Iqtisodiy mustaqillikni esa milliy valyuta, mustaqil pul-kredit siyosati, ishonchli bank tizimi va ichki imkoniyatlarni harakatga keltiradigan moliyaviy mexanizmlarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Ayni paytda zamonaviy iqtisodiyot uchun milliy moliya tizimining jahon kapitali bilan bogʻlanishi ham alohida ahamiyatga ega.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar tashlar ekanmiz, milliy bank-moliya tizimi ham mamlakatimiz bilan birga katta va murakkab taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtganini koʻramiz.

Istiqlolning dastlabki yillarida milliy valyutani muomalaga kiritish, ikki pogʻonali bank tizimini shakllantirish, milliy toʻlov infratuzilmasini yaratish tarixiy zarurat edi. Zero, oʻz moliyaviy tizimisiz toʻlaqonli iqtisodiy suverenitetni tasavvur qilish qiyin.

Lekin tizimni barpo etish — bir vazifa. Uni zamon talablari asosida yangilash, raqobatbardosh qilish va eng muhimi, inson manfaatiga xizmat qildirish yanada murakkab vazifadir.

Ayniqsa, 2017-yildan boshlab Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda kechayotgan keng koʻlamli islohotlar bank-moliya sohasi oldiga ham mutlaqo yangi talablarni qoʻydi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash, bozor mexanizmlarini keng joriy etishga qaratilgan siyosat banklarning vazifasi va masʼuliyatiga qarashni ham oʻzgartirdi.

Masalaning mohiyatini sodda qilib tushuntirganda, yangi iqtisodiyotga eskicha ishlaydigan bank mos kelmas edi. Bank endi shunchaki kredit beruvchi yoki mablagʻ taqsimlovchi muassasa boʻlib qolishi mumkin emas. U kapital bilan gʻoyani, jamgʻarma bilan investitsiyani, tadbirkorlik tashabbusi bilan iqtisodiy natijani bogʻlaydigan institutga aylanishi kerak edi.

Bugun bosib oʻtilgan yoʻlga qarab, islohotlarning eng katta natijalaridan biri ana shu tafakkur oʻzgarishida ekanini koʻrish mumkin.

Haqqoniy oʻlchov

Katta iqtisodiy islohotlarning qadrini baʼzan milliardlab soʻmlik statistikadan koʻra inson hayotida kechgan oddiy bir voqea yaxshiroq tushuntirib beradi.

Buni oʻz hayotimda ham his qilganman. 2014-yillar edi. Ipoteka krediti asosida uy sotib oldim. Bank ajratgan mablagʻ uy egasi nomiga ochilgan plastik kartaga oʻtkazildi. Bitim jarayonida sotuvchi ­mablagʻni valyutaga aylantirib berishimni soʻradi.

Qiyinchilik ana shunda boshlandi. Kartada katta miqdorda mablagʻ bor, ammo uni erkin tasarruf etish, naqdlashtirish yoki zarur miqdorda xorijiy valyutaga aylantirish oson emas edi. Valyuta kursi esa kutib turmasdi. Bir kunlik farqning oʻzi katta summada sezilarli yoʻqotishga aylanardi.

Oʻsha paytda men valyuta bozoridagi muam­moni iqtisodiy nazariyadan emas, oʻz choʻntagimda his qilganman.

Oradan yillar oʻtib, yaqin doʻstimning boshidan kechgan voqea menga ana shu davrni yana bir bor eslatdi. 2021-yilda u ham ipoteka krediti asosida uy xarid qildi. Mablagʻ belgilangan tartibda sotuvchining bank kartasiga oʻtkazildi. Sotuvchi uni valyutaga aylantirish istagini bildirganida, operatsiya bank kassasi orqali qisqa vaqtda, ortiqcha sarsongarchiliksiz amalga oshirildi.

Bir qarashda ikki insonning uy oldi­sotdisi bilan bogʻliq oddiy voqea. Ammo ular orasida mamlakat moliya tizimi bosib oʻtgan katta masofa bor. Shuning uchun 2017-yilda valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlarni men faqat iqtisodiy qaror sifatida emas, insonning kundalik hayotiga kirib borgan oʻzgarish sifatida ham qabul qilaman.

