Maʼlum qilinishicha, Qibray tumanida yashovchi fuqaro bir guruh tanishlari bilan Piskom daryosiga SUP-doskada sayr qilish uchun borgan. Sayr vaqtida u boshqaruvni yoʻqotib, qoyali qirgʻoqqa urilgan va suvga tushib ketgan.

Fuqaro qutqaruv nimchasini kiymagani sababli kuchli suv oqimi uni suv ostiga olib ketgan.

Hodisa ortidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi gʻavvoslari qidiruv ishlariga jalb etilgan. Shu vaqtga qadar uni izlash boʻyicha faol qidiruv ishlari olib borilgan.

Bugun, 10-sentyabr kuni soat 09:50 da fuqaroning jasadi gʻavvoslar tomonidan topildi.

FVV fuqarolarni suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi. Xususan, faqat maxsus ajratilgan joylarda choʻmilish, kichik hajmli kemalardan foydalanishda esa qutqaruv nimchasini kiyish lozim.