Mustaqillikning har bir yili qadrli, har bir kuni istiqlolni mustahkamlash yoʻlida olgʻa tashlangan bir qadam boʻldi. Tetapoya boʻlayotgan murgʻak, navnihol davlatning qad koʻtarish davridagi qiyinchiliklari har bir shakllanayotgan davlatga xos. Davlatimiz va xalqimiz milliy tiklanish davrini mardonavor bosib oʻtdi.
Bugun
erishilgan natijalarni kechagi mehnatdan ayro holda tasavvur etib boʻlmaydi. Dastlabki
davrda mustaqil davlatimizning huquqiy asoslari yaratildi, boshqa bir davrda ularni
amaliyotga tatbiq etishga eʼtibor qaratildi. Keyin esa hayotning oʻzi yangi vazifalarni
oldimizga qoʻydi. Davlat va jamiyat rivojlangani sari kechagi ehtiyojlar oʻrniga
yangilari paydo boʻldi.
Bu ishlarning har biri oʻz davri uchun muhim edi. 2017 yil davlatimiz
va jamiyatimiz yana bir yangi davrga qadam qoʻydi. Bu davr yangi Oʻzbekiston davri
sifatida tarixga muhrlandi.
Xushnudlik
Yillar oqar suvdek shiddat bilan oʻtib boryapti. Bugun dunyoda
tinchlik degan muqaddas qadriyat tahlikali davr qurboniga aylanmoqda. Katta davlatlar
dunyo hukmronligi daʼvosida pinhona raqobatdan ochiq tahdid yoʻliga oʻtdi, qirgʻinbarot
siyosat millionlab oilalarning ertangi kunga umidini soʻndirmoqda. Qonli urushlar
girdobida qolgan xalqlarning dod-faryodi yeru koʻkni tutmoqda.
Dunyoda boʻlayotgan voqealarni kuzatib, zaminimiz kelajagidan
xavotirga tushamiz. Xalqimizning tinch va farovon hayotiga nazar solib, bir xursand
boʻlamiz, bir ich-ichimizda bu dunyoviy falokatlar yurtimizni chetlab oʻtsin deb
iltijo qilamiz.
Atrofga bir nazar soling-a, bolalar maktabga, kattalar
poʻrim kiyimlarda ishga shoshadi. Bir paytlar hayhotdek koʻringan koʻchalar
mashinalar tirbandligidan zoʻrgʻa nafas oladi. Yoʻl chetidagi doʻkonlarning
rang-barangligiyu, ulardagi bosilib yotgan oziq-ovqatlar va kiyim-kechaklardan
boshing aylanadi. Bir soʻz bilan aytganda, hayot goʻzal! Shaharlarimiz
chiroyidan koʻnglimiz faxrga toʻladi. Chet ellik sayyohlar togʻlarda tashkil
etilgan dam olish maskanlarimizdagi sharoitlarga qoyil qolmoqda, hayratdan tillari
lol.
Endi odamlarimizga qarang. Oliy oʻquv yurtlari
oʻqituvchilari oyligidan orttirib, dangʻillama uylarga koʻchib oʻtyapti,
propiska degan muammolar allaqachon xalqning esidan chiqib ketdi, hech bir
qiyinchiliksiz bank kreditlari olib, chiroyli mashinalar minyapti. Bularning
bari haqiqatmi, haqiqat!
Yaxshi kunlarimiz restoranlarda nishonlanyapti, kechasi
bilan parklar, kafelar oilalar bilan limmo-lim. Bolalar xursand,
buva-buvilarning vaqti chogʻ. Ota-onalar xususiy bogʻchalaru xususiy
maktablarning qay birini tanlashga boshi qotgan. Uying-joying, puling-moling,
yegulik ovqatinggacha onlayn xizmatdan foydalanasan. Toʻgʻrimi?
