Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining tashabbusi bilan barpo etilgan Zamonaviy sanʼat markazi Oʻzbekistonda koʻrgazma, taʼlim, badiiy tadqiqot hamda maʼrifiy yoʻnalishlarni bir nuqtada jamlagan birinchi yirik davlat muassasasi sifatida boʻy koʻrsatyapti.
Rekonstruksiyadan
soʻng qayta ochiladigan markaz binosi bir asrdan koʻproq vaqt oldin, 1912-yilda
qurilgan. Dastlab bu yerda shaharning birinchi tramvay tarmogʻini elektr
energiyasi bilan taʼminlaydigan Toshkentning dizel elektr stansiyasi
joylashgan. Oʻzining bir qator mashhur ishlari, jumladan Romanov qarorgohi,
Gʻaznachilik binosi va boshqa ishlari bilan taniqli boʻlgan Vilgelm Xayntselman
tomonidan loyihalashtirilgan.
2019-yilda
bino Toshkentdagi Zamonaviy sanʼat markaziga topshirildi. Rekonstruksiya
ishlari 2022-yil oxirida boshlandi, loyihaga koʻplab mukofotlarga sazovor
boʻlgan Fransiyaning “Studio KO” meʼmorchilik byurosi rahbarlik qildi.
Yangilash jarayonida obyektning tarixiy qiyofasi va sanoat meʼmorchiligiga xos
xususiyatlari saqlab qolindi, zamonaviy madaniy maskan talablariga
moslashtirildi.
Majmua ichki tuzilishi va
imkoniyatlari jihatidan har tomonlama puxta oʻylangan. Bu yerda keng koʻrgazma
zallari, maʼruza va ochiq muloqotlar uchun moʻljallangan maydonlar, sanʼat
hamda vizual madaniyatga ixtisoslashgan boy kutubxona hamda arxiv faoliyat
yuritadi. Shuningdek, loyiha doirasida art-rezidensiyalar, ijodiy
ustaxonalar, kinonamoyishlar, turli performanslar oʻtkazilishi
rejalashtirilgan.
— Agar bu joy eksponatlar namoyish etiladigan sokin muzeylardan biriga aylantirilganda, markazning oʻziga xosligi boʻlarmidi? Albatta, yoʻq, — deydi Toshkent Zamonaviy sanʼat markazi badiiy rahbari doktor Sara Raza. — Markazning doimiy faoliyat yuritadigan ijodiy va kasbiy muhitga aylanishi alohida ahamiyatga ega. Bu yerda yosh ijodkorlar oʻz loyihalarini taqdim etadi, tadqiqotchilar manbalar va arxiv materiallari bilan ishlaydi, keng jamoatchilik esa taʼlim dasturlari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar va ijodiy hamjamiyat bilan bevosita muloqot orqali zamonaviy sanʼat bilan yaqindan tanishadi. Markaz milliy madaniyatimiz va jahon vizual tili oʻrtasidagi uzilishlarni bartaraf etuvchi muhim intellektual koʻprikka aylanishiga ishonaman. Zamonaviy sanʼat tayyor javoblarni bermaydi, u tomoshabinni mushohada qilishga, betoʻxtov savol berishga, shaxsiy ichki makonini qayta kashf etishga undaydi.
Majmua oʻz
faoliyatini Hikmah (“Hikmat”) nomli ilk xalqaro koʻrgazma bilan boshlaydi.
Koʻrgazma bilim, maʼnaviy meros va madaniy xotira mavzulariga, shuningdek,
tarixiy anʼanalar bilan zamonaviy sanʼat oʻrtasidagi bogʻliqlikka
bagʻishlangan. Koʻrgazma ekspozitsiyasidan taniqli rassomlarning 11 ta asari,
jumladan, loyiha uchun maxsus yaratilgan ishlar oʻrin oladi. Oʻzbekistonda ilk
bor Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyi toʻplamidagi installyatsiya
namoyish etilishi alohida eʼtiborga molik.
Markaz
xorijdagi yetakchi madaniy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Ular
qatorida AQSHning Guggenxaym muzeyi va Osiyo sanʼati milliy muzeyi, Buyuk
Britaniyaning “Tate” va “Delfina Foundation” tashkilotlari, Fransiyaning Pompidu
markazi hamda Koreya Sanʼat kengashi bor.
Ushbu xalqaro
aloqalar madaniy diplomatiyani mustahkamlash, poytaxtning zamonaviy qiyofasini
shakllantirish hamda Yangi Oʻzbekistonni boy merosga ega, shu bilan birga,
zamonaviy gʻoyalar, ijodiy izlanishlar va xalqaro muloqotga ochiq mamlakat
sifatida yanada keng namoyon etishga xizmat qiladi. Zamonaviy sanʼat markazi,
shubhasiz, mahalliy isteʼdod egalarining imkoniyatlarini roʻyobga chiqaruvchi
va kreativ iqtisodiyotni rivojlantiruvchi asosiy vositalardan biriga aylanadi.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Hakim Tohir olgan suratlar