Xalqaro mehnat bozorida mutaxassislarga ehtiyoj asosan demografik oʻzgarishlar (aholi qarishi), raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish omillari hisobiga shakllanadi.

Yevropa davlatlarida aholining qarishi va mehnatga layoqatli yosh chegarasining qisqarishi asosiy muammoga aylanib bormoqda. Ushbu hududda ishchi kuchi taqchilligi 7,5 milliondan 10,5 milliongacha yetishi mumkin. Muhandislik, yuqori texnologik ishlab chiqarish, qurilish, transport va logistika, agrar soha, tibbiyot, AT, turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida ishchi kuchi yetishmovchiligi ortib boradi.

Misol uchun, Germaniyaga har yili kamida 400 ming malakali migrant kirib bormasa, YAIM oʻsishdan toʻxtaydi. Shimoliy Yevropa mamlakatlari ekologik toza texnologiyalar markaziga, Sharqiy Osiyo mintaqasi esa aholisi eng tez qariyotgan va tugʻilish koeffitsiyenti past hududga aylanmoqda. Yaponiyada parvarish­lash, qish­loq xoʻjaligi, qurilishda 6,4-7 million, Janubiy Koreyada kemasozlik, metalga ishlov berish, elektronika va sanoatda 1,2-1,5 million ishchi kuchiga ehtiyoj sezilishi mumkin.

Mutaxassislar global mehnat bozorida talab ortib boradigan soha va kasblar qatoriga tibbiyot, ijtimoiy taʼminot, “yashil” energetika, ekologiya, zamonaviy qurilish, infratuzilma, sanoat avtomatizatsiyasi, yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt va transport-logistika xizmati kabilarni kiritadi.

Bundan tashqari, xalqaro toifadagi yuk mashinasi haydovchilari, omborxonalarni avtomatik bosh­qarish operatorlari, GPS, raqamli taxograflar va logistika dasturlari bilan ishlash koʻnikmasiga ega, malakali haydovchilarga ehtiyoj oshib bormoqda. Korxona hamda tashkilotlar, kompaniyalar malaka va tajribasi yoʻq insonlarni ishga olib, keyin ularni qayta oʻqitish uchun sarmoya sarflashga majbur boʻlmoqda.

Davlat koʻnikma va malakalariga talab boʻlmagan yoki mehnat bozorida ortiqcha mutaxassislar taʼlimini moliyalashtirishda davom etmoqda. Taʼlim muassasalari ish beruvchilarning hozirgi ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlaguncha ish beruvchilarning talablari oʻzgarib ketmoqda.

Shunday ekan, nima qilmoq kerak? Buning yechimi yoshlarni xalqaro miqyosda bilim olish, kasb oʻrganish, malaka oshirish va ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini ifodalaydigan zarur choralarni koʻrishda. Bu jarayonda xalqaro talablarga javob beradigan raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlash asosiy vazifalardan. Yaʼni kasbiy taʼlim tizimiga xalqaro standartlar asosida xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda, Prezidentimizning 2025-yil 23-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida kasbiy taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va kasbiy taʼlim sohasini boshqarishga masʼul Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etilgani ayni muddao boʻldi.

Farmon mamlakatimizda malakali oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash, xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish va iqtisodiyotning zamon talablariga moslashadigan oʻquv tizimini yaratishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni boshlab berdi. Unda nafaqat kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish, balki oʻqitish va ishlab chiqarish sektori oʻrtasidagi integratsiyani hamda xalqaro mehnat bozoriga kirish imkoniyatlarini oshirish nazarda tutilgan.

Hozir mamlakatimizdagi 47 texnikumning 4000 dan ortiq oʻquvchisi Buyuk Britaniyaning Pearson, Germaniyaning “AVESTOS”, “Askania Bildung”, Shveysariya­ning “Globogate Concept” AG va Saudiya Arabistonning “ACWA Power” kompaniyalari taʼlim dasturlari asosida xalqaro darajadagi kasb va xorijiy tillarni oʻrganmoqda. Shu bilan birga, hozir oʻzbekistonlik yoshlar tashqi mehnat bozorida qurilish, transport, tibbiyot, turizm, xizmat koʻrsatish, muhandislik va AT sohasida ishga faol joylashyapti. Bu bilan ularning malaka va tajriba oshirish imkoniyati kengayib bormoqda.