Idorama-idora sarson boʻlish yoʻq, muammoingni hal
qiladigan davlat xizmatlari shay. Kundalik muammolaring elektron murojaat
orqali bir zumda hal boʻladi. Fermerlaru tadbirkorlarimiz, dehqonlarimiz
yetishtirgan mahsulotlarini sotib jaraq-juruq pul sanayapti, xonadonlarda 3-4
tadan mashina tizilib turibdi, goʻyo bu farovonlik oʻz-oʻzidan kelgandek...
Xorijga bemalol chiqib kelyapmiz, xohlagancha chet el
valyutasini olib kirib, olib chiqyapmiz, xayolimizda goʻyo hamisha shunday
boʻlgandek...
Chiroyli parklarga, togʻlardagi soʻlim maskanlarga
chiqib dam olyapmiz, restoranlarda umrimizda eshitmagan, yemagan taomlarni
tanovul qilyapmiz. Goʻyo ilgari ham shunday boʻlgandek. Koʻkka boʻy choʻzgan
osmonoʻpar imoratlarimizdan koʻzimiz quvonchga toʻladi, goʻyoki hamisha
shaharlarimiz shunday goʻzal boʻlgandek.
Bu bor-yoʻgʻi 9-10 yil ichida roʻy bergan real voqelik.
Insonga yana nima kerak?! Roʻzgʻori but, bagʻri butun, bola-chaqasi bagʻrida.
Bundan ortiq baxt bormi? Endi bir mulohaza qilib koʻring, bu oʻz-oʻzidan
boʻldimi?
Yaqin oʻtmishga bir nazar
Bugungi yangi Oʻzbekiston qiyofasiga koʻzimiz oʻrgandi.
2017-yildan oldingi holat esimizdan chiqqandek... Inson tabiati shunday,
hayoti farovonlashgani sari boshidan oʻtkazgan qiyinchiliklari, azobu
uqubatlarini darrov unutib yuboradi.
70 yillik mustabid tuzum davrida xalqimizning qaddi
bukildi, qadri yoʻq edi. Tariximiz soxtalashtirildi, urf-odatlarimiz poymol
qilindi, eʼtiqodimiz taʼqib etildi. Ziyolilarimiz qatagʻonga uchrab, ruhimiz
sindirildi. Qadrimiz toptaldi, bizni qora mehnat qilishdan boshqasiga
yaramaydigan qoloq, madaniyatsiz va savodsiz xalqlar qatoriga kiritdilar. Ongu
tafakkurimiz zaharlanib, eʼtiqodsiz manqurt kimsalarga aylantirildik.
Uzoqqa bormaylik, hatto mustaqilligimizning dastlabki
25 yilida ham qaddimizni rostlay olmadik. Paxta yakkahokimligiga barham
berilmadi. Maktab oʻquvchilari, oliy oʻquv yurtlari talabalari oʻqish oʻrniga
3-4 oylab paxta terimiga jalb etildi. Oqibatda taʼlim tizimi izdan chiqdi,
korrupsiya botqogʻiga botdik, sogʻliqni saqlash tizimi tanazzulga uchradi.
Jamiyatda maʼnaviy buzilish avj oldi. Jinoyatchilik, ishsizlik, byurokratiya,
kambagʻallashuv avj nuqtasiga chiqdi.
Endi yoʻllarimizni ham bir eslab qoʻying.
Shaharlarimiz va qishloqlarimiz qanday ahvolda edi? Chet eldan mehmonlar kelsa,
turmush sharoitimizdan xijolat chekardik. Oyliklarimiz kam, uchma-uch qilib,
oʻzimizni qisib, zoʻrgʻa roʻzgʻor tebratardik.
Naqd pul muammo edi. Oyliklar plastik kartochkaga
oʻtkazib berilardi, unga ming mashaqqat bilan narsa olardik yoki ololmasdik.
