26 avgust kuni Dubayda Oʻzbekiston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgani eʼlon qilindi.
Yangi kengash Oʻzbekiston va Dubay tadbirkorlari uchun hamkorlikning doimiy maydoniga aylanishi kutilmoqda. Uning faoliyati savdo va investitsiya aloqalarini rivojlantirish, yangi hamkorlarni topish, turli sohalarda qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan.
Bugungi kunda buning uchun salmoqli iqtisodiy baza shakllangan. Oʻzbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 450 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Soʻnggi uch yilda amirliklardan kiritilgan investitsiyalar hajmi qariyb 3 milliard dollarga yetgan.
2025 yilda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi 1,2 milliard dollarni tashkil etgan.
Kengashning ilk yigʻilishi Dubay Savdo palatasi bosh qarorgohida boʻlib oʻtdi. Unda yangi biznes imkoniyatlarini yaratish, oʻzaro investitsiyalarni kengaytirish, kompaniyalar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tajriba va axborot almashish, shuningdek, qoʻshma biznes tadbirlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Dubayda oʻzbek biznesining faolligi ham izchil oshib bormoqda. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, Dubay Savdo palatasida 826 ta faol oʻzbek kompaniyasi roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, bu avvalgi yilga nisbatan 21,3 foizga koʻp.
2026 yilning birinchi yarmida yana 75 ta oʻzbek kompaniyasi palataga qoʻshilgan.
Oʻzbekiston Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilishi tadbirkorlar va investorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kuchaytirish, yangi loyihalarni ilgari surish hamda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi uzoq muddatli savdo-investitsiyaviy sheriklikni yanada mustahkamlash uchun doimiy mexanizm yaratadi.