Xalqaro mehnat bozorida mutaxassislarga ehtiyoj asosan demografik oʻzgarishlar (aholi qarishi), raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish omillari hisobiga shakllanadi.
Yevropa
davlatlarida aholining qarishi va mehnatga layoqatli yosh chegarasining
qisqarishi asosiy muammoga aylanib bormoqda. Ushbu hududda ishchi kuchi
taqchilligi 7,5 milliondan 10,5 milliongacha yetishi mumkin. Muhandislik,
yuqori texnologik ishlab chiqarish, qurilish, transport va logistika, agrar
soha, tibbiyot, AT, turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida ishchi kuchi
yetishmovchiligi ortib boradi.
Misol uchun,
Germaniyaga har yili kamida 400 ming malakali migrant kirib bormasa, YAIM
oʻsishdan toʻxtaydi. Shimoliy Yevropa mamlakatlari ekologik toza texnologiyalar
markaziga, Sharqiy Osiyo mintaqasi esa aholisi eng tez qariyotgan va tugʻilish
koeffitsiyenti past hududga aylanmoqda. Yaponiyada parvarishlash, qishloq
xoʻjaligi, qurilishda 6,4-7 million, Janubiy Koreyada kemasozlik, metalga
ishlov berish, elektronika va sanoatda 1,2-1,5 million ishchi kuchiga ehtiyoj
sezilishi mumkin.
Mutaxassislar
global mehnat bozorida talab ortib boradigan soha va kasblar qatoriga tibbiyot,
ijtimoiy taʼminot, “yashil” energetika, ekologiya, zamonaviy qurilish,
infratuzilma, sanoat avtomatizatsiyasi, yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt
va transport-logistika xizmati kabilarni kiritadi.
Bundan tashqari,
xalqaro toifadagi yuk mashinasi haydovchilari, omborxonalarni avtomatik
boshqarish operatorlari, GPS, raqamli taxograflar va logistika dasturlari
bilan ishlash koʻnikmasiga ega, malakali haydovchilarga ehtiyoj oshib bormoqda.
Korxona hamda tashkilotlar, kompaniyalar malaka va tajribasi yoʻq insonlarni
ishga olib, keyin ularni qayta oʻqitish uchun sarmoya sarflashga majbur
boʻlmoqda.
Davlat koʻnikma va
malakalariga talab boʻlmagan yoki mehnat bozorida ortiqcha mutaxassislar
taʼlimini moliyalashtirishda davom etmoqda. Taʼlim muassasalari ish
beruvchilarning hozirgi ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlaguncha ish
beruvchilarning talablari oʻzgarib ketmoqda.
Shunday ekan, nima
qilmoq kerak? Buning yechimi yoshlarni xalqaro miqyosda bilim olish, kasb
oʻrganish, malaka oshirish va ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini ifodalaydigan
zarur choralarni koʻrishda. Bu jarayonda xalqaro talablarga javob beradigan
raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlash asosiy vazifalardan. Yaʼni
kasbiy taʼlim tizimiga xalqaro standartlar asosida xalqaro taʼlim dasturlarini
joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda, Prezidentimizning
2025-yil 23-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlim tizimida boshqaruv samaradorligini
oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan Oliy taʼlim, fan va
innovatsiyalar vazirligi huzurida kasbiy taʼlim tashkilotlari faoliyatini
muvofiqlashtirish va kasbiy taʼlim sohasini boshqarishga masʼul Kasbiy taʼlim
agentligi tashkil etilgani ayni muddao boʻldi.
Farmon
mamlakatimizda malakali oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash, xalqaro taʼlim
dasturlarini joriy etish va iqtisodiyotning zamon talablariga moslashadigan
oʻquv tizimini yaratishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni boshlab berdi.
Unda nafaqat kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish, balki oʻqitish va ishlab
chiqarish sektori oʻrtasidagi integratsiyani hamda xalqaro mehnat bozoriga
kirish imkoniyatlarini oshirish nazarda tutilgan.
Hozir
mamlakatimizdagi 47 texnikumning 4000 dan ortiq oʻquvchisi Buyuk Britaniyaning
Pearson, Germaniyaning “AVESTOS”, “Askania Bildung”, Shveysariyaning
“Globogate Concept” AG va Saudiya Arabistonning “ACWA Power” kompaniyalari
taʼlim dasturlari asosida xalqaro darajadagi kasb va xorijiy tillarni
oʻrganmoqda. Shu bilan birga, hozir oʻzbekistonlik yoshlar tashqi mehnat
bozorida qurilish, transport, tibbiyot, turizm, xizmat koʻrsatish, muhandislik
va AT sohasida ishga faol joylashyapti. Bu bilan ularning malaka va tajriba
oshirish imkoniyati kengayib bormoqda.
