El-Nino hodisasining Markaziy Osiyo va xususan O‘zbekistonning iqlim va ob-havo sharoitiga ta’siri tropik mintaqalardagi kabi yaqqol ifodalanmaydi, deb yozadi O‘zgidromet boshqarma boshlig‘i A.Narzullaev.

Mutaxassisning fikricha, avvalgi El-Nino davrlaridagi ob-havo sharoitlarining tahlili iqlim me’yorlaridan quyidagi og‘ishlarini ko‘rsatadi.

Bu fenomen (hodisa) O‘rta yer dengizi va Hind okeani tomonidan namlik kelishini faollashtiradi. Shu sababli, qish oylarida va ayniqsa bahorda (vegetatsiya davrida) O‘zbekistonda yog‘ingarchilik miqdori ko‘payishi qayd etiladi.
Binobarin, sel kelishi xavfi ortadi: tog‘ oldi va tog‘li hududlarda (Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari) bahorgi yomg‘irlarning haddan tashqari ko‘p yog‘ishi halokatli sel oqimlari va suv toshqinlari xavfini oshiradi.

El-Nino Yer atmosferasiga juda katta miqdorda issiqlik energiyasini chiqargani sababli, u global o‘rtacha haroratni ko‘taradi.

Qish oyları uchun bu (ko‘p yillik meteorologik kuzatuvlar statistikasi buni tasdiqlaydi) El-Nino faolligi yillarida Markaziy Osiyoda qish ko‘proq iqlim me’yoridan iliqroq bo‘lishini anglatadi.

El-Nino kuchli Sibir havo oqimlarining kirib kelishi traektoriyasini bloklaydi yoki o‘zgartiradi, bu odatda mintaqaga ekstremal sovuqlarni (-20 °C dan past) olib keladi. Qishda, kunduzgi harorat musbat bo‘lgan davrlar ustunlik qiladi. Barqaror sovuq ob-havo o‘rniga uzoq davom etadigan bulutli va nam havo kuzatiladi.

Yoz faslida termik kirib kelish jarayonlarining kuchayishi Eron, Pokiston va Arabiston yarim orolidan jazirama issiq havo oqimlarining tez-tez va davomli kirib kelishiga sabab bo‘ladi. Kuchli El-Nino davrlarida O‘zbekistonda yoz faslidagi issiq ko‘pincha +40...+42°, shimoli-g‘arbiy, cho‘l va janubiy hududlarda +43...+48° belgisidan oshadi.

"El-Nino hodisasining ta’siri nafaqat ushbu fenomenning mavjudligiga, balki uning jadalligi (kuchi), davomiyligi va rivojlanishning avj pallasi (kulminatsiyasi) to‘g‘ri keladigan yil fasliga ham bog‘liqdir — bu omillarni oldindan prognoz qilish juda qiyin bo‘lib, ular ushbu fenomen namoyon bo‘lishining geografiyasini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin", deb yozadi mutaxassis.