Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning sayyohlik infratuzilmasini tubdan yaxshilash va turizm salohiyatini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Tashrif doirasida mazkur loyiha ham taqdim etildi.

Yirik investitsiyalar hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan majmuada Buxoroning mashhur milliy taomlari — Gʻijduvon shashligi, Olot somsasi, “Oshi sofi” palovi, yaxna, halisa, gumma va barakni bir joyda jamlash koʻzda tutilgan.

Loyiha doirasida 50–60 nafar tadbirkor uchun faoliyat yuritish imkoniyati yaratiladi. Buning natijasida 200 ta yangi ish oʻrni tashkil etilishi kutilmoqda.

Zamonaviy infratuzilmaga ega gastronomik markaz kuniga 3–5 ming nafargacha tashrif buyuruvchiga xizmat koʻrsatishi mumkin.

Loyiha Buxoroning sayyohlik salohiyatini oshirish hamda aholi va sayyohlar uchun yangi gastronomik va hordiq maskani yaratishga qaratilgan.