Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oʻqituvchi mehnatining jamiyat va davlat taraqqiyotidagi oʻrni alohida eʼtirof etilib, pedagoglar shaʼni hamda qadr-qimmatini himoya qilish, kasbiy rivojlanishi uchun sharoit yaratish davlatning ustuvor vazifasi sifatida mustahkamlandi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida ham taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish koʻzlangan.

Xalqaro baholashlar dasturlarida munosib natijaga erishish ham ushbu uzoq muddatli siyosatning muhim mezonlaridan biri. Prezidentimizning 2019-yil 29-apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida Oʻzbekistonning PISA (The Programme for International Student Assessment) — Xalqaro miqyosda oʻquvchilarni baholash dasturi reytingida dunyoning ilgʻor 30 ta ­mamlakati qatoriga kirishi maqsad qilib belgilangan. Shu nuqtayi nazardan, PISA 2025 natijalari nafaqat xalqaro reytingdagi oʻrinni, balki taʼlim tizimida qaysi yoʻnalishlarda siljish yuz berayotgani va qaysi masalalarda ishlarni kuchaytirish zarurligini koʻrsatadigan muhim tahliliy mezondir.

2026-yil 8-sentyabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda OECD — Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti bilan oʻtkazilgan taʼlim forumida PISA 2025 natijalari rasman eʼlon qilindi. Forumda Oʻzbekiston natijalarining dinamikasi, taʼlimdagi tenglik, oʻquv muhiti, oʻqituvchi koʻmagi va natijalarga taʼsir qiluvchi omillar muhokama qilindi.

91 ta taʼlim tizimi, 760 mingdan ortiq oʻquvchi

PISA bu — OECD tomonidan tashkil etiladigan dunyodagi eng yirik xalqaro taʼlim tadqiqotlaridan biri. U 15 yoshli oʻquvchilarning bilimni shunchaki eslab qolishini emas, balki uni hayotiy vaziyatlarda qoʻllashi, murakkab muammolarni hal etishi, maʼlumot va dalillarni tahlil qilishi hamda asoslangan xulosa chiqarish qobiliyatini baholaydi.

PISA 2025 tadqiqotida dunyo boʻyicha 91 ta davlat va taʼlim tizimidan 760 mingdan ortiq oʻquvchi ishtirok etdi. Ular 15 yoshli qariyb 33 million oʻquvchini ifodalaydi. Oʻzbekistondan esa tasodifiylik hamda reprezentativlik tamoyili asosida tanlab olingan 233 ta maktabdan 8652 oʻquvchi tadqiqotda qatnashdi.

Tabiiy-ilmiy savodxonlik PISA 2025 tadqiqotining asosiy baholash yoʻnalishi boʻldi. Shu bilan birga, yangi innovatsion baholash yoʻnalishi “Raqamli dunyoda oʻrganish” doirasida oʻquvchilarning raqamli vositalardan foydalangan holda yangi bilimlarni oʻzlashtirish, oʻz oʻrganish jarayonini boshqarish hamda hisoblash va algoritmik fikrlash asosida muammolarni hal etish koʻnikmalari baholandi.

PISA 2025 tadqiqotining eng eʼtiborga molik natijasi tabiiy-ilmiy savodxonlik boʻyicha qayd etildi. Oʻzbekistonlik oʻquvchilarning oʻrtacha natijasi 438 ballni tashkil etib, 91 ta davlat va taʼlim tizimi orasida 48-oʻrinni egalladi. 2022-yilda natija 355 ball va 80-oʻrin edi. Demak, ikki baholash oraligʻida koʻrsatkich 83 ballga oshgan.

Biroq natijani faqat reyting bilan baholash yetarli emas. OECD  mamlakatlarida tabiiy fanlar boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 482 ball atrofida. Demak, Oʻzbekiston uchun erishilgan oʻsishni mustahkamlash bilan birga OYECD oʻrtacha koʻrsatkichiga yaqinlashish vazifasi ham dolzarbligicha qolmoqda.

