Bu borada o‘tkazilayotgan adabiy-ma’rifiy tadbirlar milliy adabiyot rivojiga xizmat qilish bilan birga, ijodkorlar va kitobxonlar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlamoqda. Ana shunday ahamiyatli anjumanlardan biri joriy yilning 3-iyul kuni Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira va tarjimon Farida Afro‘zning “Tanlangan asarlar” to‘plami hamda “Shuur” kitobi keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Milliy adabiyotimiz hayotidagi muhim madaniy voqealardan biri sifatida e’tirof etilgan mazkur anjumanda adabiyotshunos olimlar, ijodkorlar, davlat va jamoat arboblari, tarjimonlar, yosh qalamkashlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng kitobxonlar jamoatchiligi ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Farida Afro‘zning hayoti va ijodiy faoliyati, milliy adabiyot, tarjimachilik va ma’naviy-ma’rifiy sohalar rivojiga qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi.
Anjumanni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo ochib berdi.
Tadbirda Shayx Abdulaziz Mansur, Xurshid Do‘stmuhammad hamda Botirjon Ergashev so‘zga chiqib, Farida Afro‘z ijodining zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi o‘ziga xos o‘rni, uning she’riyatida inson qalbi kechinmalari, milliy ruh, ezgulik g‘oyalari va hayotiy-falsafiy mushohadalar yuksak badiiy mahorat bilan talqin etilganini ta’kidladilar. Shuningdek, shoiraning tarjimon sifatida jahon adabiyotining sara namunalarini o‘zbek kitobxoniga yetkazish yo‘lidagi samarali faoliyati ham alohida e’tirof etildi.
Taqdimot davomida Farida Afro‘z o‘zining yangi kitoblari haqida so‘z yuritar ekan, ularning yaratilishi ortida uzoq yillik mehnat va ijodiy izlanishlar mujassam ekanini ta’kidladi.
— Bu kitoblar — ellik yillik ijodning mahsuli. Kitobning ham to‘yi bo‘ladi. Bu juda o‘ziga xos to‘y. Farzand to‘qqiz oyda dunyoga kelsa, kitoblar ellik yillik mehnat bilan yaratiladi. Shuning uchun ham bugun yaqinlarim, do‘stlarim va kitobxonlarim bilan birga bo‘lish men uchun katta baxt. She’r yozish oson emas. U ilhom bilan tug‘iladi, uni majburlab yozish mumkin emas. Bu — ilohiy ne’mat, — dedi shoira.
Tadbir ishtirokchilaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy merosni tadqiq etish instituti direktori, shoir Botirjon Ergashev Farida Afro‘zning nafaqat ijodkor, balki inson sifatidagi fazilatlariga ham alohida to‘xtaldi.
— Farida opam nafaqat dilbar shoira, balki insoniy fazilatlari bilan ham ko‘pchilikka namuna. Ijod yo‘limning boshida meni qo‘llab-quvvatlab, “ukam” deb qanoti ostiga olgan inson ham aynan Farida opam bo‘lganlar. Bugungi yutuqlarimda ularning mehri va ishonchi katta o‘rin tutadi. Umrlari uzoq, ijodlari barakali bo‘lsin”, — dedi Botirjon Ergashev.
Tadbir doirasida yosh ijodkorlar tomonidan shoira asarlari asosida tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Shuningdek, Farida Afro‘z she’rlari ingliz, rus, turk, ozarbayjon, qozoq, ispan va fransuz tillarida o‘qilib, uning ijodi xalqaro adabiy maydonda ham munosib e’tirof etilayotgani yana bir bor namoyon bo‘ldi. “She’r — shuur” adabiy muloqoti ishtirokchilar o‘rtasida mazmunli fikr almashish maydoniga aylandi.
Tadbir yakunida Farida Afro‘z kitobxonlar bilan erkin muloqot qildi, ularning savollariga javob berdi hamda yangi kitoblardan dastxat yozib berdi.
Mazkur taqdimot mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy adabiyotni qo‘llab-quvvatlash, ijod ahlini rag‘batlantirish hamda badiiy so‘zga bo‘lgan yuksak ehtiromning yana bir amaliy ifodasi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
Zulxumor Akbarova