Albatta, masala faqat uy oldi-sotdisi bilan chegaralanmaydi. Tadbirkor xorijdan uskuna olib kelmoqchi boʻlsa, unga valyuta kerak. Eksportchi tashqi bozorga chiqsa, ­valyuta munosabatiga kiradi. Xorijiy investor mamlakatga kapital kiritishdan oldin ­valyuta bozorining qanchalik erkin va tushunarli ekaniga qaraydi.

Shu maʼnoda, valyuta liberallashuvi oddiy bank operatsiyasini yengillashtirish emas, iqtisodiyotning ochiqlik sari tashlagan muhim qadami boʻldi. Menimcha, islohotning eng haqqoniy oʻlchovi ham shu: qarorning qabul qilingani emas, uning inson hayotida nimani oʻzgartirgani.

Qoidalar oʻzgarmasa, tizim yangilanmaydi

Iqtisodiyot ochila boshlagach, banklarning oʻziga nisbatan talabi ham oʻzgardi. Tadbirkorga tezkor qaror, investorga shaffof moliyaviy hisobot, omonatchiga esa ishonch va kafolat kerak. Bankning oʻzi riskni toʻgʻri baholay olmasa, raqobat muhitida uzoqqa bora olmaydi.

Shu ehtiyojlar bank sohasining huquqiy asoslarini ham yangilashni talab qildi. Keyingi yillarda Markaziy bank, banklar va bank faoliyati, valyutani tartibga solish hamda toʻlov tizimlariga oid qonunchilikning yangilanishi moliya bozorida zamonaviy qoidalarni shakllantirish uchun asos boʻldi.

2020-yilda esa bank islohotlari tizimli bosqichga oʻtdi. 2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasida bank xizmatlarini modernizatsiya qilish, avtomatlashtirish, davlat resurslariga qaramlikni kamaytirish, xususiy sektorni rivojlantirish, risklarni boshqarish va raqobatni kuchaytirish asosiy yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

Lekin transformatsiyaning eng muhim jihati, menimcha, raqamlarda emas. U — bank jamoasining fikrlash tarzi oʻzgarayotganida. Kredit soʻrab kelgan tadbirkordan faqat “qancha garoving bor?” deb soʻrashning oʻzi yetarli emas. Uning gʻoyasi qanchalik hayotiy? Bozori bormi? Loyiha qancha qiymat yaratadi? Daromadi qarzni qaytarishga yetadimi? Zamonaviy bank ana shu savollarga ham javob izlashi kerak. Shunda u qarz beruvchidan hamkorga, mablagʻ esa oddiy kreditdan iqtisodiy qiymat yaratadigan resursga aylanadi.

Navbatdan — telefon ekranigacha

Yaqin oʻtmishni eslaylik. Bankda oddiy operatsiyani bajarishning oʻzi qancha vaqt olardi. Omonat ochish, mablagʻ oʻtkazish yoki hisobvaraq bilan bogʻliq masalani hal qilish uchun bankka borish, baʼzan uzun navbatda kutish odatiy hol edi. Ayrim paytlarda birgina operatsiya uchun kunning yarmi ketardi. Bugun esa bankning manzili oʻzgardi. U insonning telefoniga koʻchdi.

Raqamlashtirishning inson hayotidagi taʼsirini oddiy misolda koʻrish mumkin. Yaqin oʻtmishda yoʻlga chiqishdan oldin odamning birinchi oʻyi choʻntagida yetarli naqd puli bor-yoʻqligi edi. Bozorga borishda ham, boshqa viloyatga safar qilishda ham odam naqd mablagʻsiz oʻzini noqulay his qilardi. Baʼzan kartada pul boʻlgani bilan uni qayerda naqdlashtirish mumkinligi alohida tashvish edi.

Bugun manzara butunlay boshqacha. Telefondagi bank ilovasi orqali hisobvaraqni boshqarish, mablagʻ oʻtkazish, tovar va xizmatlar uchun toʻlash, omonat ochish, kredit toʻlovini amalga oshirish mumkin. Kontaktsiz toʻlov va raqamli hamyonlar kengaygani ­sayin ayrim holatlarda jismoniy kartaning oʻziga ehtiyoj ham kamaymoqda.