Kechqurunlari koʻchaga chiqishga qoʻrqardik. Na tuzuk ovqat yeydigan bir
oshxona, na tuzuk dam olish bir maskan bor edi. Chet elga chiqish, valyuta
olish muammolarini gapirib ham oʻtirmayman. Boshidan oʻtkazgan oʻzi yaxshi
biladi.
Shaharlar oʻrtasida qatnaydigan avtobuslar qayergadir
yoʻq boʻlib ketgandi. Avtostansiyalar qarovsizlikdan nurab yotardi. Bir
viloyatdan ikkinchisiga borguncha nechta postdan tekshirishdan oʻtardik.
Qoʻshni davlatdagi qarindoshingnikiga borishning iloji yoʻq edi hisob.
Uysizlar, yersizlar, boshpanasizlar, ishsizlar, nogironligi bor odamning
dardini eshitadigan kimsa bormidi? Agar bir boshdan sanasam, boshingizga ogʻriq
kiradi.
Inson qadri uchun kurash
Prezidentimiz 2017-yil katta islohotlarni boshlash
oldidan dastlabki murojaatida uning oliy maqsadi elimiz qalbidan alamli
kunlarni unuttirish, xalqimiz uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi uchun
kurashishini baralla aytganida kimlardir buni istehzo bilan qabul qilgandi.
Bugun istehzolar oʻrnini hayrat va faxr tuygʻusi egallaganini, xalqimizning
hayotdan roziligini koʻrib ich-ichingdan quvonasan, oʻtgan yillar ichida inson
qadri va qaddini koʻtarish yoʻlidagi murosasiz kurash natijalarini sarhisob
qilasan. Ayrimlarini esga solaman:
— majburiy mehnat bekor qilindi;
— naqd pul, valyuta ayirboshlash muammosi
hal etildi;
— diniy eʼtiqodimizga toʻla erkinlik berildi;
— ochiqlik siyosati taʼminlandi;
— uzoq yillardan beri yigʻilib kelgan ijtimoiy
muammolar hal etildi;
— yangi shahar va mavzelar qurilib, uysizlar uy bilan
taʼminlandi;
— tadbirkorlik uchun himoyalangan qulay sharoitlar
yaratildi.
Bundan tashqari, qanchadan qancha sanoat korxonalari
qurilgani, raqamlashtirish natijasida byurokratiyaga chek qoʻyilgani,
xotin-qizlarimizga misli koʻrilmagan imtiyozlar berilgani, aholining ijtimoiy
muhofazasi, imkoniyati cheklangan fuqarolarga yaratilgan sharoitlar haqida
gapirmasam ham boʻladi.
Yosh avlod tarbiyasiga eʼtiborni aytmaysizmi?! Minglab
davlat va xususiy bogʻchalar tashkil etildi, xususiy maktablar ochildi,
Prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablari tashkil etildi, taʼlim
tizimi korrupsiyadan xoli qilindi.
Bu hammasi emas. Aytaversam, roʻyxat ancha choʻziladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va tashqi siyosat yoʻnalishidagi amaliy ishlar haqida
toʻxtalib oʻtirmayman, bu alohida mavzu. Bularning barisi chuqur oʻylangan
siyosat, xalqparvarlik, inson qadrini koʻtarish yoʻlidagi jiddiy harakat, inson
qadrini koʻtarish, hayotini farovon qilish yoʻlidagi izchil islohotlar tufayli
yuz berdi.
Yurt
qaygʻusida oʻrtangan yurak
Prezidentimiz faoliyatini bir paytlar Osiyo yoʻlbarsi
deb nom olgan Singapur rahbari Li Kvan Yu faoliyatiga oʻxshataman.
Singapur oʻtgan asrning 60-90-yillarida jadal
rivojlanib, dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoridan joy oldi.
Tadqiqotchilar ushbu davlatning yuksak iqtisodiy taraqqiyoti va aholi turmush
tarzining yuksalishini davlat rahbarining fidoyiligi, kurashchanligi, qatiy
irodasi, pragmatik siyosati va tartibsizlikka murosasizligi bilan izohlaydi.
