Bugungi global va milliy mehnat bozorida quruq nazariyaga asoslangan, amaliyotdan uzilgan diplom emas, balki real va oʻzgaruvchan vaziyatlarga tez moslashuvchan koʻnikmaga ega boʻlgan “oltin qoʻlli” zamonaviy kasb egalariga ehtiyoj har qachongidan koʻproq. Oʻnlab anʼanaviy kasblar yoʻqolib, oʻrnini raqamli iqtisodiyot va innovatsion xizmat koʻrsatish sohalari egallayotgan bir paytda taʼlim tizimining eng ogʻriqli muammosi akademik dasturlarning real hayot talablaridan orqada qolishidir.

Ushbu nomutanosiblik sababli minglab yoshlar oliygoh bitiruvchisiga aylansa-da, mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa olmay, “diplomli ishsizlar” qatlamini kengaytirmoqda. Aynan shu sababli yoshlarni maktab davridanoq kasb-hunarga toʻgʻri yoʻnaltirish, ichki qobiliyat va individual qiziqishlarini tasodiflar chorrahasida boy bermaslik hozir davlat siyosatining eng strategik, eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Hayotga tatbiq etilayotgan “Kasblar shaharchasi” loyihasi mamlakatimiz kasbiy taʼlim tizimidagi mana shu eng dolzarb uzilishni bartaraf etishga xizmat qiladigan mutlaqo yangi, original va innovatsion ekotizim sifatida maydonga chiqdi. Davlatimiz rahbarining “Zamonaviy iqtisodiyotga zamonaviy kasb egasi kerak” degan konseptual gʻoyasi ushbu ulkan islohotning bosh mezonidir. Yaqinda Prezidentimizning Xorazm viloyatiga navbatdagi tashrifi doirasida aynan Urganch shahridagi Xorazm ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan ilk “Kasblar shaharchasi” faoliyati koʻzdan kechirildi va bu boradagi amaliy ishlarga yuqori baho berildi. Ushbu innovatsion majmua bunyod etilishi uchun davlat byudjetidan jami 72,4 milliard soʻm ajratilgan boʻlib, texnikum binosi 1100 oʻringa moʻljallangan. Zamonaviy ustaxonalar va innovatsion laboratoriyalarga ega majmua nafaqat oʻz oʻquvchilari, balki butun viloyatdagi boshqa kasbiy taʼlim muassasalarining qariyb 4300 dan ziyod oʻquvchisi uchun kuchli amaliy oʻquv bazasi boʻlib xizmat qiladi.

Prezidentimiz Xorazmdagi yangi tizim bilan tanishish asnosida “Kasblar shaharchasi” modelini keng ommalashtirish, har bir viloyatda shunday innovatsion kasbga yoʻnaltirish markazlari tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Ushbu majmuada iqtisodiy va texnologik jihatdan eng taraqqiy etgan Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreya kabi davlatlarning ilgʻor dasturlari oʻzaro sintez qilinadi. 2026/2027 oʻquv yili uchun mehnat bozorida eng xaridorgir hisoblangan 11 ta kasb yoʻnalishi boʻyicha eng iqtidorli 200 yosh qatʼiy imtihon va shaffof saralash bosqichlari orqali qabul qilinishi rejalashtirilgan. Mazkur taʼlim modeli orqali yil yakuniga qadar viloyatdagi 39 ming ishsiz fuqaroni professional hunarli qilish va barqaror ish bilan taʼminlash maqsadi koʻzlangan.

Loyiha poydevorida jahon taʼlim metodologiyasida yuksak samarasini isbotlagan “Oʻzing yasab koʻr” amaliy falsafasi yotadi. Inson psixologiyasi, xususan, mashhur ilmiy-pedagogik asoslar koʻrsatadiki, oʻsmir yoshdagi bola biror kasb toʻgʻrisida shunchaki kitoblardan oʻqib, maʼruzalarda eshitib yoki uni chetdan tomosha qilib toʻgʻri, xolis xulosa chiqara olmaydi. Inson miyasi passiv eshitish orqali maʼlumotning bor-yoʻgʻi 10-20 foizini saqlab qolsa, amaliy harakat va muammoni mustaqil hal qilish jarayonida bu koʻrsatkich 75-90 foizga yetadi. Iqtisodiy jihatdan esa ushbu model Teodor Shuls va Geri Bekkerning Inson kapitali nazariyasiga tayanadi: insonga va uning amaliy koʻnikmalariga kiritilgan sarmoya ishlab chiqarish unumdorligini oshirib, biznesning moslashuv xarajatlarini nolga tushiradi. Shuning uchun bola kasbni shunchaki tasavvur qilmasligi, balki uni bevosita koʻrishi, uskunani ushlab, dastlabki amaliy harakatlarni oʻz qoʻli bilan bajarishi shart.

