Loyihaning asosiy maqsadi davlat xizmatchilarida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning muqarrar huquqiy va ijtimoiy oqibatlari haqida aniq tasavvur shakllantirish, xizmat vakolatlarini halollik va qonun ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshirish masʼuliyatini yanada kuchaytirish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirishdan iborat.
Rejaga muvofiq, profilaktik tashriflarga davlat boshqaruvi organlari rahbarlari va masʼul xodimlari bosqichma-bosqich jalb etilmoqda.
Bu galgi tashrif Olmaliq shahridagi 14-son jazoni ijro etish koloniyasiga Maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari rahbarlari va masʼul xodimlari ishtirokida amalga oshirildi.
Tashrif davomida ishtirokchilar jazoni ijro etish muassasasidagi sharoitlar, saqlash kameralari hamda muassasa infratuzilmasi bilan tanishtirildi.
Mahkumlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar davlat xizmatchilari uchun korrupsiyaning oqibatlari faqat jinoiy javobgarlik bilan cheklanmasligi, balki insonning butun hayoti, oilasi, qadr-qimmati va farzandlari kelajagiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi, ko‘pincha qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini anglatuvchi hayotiy saboq bo‘ldi.
Korrupsiyaning oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra uning oldini olish ustuvor vazifa ekanligidan kelib chiqib, Agentlik bunday profilaktik tashriflarni muntazam davom ettiradi.