Uning vatanparvarligi, oʻz yurti va xalqini yorugʻlikka chiqarishga butun
vujudi bilan ishongani va ishontira olgani katta rol oʻynagani koʻp
taʼkidlangan.
Mamlakatimiz yetakchisi shaxsiyatida ham, Prezidentlik
faoliyatida ham ayni shu xususiyatlar ustuvor.
Li Kvan Yuning siyosati oʻz davrida turlicha baholangan
boʻlsa-da, eng ashaddiy muxoliflari ham keyinchalik bu davlat rahbarlarining
siyosati oʻsha davr va vaziyat uchun toʻgʻri boʻlganini tan olgan.
Agar Shavkat Mirziyoyevning asosiy maqsadi Prezidentlik
lavozimini qoʻlga kiritish boʻlganda edi, oʻz jonini bunchalik qiynab, sochini
oqartirib, yuz minglab muammo bilan boshini achitib yurmasdi. Mamlakat minglab
muammo girdobida choʻkib borayotgandi, tashqi siyosatda Oʻzbekiston oʻrgimchak
toʻriga ilingan behol va najotsiz pashshaning holini eslatardi. Faqat vijdon
amri bilan xalq va mamlakat taqdiriga befarq qarolmagani uchun shu masʼuliyatni
oʻz boʻyniga olishga qaror qildi. Xalq ishonch bildirdi.
Prezidentimiz ogʻizda emas, amalda xalqimizning qaddini
tiklayman, millatimning qadrini koʻtaraman, Vatanimni obod qilaman degan buyuk
maqsad bilan maydonga chiqdi. Mavhum kelajak qarshisida bunday masʼuliyatni boʻyinga
olish insonning oʻta jasoratli ekanini koʻrsatadi. Obrazli qilib aytganda,
Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqilligimiz binosi poydevori ustiga qiyshiq
terilgan gʻishtlarni olib tashlab, yangidan devor koʻtarishga bel bogʻladi va
bu binoni yangi Oʻzbekiston deb atadi.
Oʻsha payt Prezidentimiz oldida oʻtgan 25 yilda
qilinishi kerak boʻlgan, ammo oʻz holiga tashlab qoʻyilgan ishlarni, birinchi
navbatda, ijtimoiy gazak olgan muammolarni hal qilish vazifasi turardi. Xalq
qabulxonalari tashkil etilib, minglab muammolar joyida hal etildi. Yana minglab
muammolar yechimi boʻyicha dasturlar ishlab chiqildi.
Ayni paytda har jabhada, iqtisodiy-siyosiy,
ijtimoiy-madaniy sohalarda, davlat va jamiyat qurilishida ham tub islohotlar
boshlandi.
Bu juda katta hajmdagi mehnat butun salohiyat va
resurslarni, butun jamiyatni oyoqqa turgʻizishni taqozo etardi.
Prezidentimizning “Albatta, qiyin boʻladi, ammo reja boʻyicha
bosqichma-bosqich oʻtib boraverganimiz sari yukimiz yengillasha boradi. Vaqt
bizni kutmaydi, biz vaqtdan yutishimiz kerak”, degan gaplari deyarli barcha
yigʻilishlarda takrorlanardi.
Uzoqqa moʻljallangan siyosat
Davlatimiz rahbari oʻz faoliyatining ilk kunlaridan
mamlakatda maʼnaviy-tarbiyaviy muhitni sogʻlomlashtirish, aholi ongiga
oʻrnashgan boqimandalik va loqaydlik illatini bartaraf etishga jiddiy eʼtibor
qaratdi, yosh avlodning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun qulay sharoitlar
yaratishga kirishdi.