Ushbu tizimning muvaffaqiyati global andozalar va jahon tajribasi bilan ham uzviy bogʻliqdir. Masalan, Germaniya va Shveysariyaning dunyoga mashhur dual taʼlim tizimi oʻquvchilar vaqtining 70 foizini bevosita korxonadagi amaliyotga, 30 foizini esa nazariyaga yoʻnaltiradi. Nemis modelidagi kasbiy taʼlim markazlari maktab oʻquvchilarini erta kasbga yoʻnaltirishning jahondagi eng mukammal andozasi boʻlib, “Kasblar shaharchasi” aynan mana shu muvaffaqiyatli prototipga tayanadi. Shuningdek, Janubiy Koreyaning yuqori texnologiyali “Meister” (Usta) maktablari taj­ribasi sanoat ehtiyojlariga moslashgan texnoparklar orqali bitiruvchilarning ishga joylashish koʻrsatkichini 95 foizga yetkazish mumkinligini isbotlagan. Xitoyning “Sanoat va taʼlim integra­siyasi” modeli esa oʻquvchilarni oʻqish jarayonidayoq real korxonalar buyurtmalari ustida ishlatish samaradorligini koʻrsatib berdi.

Bugun Oʻzbekistonda shakllanayotgan “Kasblar shaharchasi” tizimi ushbu ilgʻor global andozalarni milliy iqtisodiyot talablariga muvofiqlashtirgan holda hayotga tatbiq etmoqda. “Kasblar shaharchasi” maktab oʻquvchilariga bugungi va kelajak mehnat bozorida qadri har soniyada oshib borayotgan transport, logistika, raqamli sanoat, zamonaviy qurilish texnologiyalari, servis va yuqori daromadli zamonaviy qishloq xoʻjaligi hamda muqobil energiya manbalarini qamrab olgan “yashil” energetika kabi eng talabgir yoʻnalishlar bilan amaliy tanishish imkoniyatini taqdim etadi. Mazkur tizim orqali yosh avlod oʻz kelajagini, hayotiy yoʻlini subyektiv tasodiflar, doʻstlar taʼsiri yoki ota-ona majburlovlari ostida emas, balki laboratoriyalarda oʻz salohiyatini sinab koʻrgan holda, mutlaqo ongli ravishda tanlash imkoniga ega boʻladi.

Biroq ushbu muassasa shunchaki chiroyli maketlar koʻrgazmasi yoki oddiy maktab toʻgaraklari yigʻindisi boʻlib qolmasligi kerak. Uning ortida xalqaro andozalarga tayanadigan, juda qatʼiy texnik, muhandislik, arxitektura va meʼyoriy standartlar zanjiri turadi. Tasdiqlangan rasmiy loyihalash topshiriqlariga koʻra, ushbu shaharchalar barcha hududlar uchun yagona minimal xavfsizlik, sanitariya va evakuatsiya standartlari asosida, moslashuvchan va universal modulli tamoyil boʻyicha barpo etiladi. Bu degani har bir hudud geografik joylashuvi, demografik koʻrsatkichlari va maydon oʻlchamidan kelib chiqib, shu hududga mos, shuningdek, har bir hudud mehnat bozori talabidan kelib chiqib tayyor kasb modullarini xuddi konstruktor kabi oʻziga moslab erkin yigʻib olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Binoning ichki arxitekturasi va muhandislik yechimi oʻquvchilar xavfsizligi hamda psixologik qulayligini eng yuqori darajada taʼminlash uchun maxsus funksional zonalarga ajratilgan boʻlib, oqimlar boshqaruvini qatʼiy tizimga soladi. Masalan, axborot-konsultatsiya guruhlari, test stansiyalari, tibbiy xona, serverxona va mentorlar xonalari joylashgan “toza va tinch” hududlar ogʻir simulyatorlar, amaliy oʻquv stendlari va ustaxonalar ishlaydigan “texnik va shovqinli” zonalardan ham fazoviy, ham akustik jihatdan butunlay uzilgan boʻladi. Markazga tashrif buyuruvchilar esa ichkarida oʻzaro toʻqnashuvlarsiz va xizmat koʻrsatish hududlariga duch kelmasdan, kirishdan chiqishga qarab faqat yagona xavfsiz zanjir shaklidagi yoʻnalish boʻyicha harakatlanadi.

12 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan maktab oʻquvchilarining hayoti va sogʻligʻini asrash loyihaning eng fundamental, majburiy talabidir. Texnik meʼyorlarga muvofiq, shaharchada har qanday xavfli sanoat yoki ishlab chiqarish jarayoni bolalar uchun mutlaqo xavfsiz raqamli imitatsiyalar va zamonaviy simulyatorlar bilan almashtirilgan. Masalan, yuqori harorat, zaharli gazlar va uchqun bilan bogʻliq boʻlgan payvandlash kasbi oʻquvchilarga faqat maxsus virtual (VR) tizimlar yordamida oʻrgatiladi.