Joriy yil 20-aprel
kuni Prezidentimiz tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish,
fuqarolarni xorijdagi yuqori daromadli ish oʻrinlariga tayyorlash va ularni har
tomonlama himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan tayyorlangan
taqdimot bilan tanishdi.
Bugun
yurtdoshlarimiz 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda. Xorijda ishlayotgan
fuqarolar soni
1,2 millionni tashkil etmoqda. Yevropa va Sharqiy Osiyoning rivojlangan
davlatlarida malakali ishchi kuchiga ehtiyoj yildan yilga ortib bormoqda.
Qolaversa, Yevropa komissiyasining 2030-yilgacha boʻlgan yangi migratsiya
strategiyasida Markaziy Osiyo bilan migratsiya dasturlari, kadrlar tayyorlash
va noqonuniy migratsiyaning oldini olishga alohida urgʻu berilgan.
Xorijdan til va
kasb talablariga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga
buyurtma kelib tushgan. Jumladan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga
qurilish, logistika va servis sohalari boʻyicha 15 ming mutaxassis zarur.
Mazkur ehtiyojni
qoplashda Germaniya, Janubiy Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan texnikumlar
negizida tashkil etilgan qoʻshma taʼlim loyihalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xorijiy kompaniyalar ishtirokida tashkil etilgan 12 ta “Kasb plyus til”
tamoyili asosida qoʻshma taʼlim loyihalarida 8500 fuqaro oʻqimoqda. Ularning
3000 bitiruvchisi allaqachon ishga joylashdi.
Endi bunday
loyihalar sonini 20 taga yetkazish, talab yuqori zamonaviy kasb va xorijiy
tillarga oʻqitish koʻlamini 50 foiz kengaytirib, qamrovni 10 mingdan oshirish
rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori kasb, 7 ta
chet tiliga oʻqitish, 6 ta sertifikat imtihonini oʻtkazish uchun sharoitlar
hamda 600 oʻrinli oʻquv kampusini qamrab olgan maqsadli tayyorlash markazini
tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Andijon,
Samarqand, Fargʻona va Toshkent shahridagi tibbiyot texnikumlarida
hamshiralarni chet tili va kasbiy koʻnikmalar boʻyicha xalqaro imtihonlarga
tayyorlaydigan maxsus oʻquv kurslari ochiladi. Shu bilan birga, qurilish
sohasida betonchi, qolipchi, armatura toʻquvchi va payvandlovchilarni
tayyorlash hamda malakasini baholash markazlarini kengaytirish choralarini
koʻrish belgilab berildi.
Texnikumlarda
xalqaro taʼlim dasturlari qoʻllanishi qator afzalliklar beradi. Jumladan,
oʻqitish sifati oshiriladi, yaʼni amaliyotga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlari
joriy etiladi hamda xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi. Texnikum diplomlari
xorijiy ish beruvchilar tomonidan tan olinib, bitiruvchilar xalqaro mehnat
bozorida yuqori daromadli ishga joylashadi. Xalqaro taʼlim dasturlari joriy
etiladigan texnikumlarning pedagog va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari chet el
tajribasi asosida malaka oshirib, qayta tayyorlovdan oʻtadi. Xalqaro taʼlim
dasturlarining moddiy-texnik bazasi olib kiriladi, oʻquv-laboratoriya xonalari
xorijiy davlatlar standartlari asosida jihozlanadi. Natijada oʻquvchilarning
amaliy koʻnikmasi xalqaro standartlarga moslashadi.
Umuman olganda, texnikumlarda xalqaro
taʼlim dasturlarini joriy etish faqat oʻqitish sifatini oshirish emas, balki
yoshlarni global mehnat bozoriga tayyorlash, raqobatbardoshligini oshirish,
iqtisodiy migratsiyani qonuniylashtirishda juda qoʻl keladi. Boshqacha
aytganda, global taʼlim va tashqi mehnat bozori integratsiyasi oʻzbekistonlik
yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu individual taraqqiyotdan
tashqari, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga ham xizmat qiladi. Bugun bizda
ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilayotganining boisi ham shunda.
Farrux MASHARIPOV,
Kasbiy taʼlim agentligi boshqarma
boshligʻi