Qonunchiligimiz adolatli koʻrinsa-da, qonunosti
hujjatlarda buning aksi edi. Hammasi xalq manfaatlari nuqtayi nazaridan butkul
qayta koʻrib chiqildi. Tadbirkorlikka qoʻyilgan toʻsiqlar olib tashlandi,
mintaqa va jahon hamjamiyati bilan aloqalar tiklandi.
Pul-kredit, valyuta siyosati, aholining ijtimoiy
muhofazasi kabi yana yuzlab sohalardagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish
mexanizmlari ishlab chiqildi. Mamlakat eksport salohiyati oshirildi,
investitsiya muhiti yaxshilandi.
Prezidentimiz mamlakatni 10-15 yil ichida
taraqqiyotning ravon yoʻliga olib chiqishga yoʻnaltirilgan barcha strategik
harakatlarini uch bosqichga, 2021-yilgacha boʻlgan davr uchun birinchi,
2026-yilgacha muddatni qamrab oluvchi ikkinchi hamda 2030-yilgacha boʻlgan
yakunlovchi bosqichga boʻldi.
Mamlakatimiz yetakchisi hech bir sohani nazardan
qochirmasdan, barcha xavf-xatar va toʻsiqlarni oldindan hisobga olgan holda
birma-bir, juda puxta oʻylagan holda, aniq moʻljalli yurish bilan ilgarilay
boshladi. Har bir tashabbus negizida oʻnlab maqsadlarni koʻzda tutuvchi
dasturlar tuzdi. Bu dasturlarga, garchi keyingi bosqichlarda qilinishi
rejalashtirilgan boʻlsa ham, kelajak uchun poydevor boʻluvchi yoʻnalishlarni
kiritdi. “Bir deganda hammasini qamrab olish” iborasi Prezidentimizning
pozitsiyasini aynan ifodalaydi.
Mamlakatni jannatmonand oʻlkaga aylantirish orzusi
Davlatimiz rahbari 2017-yil boshidan mamlakatda
turizmni rivojlantirishni ustuvor masalalardan biri sifatida kun tartibiga
qoʻydi. Ha, albatta, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Qoʻqon, Shahrisabz kabi
qadimiy, buyuk shaharlarimiz bor. Kelib koʻrsa arzish nuqtayi nazaridan butun
dunyo sayyohlarini doim oʻziga maftun etib keladi bu koʻhna kentlarimiz. Bu
iqtisodiyotimiz rivoji uchun yaxshigina foyda keltiradi.
Ammo yurtimizda dunyo tanishi kerak boʻlgan minglab
tarixiy joylar va obidalar, jannatmonand soʻlim maskanlar bor. Prezidentimiz
turizmga nafaqat barqaror daromad, asosiysi, ularni dunyoga tanitish,
Oʻzbekistonning shonli tarixini, boy madaniy va maʼnaviy merosini targʻib
qilish vositasi sifatida qaradi. Maxsus farmon va qarorlar asosida turizm
infratuzilmasini rivojlantirish, mehmonxona xizmati, turistik firmalarni
litsenziyalash, kreditlar ajratish, turli imtiyozlar berish, soha uchun kadrlar
tayyorlashning huquqiy asosi mustahkamlandi.
Natijada turizmni rivojlantirishga qaratilgan
harakatlar jarayonida eʼtiborsiz qolgan tarixiy obidalarimiz taʼmirlandi,
atrofi koʻrkam shaklga keltirildi, yoʻlu koʻchalarimiz obod boʻldi, unutilib
ketgan mumtoz sanʼatimiz, hunarmandligimiz va meʼmorligimiz anʼanalari
tiklandi. Samarqandu Buxoro, Xiva shaharlari “Ming bir kecha” ertaklaridagi
afsonaviy Sharq oʻlkasi qiyofasini oldi.
