammoni hal qilib berishini kutish odati yoshlar tashabbusini so‘ndiradi. Bepul berilayotgan ta’limdan samarali foydalanmaslik, tayyor imkoniyatni kutib o‘tirish ham shu odatning bir ko‘rinishi. Davlat yoshlar uchun kredit, grant va o‘quv dasturlarini tayyorlab qo‘ymoqda. Ulardan foydalanish uchun esa ichki intilish kerak.

Befarqlik. “Menga nima?” degan qarash kichik ishdan boshlanib, katta masalalargacha yetib boradi. Befarq inson eng yaxshi islohotni ham chetdan kuzatib turadi.

“Hujjat” uchun o‘qish. Maktab va oliygoh, asosan, baho va diplomga qarab ishlasa, bola ham bilim va ko‘nikma uchun emas, hujjat uchun o‘qiydi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mehnat bozori endi “hujjat” emas, natija so‘rayapti.

Shaklbozlik. Tadbir hisobot uchun o‘tkazilsa, bola faollik deganda yuqoridan kelgan majburiyatni tushunadi. Bunday “faollik” tashabbusni emas, loqaydlikni tarbiyalaydi.

Axborot muhiti. Bugun bola tarbiyasiga oila va maktab bilan birga ijtimoiy tarmoqlar ham kuchli ta’sir o‘tkazmoqda. Yoshlar ongiga qadriyatlarimizga yot qarashlar, mehnatsiz boylik va oson shuhratni ulug‘laydigan andozalar kirib kelmoqda. Ommaviy axborot vositalarida esa oddiy insonlarning kundalik foydali mehnati va tashabbusi haqidagi hikoyalar hali kam. Bolalar kitoblari va multfilmlarda ham mehnat, intilish va halol yutuqni ulug‘laydigan qahramonlar ko‘proq bo‘lishi kerak.

Bu to‘siqlarni bitta dars yoki bitta tadbir bilan yengib bo‘lmaydi. Ularga qarshi eng kuchli vosita bolaga yoshligidan “mening harakatim natija berdi”, degan haqiqiy tajribani berishdir.

Shulardan kelib chiqib, portretni me’yoriy hujjat sifatida tasdiqlash o‘rinli. Bunda bitiruvchi portreti maktabgacha, boshlang‘ich, tayanch va o‘rta ta’lim yakuni uchun bosqichma-bosqich, o‘lchanadigan ko‘rsatkichlar bilan ishlab chiqiladi. Yagona vazirlik sharoitida u professional va oliy ta’lim talablari bilan uzviy bog‘lanishi maqsadga muvofiq.

Buning uchun loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi, portret ota-onalar, o‘qituvchilar, ish beruvchilar va yoshlar ishtirokida keng muhokama qilinishi kerak. Chunki jamiyat o‘zi ishtirok etib yaratgan har qanday tashabbusni o‘ziniki deb qabul qiladi.

“Sifat indeksi”ga portret ko‘rsatkichlarini kiritish orqali maktablarni faqat test natijalari emas, o‘quvchilarning ijtimoiy loyihalari, kasb va til ko‘nikmalari kabi ko‘rsatkichlar bilan ham baholash mumkin.

Maktabni bitirguncha har bir o‘quvchi jamoa bilan kamida bitta ijtimoiy foydali loyihani amalga oshirishi, turli tashabbusli loyihalarni tashkil qilishi maqsadga muvofiq.

Kasb sinfxonada emas, ish joyida pishadi. Shu bois, davlatimiz rahbari alohida e’tibor qaratayotgan dual ta’limni texnikum va oliygohlarda keng joriy etish, ish beruvchilarni esa o‘quv reja va dasturlarni birgalikda tuzadigan teng huquqli sherikka aylantirish zarur. Germaniyada bunday ta’lim bitiruvchilarining 70-75 foizi o‘zi amaliyot o‘tagan korxonada ishlab qolayotgani bu yo‘lning samarasini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Kasbiy rivojlanish vaucherlari orqali o‘qituvchilar o‘quvchida faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish bo‘yicha amaliy kurslar tashkil etishi ham muhim.

Islohotning eng muhim natijasi yangi vazirlik yoki yangi darslik emas, maktabdan chiqadigan inson bo‘ladi. Shuning uchun bitiruvchi portretini aynan hozir, yangi tizimning poydevori qo‘yilayotgan paytda aniq va o‘lchanadigan qilib belgilash zarur.

Lekin portretni yolg‘iz vazirlik chizib bera olmaydi. Uning har bir chizig‘i har birimizning qo‘limizda. Ota-onalar bolaga birinchi namunani uyda ko‘rsatadi. Va’dada turish, mehnatni qadrlash, boshqaning haqini hurmat qilish oiladan boshlanadi. O‘qituvchilar darsda faqat bilim bermaydi. Ular bolaga o‘z fikrini aytishni va boshqani tinglashni o‘rgatadi. Mahalla bolaga o‘zi yashayotgan ko‘cha va hovlining egasi ekanini his qildiradi. Tadbirkorlar va mutaxassislar yoshlarga kasb sirlarini o‘rgatadi. Intilish, albatta, natija berishini o‘z misolida ko‘rsatadi. Yoshlarning o‘zi esa har bir harakati katta natijaga olib kelishini unutmasligi kerak.

Prezidentimiz bitiruvchilarga “Doimo o‘zgarishlar, islohotlar ruhi bilan yashaydigan avlod bo‘ling!” deb murojaat qilgan edi. Bunday avlodni tarbiyalash uchun maktab, oila, umuman, butun jamiyat ham o‘zgarish ruhi bilan yashashi kerak. Shunda maktablarimizdan Uchinchi Renessans bunyodkorlari yetishib chiqadi.

Nodir YUSUPOV,

pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori