Bu haqida "O‘zbekiston 24"da lavha berildi.

Qayd etilishicha, Perseidlar Swift–Tuttle kometasidan qolgan chang va mayda zarrachalar Yer atmosferasiga yuqori tezlikda kirib, qizib yonishi natijasida paydo bo‘ladigan yorug‘ meteor izlaridir. Yer har yili mazkur kometa qoldirgan zarrachalar oqimi orqali o‘tgani uchun avgust oyida Perseidlar kuzatiladi. Swift–Tuttle kometasi Quyoshga oxirgi marta 1992-yilda eng yaqinlashgan.

Ushbu astronomik hodisani kuzatish uchun teleskop shart emas. Shahar chiroqlaridan uzoq, osmon ochiq ko‘rinadigan joyda oddiy ko‘z bilan ham meteorlani ko‘rish mumkin. Eng yaxshi kuzatuv sharoiti tun yarmidan keyin, ayniqsa tongga yaqin yuzaga keladi. Qorong‘i osmon sharoitida soatiga taxminan 25 ta meteorni ko‘rish mumkin, ayrim qulay sharoitlarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Perseidlar meteor oqimi 2026 yilda 24 avgustga qadar faol bo‘ladi, biroq uning eng yuqori faollik davri 12 avgustdan 13 avgustga o‘tar kechaga to‘g‘ri keladi.

Bugun yana bir astronomik hodisa kuzatiladi. 12 avgust kuni to‘liq Quyosh tutilishi ham sodir bo‘ladi. Bu hodisa Oy Quyosh va Yer orasidan o‘tib, Quyosh diskni to‘liq qoplaganida yuzaga keladi. To‘liq Quyosh tutilishi yo‘li Grenlandiya, Islandiya va Ispaniyaning ayrim hududlaridan o‘tadi.

Shu tariqa, 12-avgust kuni kunduzgi Quyosh tutilishi, kechasi esa Perseidlar meteor oqimining eng faol davri kuzatuvchilar e’tiborida bo‘ladi.