Dunyoni lol qoldirguvchi Islom sivilizatsiyasi markazi
bunyod etildi. Baland togʻlarimiz bagʻrida jannatmonand dam olish maskanlari
qurildi, butun dunyo Oʻzbekistonga oqib kela boshladi. Sayyohlar xalqimiz madaniyati
va sanʼati, urf-odatlari, dunyoqarashidan xabardor boʻldi, koʻp ming yillik
tariximiz bilan tanishdi. Chet ellarda Oʻzbekiston degan davlat, oʻzbek degan
xalq haqida notoʻgʻri tasavvurga ega boʻlganlar bu elning bashariyat ilm-faniga
qoʻshgan buyuk hissasini koʻrib, fikrini oʻzgartirdi. Eng quvonarlisi, aholi,
ayniqsa, yosh avlod oʻz maʼnaviy ildizlaridan xabardor boʻldi, milliy gʻururi
oshdi.
Dunyo tan olgan siyosiy lider
Prezidentimiz Oʻzbekistonni taraqqiy ettirishga xalaqit
beradigan jiddiy toʻsiqlar borligini yaxshi tasavvur qilardi. Mamlakat ichida
yigʻilib qolgan muammolarni hal qilish qanchalik ogʻir boʻlsa, tashqi
tahdidlarning oldini olish undan ogʻir masala edi. Birinchi navbatda, Markaziy
Osiyoda tinchlik kafolatlanmas ekan, Oʻzbekiston taraqqiyoti hamisha xavf
ostida qolishini yaxshi tushunardi.
100-yil oldin etnik qavmlarni boʻlib tashlash hisobiga
amalga oshirilgan chegara chiziqlari sobiq ittifoq parchalangandan soʻnggi ilk
yillarda qoʻshni yosh mustaqil davlatlar oʻrtasida milliy nizolarga olib
keluvchi qurolli toʻqnashuvlarga sabab boʻldi, yer, tarix talashish,
suv-energetika taqsimoti janjali qoʻshni davlatlar rahbarlari oʻrtasida
murosasiz munosabatni shakllantirdi. Oxirgi yillarda ixtiloflar kuchayib,
kelishmovchiliklar yanada chuqurlashib borayotgan edi. Bundan foydalangan
xorijdagi ayrim siyosiy kuchlarning gijgijlashi vaziyatni yanada
ogʻirlashtirib, mintaqaning urush oʻchogʻiga aylanish xavfi tobora ortib
borardi.
Davlatimiz rahbari 2017-yili chuqur tahlillardan soʻng
Markaziy Osiyoni xavfsiz va barqaror mintaqaga aylantirishni Oʻzbekiston tashqi
siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi deb eʼlon qildi. Turkmaniston,
Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston rahbariyatiga qator tashabbuslar bilan
chiqib, ularni barcha nizolarga chek qoʻyish va har tomonlama manfaatli, ochiq,
doʻstona va pragmatik hamkorlikka chaqirdi.
Aynan oʻsha yili oʻtkazilgan BMT Bosh Assambleyasi
sessiyasida Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi asriy
muammolarga chek qoʻyish va qoʻshnilar bilan muammolarni hal qilishda
istisnosiz murosaga tayyor ekanini eʼlon qildi.
Ushbu tashabbus dunyo hamjamiyati eʼtiborini tortdi.
Bunga ishonchsizlik bilan qaraganlar ham boʻldi. Negaki qudratli davlatlar oʻz
vaqtida Sharqdagi mustamlaka oʻlkalar chegaralarini belgilaganda, azaldan bir
hududda gʻuj yashagan xalqlarni atayin ikkiga boʻlib chegara tortgan. Bu
siyosat ortida yerli xalqlarni bir umr oʻz taʼsir doirasida ushlab turish
rejasi turgan. Ular qachon bu oʻlkalar mustaqillik daʼvo qilsa yoki bunga
erishsa, chegara hududlarda milliy nizolar chiqarish va hatto urush alangasini
yoqish, shu orqali “kuchaygan davlatchaning popugini pasaytirib qoʻyish” uchun
oʻziga imkoniyat qoldirgan.
