Avvalo, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi. Ushbu qonun parlament tomonidan qabul qilingan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilmoqda, bu orqali aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligiga tahdid solayotgan xavfli qilmishlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish koʻzda tutilgan.

Narkojinoyatlarning zamonaviy usul va shakllari inobatga olinib, gʻayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish, bangixona tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, 10 dan ortiq xavfli qilmish boʻyicha jazo choralari ogʻirlashtiriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu qonun narkojinoyatchilikka qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, aholi salomatligi va millat genofondini himoya qilishda muhim huquqiy asos boʻlishini taʼkidladi hamda uni imzoladi.

Taqdimotda idoralararo ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan “Narkotiklar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi haqida ham axborot berildi.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda narkovaziyat jiddiy oʻzgarib, anʼanaviy giyohvandlik vositalarining oʻrnini sintetik narkotiklar egallamoqda. Ularni tarqatish usullari ham oʻzgarib, asosan, internet orqali kontaktsiz shaklda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mamlakat ichkarisida yashirin laboratoriyalar paydo boʻlayotgani ushbu sohada huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni tubdan qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Yangi qonun loyihasida davlat siyosatining 7 ta asosiy yoʻnalishi belgilanmoqda. Ular orasida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni shakllantirish, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga barham berish, giyohvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish kabi choralar mavjud.

Loyihada narkotiklar aylanmasi, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishda bevosita ishtirok etuvchi 14 ta davlat organining vazifa va vakolatlari aniq belgilanishi nazarda tutilgan. Qonuniy muomaladagi moddalar ustidan davlat nazorati kuchaytirilib, ularni olib kirishdan tortib, realizatsiya qilishgacha boʻlgan jarayonlar uzluksiz elektron nazorat qilinadi.

Prekursorlar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasini qatʼiy tartibga solishni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ham koʻrib chiqildi. Bu borada elektron nazorat tizimini joriy etish, noqonuniy holatlarga qarshi idoralararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Taqdimotda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Ayrim fuqarolar tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berilayotgani, bu esa yoʻllarda oʻlim va jiddiy jarohat olish holatlariga sabab boʻlayotgani qayd etildi.

Shu bois, yangicha yondashuv asosida yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, ogʻir oqibatli avariyalarning oldini olish, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlar orasida mazkur illatning tarqalishiga qatʼiy chek qoʻyish, shuningdek, yoʻllarda inson hayoti va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha takliflarni maʼqulladi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.