Loyiha doirasida jami 10 ta amaliy va interaktiv kasbiy maydon hamda bitta kasbga qiziqishni aniqlash va yoʻnaltirish hududi tashkil etilgan. Ular quyidagi yoʻnalishlarni qamrab oladi:

  1.Qurilish: bino qurish, gʻisht terish, pardozlash, oʻlchash va materiallar bilan ishlash.

2. Santexnika: suv taʼminoti, quvurlar, isitish va kanalizatsiya tizimlari.

3. Payvandlash: metalni biriktirish, xavfsizlik qoidalari va zamonaviy payvand texnologiyalari.

4. Sanoat mexanigi: mexanizmlar, uskunalar, ishlab chiqarish liniyalari va texnik xizmat.

5. Qishloq xoʻjaligi texnikasi: traktor, agrotexnika, suv tejash va sugʻorish uskunalari.

6. “Yashil” energetika: quyosh panellari, energiya tejamkor uskunalar va ekotexnologiyalar.

7. Elektrotexnika: elektr tarmoqlari, xavfsizlik qoidalari, ulash va taʼmirlash ishlari.

8. Oshpazlik: taom tayyorlash, sanitariya-gigiyena va xizmat koʻrsatish madaniyati.

9. Agronomiya: oʻsimlik yetishtirish, tuproq, urugʻ, suv va hosildorlik tahlili.

10. Hamshiralik: birinchi yordam, bemor parvarishi va tibbiy gigiyena asoslar.

Taʼkidlash kerakki, bizda maktab davridagi mehnat darslari oʻquvchi yoshlar kelajagini belgilashda muhim tayanch boʻlib xizmat qilayotgan bir paytda Yevropa Ittifoqi davlatlarida, xususan, Germa­niyada 7-sinfdan boshlab oʻquvchilar uchun ikki haftalik majburiy kasbiy amaliyot yoʻlga qoʻyilgan. Unda oʻquvchilar oʻzlari qiziqqan soha korxonalariga borib, jarayonni ichidan oʻrganadi.

Shu bois, biz ham ushbu tajribani joriy etish ustida ishlayapmiz. Dastlabki qadam sifatida maktablarda kamida bir oyda bir kunni majburiy “kasb kuni” sifatida belgilashimiz lozim.

Ayni paytda maktablarimizda qariyb 10 ming direktor maslahatchisi shtati tashkil etilgan boʻlsa-da, ularning faoliyati hozircha faqat nazariya, test va tavsiyalar bilan cheklanib qolmoqda. Oʻrgatilgan bilimlarni amalda koʻrsatish va sinab koʻrish uchun sharoit yetishmaydi. Aynan shu boʻshliqni toʻldirish maqsadida ham “Kasblar shaharchasi” tashkil etilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, ushbu mukammal texnik standartlar, muhandislik yechimlari va pedagogik mexanizmlar yagona strategik va makroiqtisodiy maqsadga xizmat qiladi. Bu maqsad kasbiy taʼlimni shunchaki quruq dars beradigan, bitiruvchisining taqdiriga masʼul boʻlmagan eski tizimdan yoshlarni hayotga real tayyorlaydigan, ularga zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni oʻrgatadigan va eng muhimi, yakunda tayyor ­kadrni toʻgʻridan toʻgʻri ish beruvchi bilan bogʻlaydigan yaxlit iqtisodiy zanjirga aylantirishdir.

Germaniya, Shveysariya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlar tajribasi koʻrsatadiki, kasbiy taʼlim tizimi sanoat va biznes tarmoqlari bilan mana shunday uzviy integratsiya qilingandagina iqtisodiyotda jiddiy oʻsish va unumdorlik yuz beradi. Bu model yirik va oʻrta biznes subyektlari uchun ham kadrlar importi, tayyor boʻlmagan xodimlarni qayta oʻqitish va moslashtirish xarajatlarini keskin kamaytiradigan, mehnat unumdorligini oshiradigan juda katta iqtisodiy drayverdir.

Barcha hududlarda ommalashayotgan “Kasblar shaharchasi” loyihasi mamlakatimizda inson kapitalini tubdan rivojlantirish, yoshlar bandligini kafolatlash, kambagʻallikni qisqartirish va har bir yosh insonning oʻz halol mehnatiga tayanib unumli va munosib daromad topishini taʼminlash yoʻlidagi dadil, tizimli va muhim qadam boʻlib, mamlakatimiz kelajagining eng mustahkam poydevorlaridan biriga aylanishiga ishonaman.

Azimjon HUSANOV,

Kasbiy taʼlim agentligi direktori