Prezidentimizning Markaziy Osiyodagi mavjud vaziyatni
oʻzgartirishdagi muvaffaqiyati uning oʻtkir diplomat ekanini butun dunyoga
isbotladi. Shavkat Mirziyoyev dunyoning zukko siyosiy liderlaridan biri
sifatida eʼtirof etildi.
Xulosa
Bugun davlatimiz rahbarining uzoqni koʻzlab yuritgan
siyosati qanday ijobiy natijalarga olib kelganini oʻzingiz koʻrib turibsiz.
Qirgʻiziston va Tojikiston bilan oʻrtamizdagi chegara muammolarining hal
etilishi shaxsan Prezidentimizning tashabbusi va tinchlikparvar siyosati bilan
amalga oshdi. Natijada davlat rahbarlari oʻrtasidagi murosasiz munosabatlar
qardoshlik va birodarlik tuygʻusi bilan almashdi, ogʻriqli nuqtalar bartaraf
boʻldi. Oʻzaro yaqin iqtisodiy-madaniy hamkorlik boshlandi. Chegara darvozalari
lang ochildi. Bordi-keldi bilan bogʻliq muammolar yechildi. Uzoq yillar
bir-biridan ajrab qolgan qarindoshlar qayta topishdi.
Bunday misollarni koʻp keltirish mumkin. Salkam 10 yil
davomida mamlakatimiz misli koʻrilmagan transformatsiya jarayonini boshdan
kechirdi. Prezidentimiz boshchiligida oʻtkazilgan va davom etayotgan
iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy islohotlar koʻlamini ikki ogʻiz soʻz bilan
tushuntirish amrimahol. Ular kirib bormagan sohalar qolmadi hisob. Bu
oʻzgarishlarning zalvorini his etish uchun 2016-yildan ilgarigi hayotimizni
bugunimiz bilan qiyoslashning oʻzi kifoya.
35 yil — tarix uchun katta muddat emas. Xalqlar va
davlatlarning shakllanish tarixi asrlar bilan oʻlchanadi. Mamlakatimiz mana shu
qisqa davr ichida mustaqil taraqqiyot yoʻliga chiqib, milliy tiklanishdan
milliy yuksalish sari yuz burmoqda. Yangi Oʻzbekistonning yorqin kelajagini
qurish yoʻlida tashlanayotgan zafarli odimlar milliy davlatchiligimiz
tarixining eng yorqin sahifasini yaratmoqda.
Bu misli koʻrilmagan qahramonlikdir. Ayniqsa,
davlatimiz oʻz oldida qoʻygan ulkan maqsadlarni tayyor qoliplar asosida emas,
balki milliy tiklanish davrida orttirilgan tajribalardan kelib chiqib, keskin
burilish masʼuliyatini oʻz zimmasiga olgani, geosiyosiy oʻyinlar iskanjasida
qabul qilingan nostandart yechimlar, milliy manfaatlar himoyasi yoʻlida chuqur
oʻylangan tashabbuslar, inson qadrini ulugʻlash yoʻlidagi xalqchil siyosatni
amalga oshirish oson kechmaganini nazarda tutsak, buning ahamiyati yanada
yorqin namoyon boʻladi.
Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatdagi zafarli
yutuqlari 2017-yildan shu kungacha qatʼiyatli davom etib kelayotgani va bu
yoʻlda Oʻzbekiston sobitqadam ekani islohotlar ortga qaytmasligidan dalolat
beradi.
Yorqin kelajagimiz, tinch hayotimiz va farovonligimiz uchun mehnat
qilayotgan hazrati inson atrofida jipslashgan matonatli xalqimizning kelajagi
porloq, Vatanimiz rivojiyu ravnaqi bundan-da yuksalishiga aslo shubha yoʻq.
Shuhrat SIROJIDDINOV,
Akademik