Endi kishi safarga chiqqanda “qancha naqd pul olay?” degan savol haqida avvalgidek oʻylamaydi. Mamlakat ichida koʻplab toʻlovlar telefon orqali amalga oshiriladi, xorijiy safarlarda esa xalqaro toʻlov tizimlari va mobil yechimlar moliyaviy erkinlikni yanada kengaytirdi.

Bir vaqtlar bankdagi mablagʻni naqd pulga aylantirishning oʻzi masala boʻlgan boʻlsa, bugun mablagʻning qayerda turganidan koʻra, unga qanchalik tez va qulay kirish mumkinligi muhim. Menimcha, raqamlashtirishning eng katta natijalaridan biri ham shu: pul emas, unga kirish imkoniyati mobillashdi.

Bu oʻzgarishni fermer hayotida ham koʻrish mumkin. Ilgari hisobvaraqdagi mab­lagʻini boshqarish, toʻlov topshiriqnomasini rasmiylashtirish yoki boshqa bank operatsiyasi uchun tuman markaziga borishga toʻgʻri kelgan boʻlsa, bugun u xoʻjaligidan chiqmay turib hisobvaragʻini nazorat qilishi, mab­lagʻini boshqarishi va toʻlovlarni amalga oshirishi mumkin.

Kecha mijoz bankning ish vaqtiga moslashgan boʻlsa, bugun bank xizmati mijozning vaqtiga moslashmoqda. Bu oddiy texnik yangilanish emas. Bu moliyaviy munosabatlar madaniyatining oʻzgarishidir.

Sunʼiy intellekt davri

Texnologik taraqqiyot bir joyda toʻxtab qolmaydi. Kecha bank bilan bogʻliq ­savolga javob olish uchun filialga ­borilardi. Keyin koll-markazlar paydo boʻldi. Mijoz bankka bormay turib operator orqali muammosini hal qilish imkoniga ega boʻldi.

Keyin mobil bank keldi. Endi esa dunyo moliya tizimi yangi bosqich — sunʼiy intellekt davriga kirmoqda.

Sunʼiy intellekt katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish, mijoz murojaatlarini saralash, virtual yordamchilar orqali oddiy savollarga tezkor javob berish, kredit risklarini baholash, shubhali operatsiya­larni aniqlash va firibgarlikning oldini olish kabi yoʻnalishlarda katta imkoniyat ochmoqda.

Bu yerda gap faqat texnologiya haqida emas. Gap — bankning mijozni anglash qobiliyati oʻzgarayotgani haqida.

Masalan, koll-markazga bir vaqtning oʻzida minglab murojaat kelishi mumkin. Ularni mazmuni va dolzarbligiga qarab avtomatik saralash, oddiy masalalarni tez hal etish, murakkab murojaatni esa tegishli mutaxassisga yoʻnaltirish xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.

Biroq bu yerda muhim chegara bor. Texnologiya qanchalik “aqlli” boʻlmasin, moliya sohasida inson omilini butunlay chetga surib boʻlmaydi. Chunki bank faqat raqamlar bilan emas, insonning ishonchi bilan ham ishlaydi.

Shuning uchun sunʼiy intellekt insonni almashtirish uchun emas, uning vaqtini tejash, xatoni kamaytirish, xavfni oldinroq koʻrish va qaror sifatini oshirishga xizmat qilishi kerak.

Shunda taraqqiyotning mantiqiy zanjiri yuzaga keladi: bank binosidan — mobil bankka, mobil bankdan — “aqlli” bankka.

Global bozor va integratsiya

Soʻnggi yillarda eʼtiborni tortgan yana bir jarayon bor: Oʻzbekiston banklarining xalqaro kapital bozori bilan munosabati oʻzgarmoqda.

