22 avgust kuni Qiziloʻrda shahri orqali oʻtuvchi Shimkent–Samara avtomobil yoʻlining Aqsay hududida Oʻzbekiston fuqarolari ishtirokida YTH sodir boʻlgan.

Hodisa oqibatida uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi voqea joyida halok boʻlgan. Qozogʻiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, avariya haydovchining rul boshqaruvida uxlab qolishi va yuk avtomobili bilan toʻqnashishi oqibatida yuz bergan boʻlishi mumkin.

Oʻzbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda halok boʻlgan fuqarolarning jasadlarini Vatanga tezkor qaytarish boʻyicha zarur choralarni koʻrdi.

Jumladan, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda halok boʻlgan fuqarolarning jasadlarini doimiy yashash joyi — Toshkent viloyatining Bekobod shahriga yetkazish masalasi Qozogʻistonning vakolatli idoralari bilan operativ hal etildi.