Bazaviy darajaga yetayotganlar koʻpaydi

PISA natijalarini tushunishda oʻquvchilarning savodxonlik darajalari oʻrtacha balldan ham muhimroq manzarani beradi. Tabiiy-ilmiy savodxonlik boʻyicha 2-daraja bazaviy mezon hisoblanadi. Bu darajaga erishgan oʻquvchi kundalik hayotda uchraydigan ilmiy hodisalarni tushuntira oladi hamda sodda vaziyatlarda berilgan maʼlumotlarga tayangan holda xulosaning asosli yoki asossiz ekanini aniqlay oladi.

2022-yilda Oʻzbekiston oʻquvchilarining atigi 18,9 foizi kamida shu darajaga erishgan edi. 2025-yilda esa bu ulush qariyb 65 foizga yetdi. Boshqacha aytganda, bazaviy darajadan past qolayotgan oʻquvchilar ulushi keskin qisqardi. OYECD mamlakatlarida kamida 2-darajaga erishganlar ulushi oʻrtacha 74 foizni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich Oʻzbekiston natijalaridagi oʻsishning eng muhim mazmunini ochib beradi: oʻzgarish faqat oʻrtacha ballda emas, bazaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlayotgan oʻquvchilar qatlamining sezilarli kengayishida ham namoyon boʻlmoqda.

Islohotlarning markazida — oʻqituvchi va baholash sifati

PISA natijalaridagi oʻzgarishni birgina omil bilan izohlash toʻgʻri boʻlmaydi. Biroq 2022-2025-yillar davomida maktab taʼlimida amalga oshirilgan tizimli islohotlar ushbu natijalar tahlilida muhim asos boʻlib xizmat qiladi.

Soʻnggi yillarda maktab taʼlimida oʻquv dasturlarini kompetensiyaviy yondashuv asosida takomillashtirish, darsliklarni yangilash, pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini kuchaytirish hamda mezonlarga asoslangan baholash tizimini bosqichma-bosqich kengaytirishga qaratilgan tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” amaliyotlari orqali oʻqituvchilarning zamonaviy metodikalarni egallashi qoʻllab-quvvatlanmoqda, baholash tizimida esa oʻquvchining faqat bilimni eslab qolishi emas, balki uni tushunishi, qoʻllashi va fikrlash jarayonini aniqlashga qaratilgan yondashuvlar kuchaytirilmoqda.

Mazkur oʻzgarishlar PISA yondashuvi bilan hamohang boʻlib, taʼlim jarayonini bilimni takrorlashdan koʻra, uni real vaziyatlarda qoʻllash, tahlil qilish va asoslangan xulosa chiqarishga yoʻnaltirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy sharoit natijani qanchalik hal etadi?

Tadqiqot natijalari Oʻzbekiston uchun yana bir muhim jihatni koʻrsatdi. Ijtimoiy-iqtisodiy holati eng yuqori 25 foizdagi oʻquvchilar bilan eng past 25 foizdagi oʻquvchilar oʻrtasidagi tabiiy-ilmiy savodxonlik farqi qariyb 22 ballni tashkil etgan. OYECD mamlakatlarida bu tafovut oʻrtacha 85 ball. Mazkur raqamlar Oʻzbekistonda oʻquvchining ijtimoiy-iqtisodiy holati bilan taʼlim natijalari oʻrtasidagi bogʻliqlik OYECD oʻrtachasiga nisbatan zaifroq ekanini koʻrsatadi. Taʼlimda teng imkoniyatlarni taʼminlash nuqtayi nazaridan bu ijobiy koʻrsatkichdir.