Kecha banklarning resurs bazasi asosan ichki mablagʻlar, davlat resurslari yoki xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalariga bogʻliq boʻlgan boʻlsa, keyingi yillarda milliy tijorat banklari xalqaro kapital bozorlariga chiqib, obligatsiyalar joylashtirish orqali global investorlardan resurs jalb qilish tajribasini ham shakllantirdi.

Bu jarayonni oddiy qarz olish deb baholash kamlik qiladi.

Xalqaro investor bankning binosiga qarab mablagʻ bermaydi. U moliyaviy hisobotini oʻqiydi, kredit reytingini koʻradi, aktivlar sifatini baholaydi, korporativ boshqaruv va risk-menejmentni tahlil qiladi. Shundan keyingina qaror qabul qiladi.

Demak, xalqaro kapital bozori bank uchun nafaqat resurs manbai, balki shaffoflik, intizom va ishonch imtihoni hamdir. Milliy tijorat banklarining ana shu maydonga chiqishi Oʻzbekiston moliya tizimining global moliyaviy munosabatlarga integratsiyasi chuqurlashayotganini koʻrsatadi.

Yondashuvning oʻzgarishi

Bugun bank bir tomondan xalqaro kapital bozoriga chiqyapti. Ikkinchi tomondan mahallaga tushyapti. Bir qarashda bu ikki jarayon bir-biridan juda uzoqdek. Aslida, zamonaviy moliya tizimining kuchi ham shunda: u global investor bilan bir tilda gaplasha olishi va ayni paytda chekka mahalladagi oilaning iqtisodiy imkoniyatini koʻra bilishi kerak.

Keyingi yillarda mahallabay ishlash, mahalla bankirlari va agentlar ishtirokida aholi hamda tadbirkorlarning imkoniyatlarini joyiga chiqib oʻrganishga qaratilgan yangi tizim shakllandi.

Bu yerda masala bank xodimining mahallaga borishida emas. Masala — yondashuvning oʻzgarishida. Qaysi xonadonda hunar boru, mablagʻ yetishmayapti? Kimning biznes gʻoyasi bor? Qaysi tomorqa qoʻshimcha daromad manbaiga aylanishi mumkin? Qaysi kichik tadbirkorni keyingi bosqichga olib chiqish mumkin?

Bank ana shu iqtisodiy imkoniyatni koʻra boshlasa, moliyaviy xizmatning mazmuni oʻzgaradi. Ilgari mijoz bankni izlagan boʻlsa, bugun bank ham mijozni va iqtisodiy imkoniyatni izlab mahallaga tushmoqda.

Global kapitaldan — mahallagacha. Menimcha, bugungi Oʻzbekiston bank tizimi qamrovini ifodalaydigan eng qisqa taʼriflardan biri shu boʻlsa kerak.

Bir kvadrillion soʻm. Ammo asosiy savol boshqa

Islohotlar haqida gapirganda raqamlardan qochib boʻlmaydi. Lekin raqamning oʻzi tahlil emas. Muhimi, uning ortida qanday iqtisodiy mazmun turganini anglash.

Markaziy bankning 2026-yil 1-iyuldagi maʼlumotlariga koʻra, mamlakat tijorat banklarining jami aktivlari 1005,8 trillion soʻmga yetdi. Yaʼni Oʻzbekiston bank tizimi tarixda birinchi marta bir kvadrillion soʻmlik marradan oʻtdi.

Kreditlar hajmi 642,8 trillion soʻmni, depozitlar esa 473,8 trillion soʻmni tashkil etdi.

Bu, shubhasiz, katta koʻrsatkich. Lekin meni koʻproq boshqa savol qiziqtiradi: bu mablagʻ qanday qiymat yaratyapti? Yangi korxona ishga tushdimi? Ish oʻrni ochildimi? Fermerning hosildorligi oshdimi? Tadbirkor eksportga chiqdimi? Oilaning daromadi koʻpaydimi? Yoshlarning gʻoyasi biznesga aylandimi?

Agar moliyaviy resurs ana shu natijalarga aylansa, bir kvadrillion soʻmning haqiqiy iqtisodiy mazmuni namoyon boʻladi.

