Bu esa, avvalo, boshlang‘ich ta’lim bosqichidan boshlanadi. Chunki bolaning kelajakka bo‘lgan munosabati, dunyoqarashi va qadriyatlari aynan shu davrda shakllanadi.
Men, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, hozirda shu yo‘nalish o‘qituvchilari uchun mentor sifatida faoliyat olib borayotgan pedagog sifatida, har kuni 37 nafar o‘quvchidan iborat 2-“A” sinfim bilan ishlash jarayonida bir haqiqatni yanada chuqurroq anglayman: ta’lim — bu faqat dars o‘tish emas, balki inson tarbiyasidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim tizimini takomillashtirish, xalqaro tajribalarni o‘rganish va joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida Yaponiya ta’lim metodikasi asosida ish olib borilayotgan maktablar faoliyati bu borada muhim qadam bo‘lmoqda. Ushbu tashabbus doirasida tashkil etilgan delegatsiyaning Yaponiyaga safari esa barchamiz uchun ibrat maktabi bo‘ldi.
Yaponiya ta’lim tizimining oddiy, ammo chuqur mazmunga ega jihatlari diqqatga sazovor. Masalan, boshlang‘ich sinflarda 6-sinfgacha “Axloq tomon yo‘l” dasturi asosida o‘quvchilarda, eng avvalo, insonga xos fazilatlar — hurmat, mas’uliyat, bir-biriga mehr kabi tushunchalar shakllantiriladi. Bu — ta’limning eng to‘g‘ri poydevori.
Shuningdek, 1–3-sinflarda imtihonlar o‘tkazilmasligi ham juda o‘rinli yondashuv. Bu davrda bola raqobat emas, balki o‘rganish, anglash va shaxs sifatida shakllanish jarayonida bo‘ladi. Demak, ta’limda bosim emas, ishonch va qo‘llab-quvvatlash ustuvor bo‘lishi kerak.
Yana bir muhim jihat — o‘quvchilarning har kuni maktabni o‘zlari tozalashidir. Bu orqali ularda mehnatga hurmat, tozalikka intilish va kamtarlik kabi sifatlar shakllanadi. Biz ham o‘z maktablarimizda ana shunday oddiy, ammo tarbiyaviy ahamiyati katta bo‘lgan usullarni bosqichma-bosqich joriy etishimiz mumkin.
Yaponiyada ota-onalarning bola tarbiyasidagi mas’uliyati ham alohida o‘rin tutadi. Bu biz uchun ham muhim saboq: maktab va oila hamkorligi mustahkam bo‘lmas ekan, ta’lim samaradorligi to‘liq ta’minlanmaydi.
Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari, xalqaro hamkorlik va ilg‘or tajribalarni joriy etishga qaratilgan sa’y-harakatlar har bir o‘qituvchi zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklamoqda. Chunki kelajakni aynan biz — oddiy o‘qituvchilar qurmoqdamiz.
Shu ma’noda, Yaponiya tajribasi bizga bir haqiqatni eslatadi: ta’limning buyukligi uning murakkabligida emas, balki oddiylik va izchillikda namoyon bo‘ladi.
Bugungi o‘qituvchi esa faqat bilim beruvchi emas — u tarbiyachi, yo‘l ko‘rsatuvchi va kelajak bunyodkoridir.
Dilraboxon MAHKAMOVA,
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining
boshlang‘ich ta’lim fani o‘qituvchisi