Ushbu siyosat maktabgacha bosqichdan boshlanmoqda. 2026-yilda maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetgan, 2030-yilgacha uni 80 foizga, maktabga tayyorlov guruhlari qamrovini esa 100 foizga yetkazish maqsad qilingan. 2026-2028-yillarda barcha hududlarda “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari va Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Kitob, oiladagi muhit va bolaning maqsadi

PISA maʼlumotlari natijaga faqat maktabdagi dars emas, bolaning oiladagi oʻquv muhiti ham bogʻliq ekanini koʻrsatadi. Oʻquvchining uyidagi kitoblar soni ortib borishi bilan tabiiy-ilmiy savodxonlik natijalari ham yuqorilab borishi kuzatiladi. Buni “kitobning koʻpligi natijani oshiradi”, degan toʻgʻridan toʻgʻri xulosa emas, oiladagi kitobxonlik va oʻrganish muhiti bilan taʼlim natijasi oʻrtasidagi kuchli bogʻliqlik sifatida talqin qilish toʻgʻriroq.

Shuningdek, oʻquvchilarning kelajakdagi taʼlimga oid intilishlari bilan ularning natijalari oʻrtasida ham bogʻliqlik mavjud. Oliy taʼlimni davom ettirishni koʻzlagan oʻquvchilarning natijalari odatda yuqoriroq. Bu bolaning oʻz oldiga katta taʼlim maqsadini qoʻyishi, oilaning taʼlimga munosabati va kelajak imkoniyatlarini koʻra olishi maktabdagi oʻqishga hamohang omillar ekanini koʻrsatadi. Shu nuqtayi nazardan, ­Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi rivojlanishi, muhandislik maktablari tashkil etilishi, oliy taʼlimga kirish imkoniyatlari kengayishi va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari maktab oʻquvchisi oldida taʼlimning keyingi bosqichlari uchun kengroq ufq ochmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, PISA tadqiqotining ahamiyati faqat reytingdagi oʻrin bilan cheklanmaydi. Uning asosiy vazifasi taʼlim tizimiga oʻzining kuchli va zaif boʻlgan jihatlarini xalqaro mezonlar asosida baholash imkonini berishdir.

PISA 2025 tadqiqoti Oʻzbekiston uchun bir necha aniq xulosani koʻrsatmoqda.

Birinchidan, tabiiy-ilmiy savodxonlik boʻyicha bazaviy darajaga erishayotgan oʻquvchilar qatlami keskin kengayishi katta ijobiy siljishdir.

Ikkinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy holati turlicha boʻlgan oʻquvchilar orasidagi tafovutning nisbatan kichikligi taʼlimdagi teng imkoniyatlar nuqtayi nazaridan muhim.

Uchinchidan, yuqori savodxonlik darajalariga erishgan oʻquvchilar ulushini oshirish va raqamli muhitda murakkab muammolarni hal qilish koʻnikmalarini kuchaytirish zarur. Shu maʼnoda, PISA 2025 yakuniy nuqta emas, keyingi islohotlar uchun diagnostik nuqtadir. Maktab taʼlimi sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini muntazam rivojlantirish, baholashni bilimni takrorlashdan koʻnikmani namoyish etishga yoʻnaltirish, tabiiy va aniq fanlarda yuqori darajadagi fikrlashni kuchaytirish hamda raqamli va sunʼiy intellekt savodxonligini taʼlim mazmuniga chuqur integratsiya qilish oldindagi ustuvor yoʻnalishlar boʻlib qoladi.

Prezidentimiz mustaqilligimizning 35 yilligi bayramidagi tarixiy nutqida ham  kelgusi oʻn yillik biz uchun milliy yuksalish davri boʻlishi haqida alohida taʼkidlab, bu yoʻlda, eng avvalo, bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantiradigan milliy dastur qabul qilinishini belgilab berdi. Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan toʻliq qamrab olinishiga eʼtibor qaratdi. Milliy dastur va unda belgilangan vazifalarning amalga tatbiq etilishi yangi Oʻzbekiston taʼlimining Uchinchi Renessans poydevoriga aylanishini taʼminlashi shubhasiz.

Eʼzozxon KARIMOVA,

maktabgacha va maktab

taʼlimi vaziri