Yaqinda qoʻlimga Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, uzoq yillar davomida ushbu davlatdagi eng tajribali oʻzbek diplomati boʻlgan Yodgorxoʻja Shodmonovning «Ikki qutb orasida» kitobi kelib tushdi.

Avvalroq ushbu kitobni oʻqib chiqqach albatta oʻz taassurotlarim bilan oʻrtoqlashaman, deb vaʼda bergandim. Bugun ijozatingiz bilan ana shu vaʼdam ustidan chiqmoqchiman.

Toʻgʻrisini aytsam, qariyb 500 betlik kitobni oʻqib, hech ham toʻymadim. Agar yana ming yoki ikki ming bet davom etganida ham mamnuniyat bilan mutolaa qilgan boʻlardim.

Buning sababi juda oddiy.

Negaki Yodgorxoʻja aka men uchun shunchaki diplomat emas. U kishi Tashqi ishlar vazirligida Kadrlar boshqarmasiga rahbarlik qilgan yillarda xalqaro aloqalar, diplomatik madaniyat va davlat xizmatining nozik jihatlari boʻyicha menga juda koʻp saboq bergan insonlardan biri. Qolaversa, diplomatik faoliyatimdagi ayrim muhim tayinlovlarda ham bevosita hissalari bor. Shuning uchun ularga nisbatan hurmatim va minnatdorchiligim alohida.


Muallifning dastxati bilan sovgʻa qilingan kitobning qadri esa mutlaqo boshqa. Aslida bu mening kutubxonamdagi eng qimmatbaho sovgʻalarning eng yuqorisidan oʻrin oldi.

Kitobning muhim va katta ustunligi shundaki, muallif Afgʻonistonni tashqaridan kuzatmagan. U mamlakat ichida, qaynoq va baʼzan oʻta xavfli voqealarning markazida boʻlgan. Oʻzbekistonning Kobuldagi elchisi sifatida nafaqat respublika davrini, balki keyinchalik «Tolibon» hokimiyatga kelgan murakkab davrlarni ham bevosita boshdan kechirgan.

U Kobuldagi diplomatik korpus duayeni, elchilar oqsoqoli — Shayx ul-sufaro maqomigacha koʻtarilgan. Bu esa muallifga Afgʻonistonning siyosiy hayotini boshqa chet davlatlar diplomatlaridan koʻra chuqurroq va kengroq kuzatish imkonini bergan.

Asarni oʻqir ekansiz, muallifning bir vaqtning oʻzida, adashmasam, kamida uch qiyofasi namoyon boʻladi.

Avvalo, vatanparvar inson sifatidagi qiyofasi.

Kobuldagi Bobur bogʻiga borganda millatimizning buyuk tarixi bilan cheksiz faxrlanadi. Gʻaznada Abu Rayhon Beruniy maqbarasi bilan bogʻliq holatlarni koʻrib, ich-ichidan iztirob chekadi. Derazadan Hirot manzaralariga boqib, bu yerlardan Alisher Navoiy izlarini qidiradi. Kitob sahifalarida tarixiy xotira, milliy gʻurur va iftixor juda tabiiy aks etgan.

Ikkinchidan, diplomat sifatidagi qiyofasi.

Kitobda oddiy ishbilarmonlik uchrashuvlaridan tortib, oliy darajadagi davlat tashriflari va murakkab muzokaralargacha boʻlgan jarayonlar batafsil yoritiladi. Muallif nafaqat voqealar ishtirokchisi, balki ikki davlat munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishida faol qatnashgan amaliyotchi sifatida namoyon boʻladi.

Uchinchidan esa, inson sifatidagi qiyofasi.

Kitobning boshidan oxirigacha muallifni qiynab kelgan ayrim masalalar qizil chiziq kabi oʻtadi. Xususan, ayollar taʼlimi, inklyuziv boshqaruv, tinchlik va insoniy qadr-qimmat bilan bogʻliq mavzular. Biroq muallif hech qachon keskin hukm chiqarishga shoshilmaydi. U ayblashdan koʻra tushunishga, qorala-shdan koʻra sabablami tahlil qilishga urinadi. Diplomatik nazokat va muvozanat kitobning deyarli har bir sahifasida sezilib turadi.

Eng qizigʻi, kitobni oʻqib borar ekanman, Afgʻoniston menga xaritada mavjud davlat emas, balki murakkab taqdirlar, tarixiy burilishlar va millionlab insonlar hayoti mujassam boʻlgan ulkan makon sifatida namoyon boʻla boshladi.

Balki shu sababdan ham dastlabki yuz betni bir nafasda oʻqib qoʻydim. Keyin esa odatimga koʻra kitobni hatto oʻzimdan ham qizgʻonib, qolgan qismlarini ataylab sekinlashtirib mutolaa qildim.

Bilasizmi? Yaxshi kitobning eng katta kamchiligi — uning tez tugab qolishidir.

«Ikki qutb orasida» men uchun aynan shunday asarlardan boʻldi.

Goʻyo yillar davomida sirli va yopiq boʻlib tuyulgan qoʻshni mamlakatni muallifning koʻzlari bilan koʻrib chiqdim. Diplomatiya, tarix, geosiyosat, insoniy taqdirlar va mintaqaviy hamkorlik haqidagi noyob kuzatuvlar bir kitob sahifalarida jamlangan.

Yodgorxoʻja aka, bebaho xotiralaringizni kitob shaklida qoldirganingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Nazdimda, ushbu asar nafaqat boʻlajak diplomatlar, siyosatshunoslar va afgonshunoslar, balki xalqaro jurnalistlar, media tadqiqotchilar hamda Markaziy Osiyo bilan qiziqadigan har bir mutolaachi uchun qimmatli qoʻllanma vazifasini oʻtaydi.

Beruniy Alimov,

Filologiya fanlari doktori (DSc),

jurnalist, sobiq diplomat.