— Albatta, bizda bosim yo‘q. Shu sababli ertaga Portugaliyaga qaraganda bizga osonroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bizda ajoyib jamoa shakllangan. Birinchi o‘yindan keyin o‘zimizga bo‘lgan ishonch yanada ortdi. Biz allaqachon debut qildik va endi yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz.

Shomurodov raqibning birinchi turdagi natijasiga alohida e’tibor qaratmaganini ta’kidladi.

— Biz raqibimizning birinchi turdagi o‘yini natijasi haqida o‘ylaganimiz yo‘q. Hozir buni muhokama qilish vaqti emas. Balki uchinchi turdan keyin bu haqda gaplasharmiz. Ayni paytda biz uchun eng muhimi — ertangi uchrashuv.

Tajribali hujumchi Kolumbiyaga qarshi bahsdagi kamchiliklardan tegishli xulosa chiqarilganini ham qayd etdi.

— Kolumbiyaga qarshi birinchi bo‘limda murabbiy ko‘rsatmalarini to‘liq bajara olmaganimiz sabab ayrim xatolarga yo‘l qo‘ydik. Ertaga bunday xatolarni takrorlamasdan, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga, to‘pni ko‘proq nazorat qilishga va golli vaziyatlar yaratishga harakat qilamiz.

Shomurodov jamoadaги ruhiy holat ham yaxshi ekanini aytdi.

— Hammasi yaxshi. Hayajon bo‘lishi tabiiy, ammo maydonga chiqqan dastlabki daqiqalardanoq bu his yo‘qoladi.

Shuningdek, u jamoadoshi Abbosbek Fayzullayev bilan o‘zaro tushunish yuqori darajada ekanini ta’kidladi.

— Biz Abbos bilan klubda ham birga o‘ynaymiz, mashg‘ulotlarda ham doimo birgamiz. Shu sababli bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz. Eng muhimi esa bir jamoa bo‘lib, yaxshi natijaga erishish uchun bor kuchimizni sarflashdir.