Shuning uchun bank tizimi taraqqiyotining navbatdagi bosqichida “qancha kredit berildi?” degan savolning oʻzi kamlik qiladi. “Qancha qiymat yaratildi?” degan savol muhimroq boʻlib boradi. Bu miqdordan sifatga oʻtishdir.

Oʻttiz besh yillik yoʻlning mantigʻi

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida milliy bank-moliya tizimi bosib oʻtgan yoʻlga nazar tashlasak, unda ikki katta tarixiy bosqichni koʻrish mumkin.

Birinchi bosqich oʻz moliyaviy poydevorimizni barpo etish davri edi. U milliy valyuta, milliy bank tizimi, milliy toʻlov infratuzilmasi kabi islohotlarni qamrab oladi.

Ikkinchi bosqich esa ana shu milliy tizimni ochiq iqtisodiyot, global kapital, raqobat va yangi texnologiyalar davri talab­lariga moslashtirish jarayoni boʻlmoqda. Ayniqsa, 2017-yildan keyingi islohotlar bu jarayonga yangi surʼat va yangi mazmun bagʻishladi.

Valyuta munosabatlari erkinlashdi. Bank qonunchiligi yangilandi. Transformatsiya jarayoni boshlandi. Raqobat muhiti kengaydi. Milliy banklar xalqaro kapital bozorlariga chiqa boshladi. Toshkent xalqaro investitsiya muloqotining nufuzli maydonlaridan biriga aylanmoqda. Bank xizmatlari raqamlashdi. Sunʼiy intellekt moliyaviy xizmatlarning yangi imkoniyatlarini ochmoqda. Banklar kreditlashdan kengroq ekotizim yaratish tomon bormoqda. Moliyaviy xizmat esa mahallagacha tushib boryapti.

Bularning barchasini alohida­alohida jarayon sifatida koʻrish mumkin. Ammo ularni birlashtirib turgan bitta mantiq bor: Oʻzbekistonda bankning oʻzi haqidagi tasavvur oʻzgarmoqda.

Endi bankning kuchini faqat uning qancha aktivi borligi emas, iqtisodiyotda qancha qiymat yaratayotgani, insonga qanchalik yaqinligi, global bozorda qanchalik ishonch qozonayotgani va yangi texnologiyani qay darajada samaraga aylantira olishi belgilaydi.

Zero, moliya iqtisodiyotdan tashqarida yashamaydi. U tadbirkor oʻrnatgan yangi dastgohda ham, olim yaratayotgan texnologiya­da ham, yoshning birinchi biznes gʻoyasida ham, oilaning uy-joy orzusida ham, eksportchining yangi bozorga chiqish rejasida ham, fermerning yerga qadagan urugʻida ham bor. Moliya — gʻoya bilan imkoniyat, mehnat bilan natija, bugun bilan erta oʻrtasidagi koʻprik.

Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot mamlakatimizga oʻz milliy moliya tizimini barpo etish imkonini berdi. Yangi Oʻzbekiston islohotlari esa uni ochiq, raqobatbardosh, texnologik va global iqtisodiyot bilan tobora chuqur integratsiyalashayotgan zamonaviy tizimga aylantirish uchun yangi ufqlarni ochdi.

Albatta, oldindagi vazifalar ham kam emas. Raqobatni yanada kuchaytirish, davlat ishtirokini maqbullashtirish, kredit sifatini oshirish, xususiy kapital uchun imkoniyatlarni kengaytirish, aholi jamgʻarmalarini iqtisodiyotga faolroq jalb qilish, kiberxavfsizlikni mustahkamlash, sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanish — bularning har biri keyingi taraqqiyot bosqichining jiddiy vazifalaridir.

Chunki haqiqiy islohot oʻzini maqtash bilan emas, erishilgan natija bilan birga oldindagi vazifani ham koʻra bilish bilan kuchli.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida esa bosib oʻtilgan yoʻldan kelib chiqib bir xulosani aytish mumkin: mustahkam milliy moliya tizimi — iqtisodiy mustaqillikning tayanchi. Iqtisodiy mus­taqillik esa davlat mustaqilligining eng muhim kafolatlaridan biridir.

Xayrulla XOLTOʻRAYEV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi