Yoz mavsumida yoqilg‘i-energetika tizimi obyektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish masalalari yuzasidan Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Energetika vazirligi va yoqilg‘i-energetika tizimidagi tashkilotlar rahbariyati, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, “O‘zenergoinspeksiya”, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda yoz mavsumini betalafot o‘tkazish, elektr energiyasi iste’moli keskin oshadigan kunlarda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, energetika obyektlarining 24 soatlik ish rejimini kuchaytirish, avariya brigadalarining shayligini oshirish hamda rejali ta’mirlash ishlarini jadallashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, kutilayotgan issiq kunlarda respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 mln kVt·soat, maksimal yuklama esa 13–13,3 GVtgacha yetishi prognoz qilinmoqda. Shu bois barcha tizim korxonalariga elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda profilaktik nazoratni kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda kuzatilgan nosozliklar va ular oqibatida yuzaga kelgan avariyaviy uzilishlar tanqidiy muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tegishli mas’ullarning shaxsiy javobgarligi belgilanib, ayrim rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Kutilayotgan issiq ob-havo sharoitida benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda, kuchaytirilgan nazorat asosida tashkil etish topshirildi.
Shuningdek, yong‘in va portlash xavfini kamaytirish maqsadida havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish belgilandi.
Mazkur talablar ijrosini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya” hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda respublika hududlaridagi energetika obyektlari va yoqilg‘i infratuzilmasida yong‘in hamda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan kuchaytirilgan o‘rganishlar va nazorat reydlari tashkil etilishi belgilandi.
Yig‘ilishda avvalgi topshiriqlar ijrosi ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligi yana bir bor eslatilib, iste’molchilar murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, avariyaviy holatlar haqida aholini o‘z vaqtida xabardor qilish hamda hududlardagi navbatchilik tizimini yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, ijro va mehnat intizomini mustahkamlash masalalari muhokama qilinib, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlangan xodimlar bilan mehnat munosabatlari bekor qilinayotgani qayd etildi. Tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasiz yondashuv bundan buyon ham qat’iy davom ettirilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida barcha tizim rahbarlari qat’iy ogohlantirildi. Navbatdagi yig‘ilishlarda, eng avvalo, berilgan topshiriqlar ijrosi, hududlardagi haqiqiy holat hamda rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligi tanqidiy baholanishi qayd etildi.