Joriy yil 20-aprel kuni Prezidentimiz tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni xorijdagi yuqori daromadli ish oʻrinlariga tayyorlash va ularni har tomonlama himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi.

Bugun yurtdoshlarimiz 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda. Xorijda ishlayotgan ­fuqarolar soni
1,2 millionni tashkil etmoqda. Yevropa va Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlarida malakali ishchi kuchiga ehtiyoj yildan yilga ortib bormoqda. Qolaversa, Yevropa komissiyasining 2030-yilgacha boʻlgan yangi migratsiya strategiyasida Markaziy Osiyo bilan migratsiya dasturlari, kadrlar tayyorlash va noqonuniy migratsiyaning oldini olishga alohida urgʻu berilgan.

Xorijdan til va kasb talablariga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga buyurtma kelib tushgan. Jumladan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga qurilish, logistika va servis sohalari boʻyicha 15 ming mutaxassis zarur.

Mazkur ehtiyojni qoplashda Germaniya, Janubiy Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan texnikumlar negizida tashkil etilgan qoʻshma taʼlim loyihalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xorijiy kompaniya­lar ishtirokida tashkil etilgan 12 ta “Kasb plyus til” tamoyili asosida qoʻshma taʼlim loyihalarida 8500 fuqaro oʻqimoqda. Ularning 3000 bitiruvchisi allaqachon ishga joylashdi.

Endi bunday loyihalar sonini 20 taga yetkazish, talab yuqori zamonaviy kasb va xorijiy tillarga oʻqitish koʻlamini 50 foiz kengaytirib, qamrovni 10 mingdan oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori kasb, 7 ta chet tiliga oʻqitish, 6 ta sertifikat imtihonini oʻtkazish uchun sharoitlar hamda 600 oʻrinli oʻquv kampusini qamrab olgan maqsadli tayyorlash markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Andijon, Samarqand, Fargʻona va Toshkent shahridagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni chet tili va kasbiy koʻnikmalar boʻ­yicha xal­qaro imtihonlarga tayyorlaydigan maxsus oʻquv kurslari ochiladi. Shu bilan birga, qurilish sohasida betonchi, qolipchi, armatura toʻquvchi va payvandlovchilarni tayyorlash hamda malakasini baholash markazlarini kengaytirish choralarini koʻrish belgilab berildi.

Texnikumlarda xalqaro taʼlim dasturlari qoʻllanishi qator afzalliklar beradi. Jumladan, oʻqitish sifati oshiriladi, yaʼni amaliyotga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlari joriy etiladi hamda xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi. Texnikum diplomlari xorijiy ish beruvchilar tomonidan tan olinib, bitiruvchilar xalqaro mehnat bozorida yuqori daromadli ishga joylashadi. Xalqaro taʼlim dasturlari joriy etiladigan texnikumlarning pedagog va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari chet el tajribasi asosida malaka oshirib, qayta tayyorlovdan oʻtadi. Xalqaro taʼlim dasturlarining moddiy-texnik bazasi olib kiriladi, oʻquv-­laboratoriya xonalari xorijiy davlatlar standartlari asosida jihozlanadi. Natijada oʻquvchilarning amaliy koʻnikmasi xalqaro standartlarga moslashadi.

Umuman olganda, texnikumlarda xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish faqat oʻqitish sifatini oshirish emas, balki yoshlarni global mehnat bozoriga tayyorlash, raqobatbardoshligini oshirish, iqtisodiy migratsiyani qonuniylashtirishda juda qoʻl keladi. Boshqacha aytganda, global taʼlim va tashqi mehnat bozori integratsiyasi oʻzbekistonlik yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu individual taraqqiyotdan tashqari, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga ham xizmat qiladi. Bugun bizda ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilayotganining boisi ham shunda.

Farrux MASHARIPOV,

Kasbiy taʼlim agentligi boshqarma boshligʻi