Haqiqiy muhandislik gʻoyasi muayyan muammoni boshqacha usullar bilan hal qilish yoʻllarini izlashdan boshlanadi. Ammo gʻoyaning oʻzi yetarlimi? Uni sinab koʻrish, tekshirish, qayta ishlash, oxir-oqibat gʻoyani prototipga va yangi mahsulotga aylantirish uchun, birinchi navbatda, muhit kerak.
Qarshi davlat texnika
universitetida ishga tushirilgan “Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi” (fab-lab)
ana shunday muhitni shakllantirishga qaratilgan. Bundan maqsad yosh olimlar va talabalarning
muhandislik-texnika yoʻnalishidagi innovatsion gʻoya va ishlanmalarini amaliyotga
tatbiq etish, ularning tajriba nusxalarini tayyorlash hamda taʼlim, ilm-fan va ishlab
chiqarish integratsiyasini kuchaytirishdir.
Ayni paytda markazda 6 ta sex va 4 ta laboratoriya faoliyat yuritmoqda.
148 talaba ish bilan taʼminlangan hamda ilmiy-innovatsion faoliyatga jalb qilingan.
Bu yerda 30 ga yaqin xizmat turi mavjud boʻlib, kasb-hunarga oʻrgatish bilan birga
20 dan ziyod mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu raqamlarning oʻziyoq
markaz oddiy laboratoriya emasligini koʻrsatadi. U — taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish
va tadbirkorlik kesishadigan nuqta.
Odatda texnikaga
ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarida talabalar tayyor texnologiyani
oʻrganadi. Laboratoriya ishini bajaradi va imtihon topshiradi. Fab-lab
falsafasida esa savol boshqacha qoʻyiladi: “Siz nima yarata olasiz?”. Bu farq
juda muhim. Sababi muhandislik kompetensiyasi faqat nazariya orqali
shakllanmaydi. Yaʼni mazkur tizimda talaba tayyor bilimni oʻzlashtirishdan
yangi yechim yaratishga oʻtadi.
Universitetimizdagi
markazning tuzilishi ham kompleks xususiyatini ifoda etadi. Fab-labning
birinchi qavatida raqamli kontent markazi hamda universal muhandislik, energiya
auditi, quyosh qurilmalarini oʻrnatish va taʼmirlash, kompozitsion materiallar
hamda raqamli muhandislik dizayni yoʻnalishlaridagi sexlar faoliyat yuritadi.
Ikkinchi qavatdan esa mexatronika va robototexnika, chorvador mutaxassislarga
ilmiy-innovatsion xizmatlar, innovatsion topogeodeziya va raqamli kadastr,
ekologiya, noorganik moddalar kimyosi yoʻnalishlaridagi ilmiy laboratoriyalar
hamda startapchi yoshlar uchun kovorking markazi oʻrin olgan.
Har bir tarmoqning
oʻz yoʻli va strategiyasi bor. Masalan, raqamli muhandislik dizayni sexida
turli dizayn xizmatlari koʻrsatiladi. Bu yerda muhandislik gʻoyasining birinchi
bosqichi — raqamli modellashtirish va dizayn ishlari bajariladi.
Sexda olingan kompozitsion materiallardan buyumlar ishlab chiqariladi. Bu
yoʻnalish materialshunoslik va yangi materiallar asosida mahsulot yaratish
imkoniyatini kengaytiradi. Bundan tashqari, “Energo Control Lab” energiya audit
markazida yosh olimlar va talabalar energiya auditi xizmatini koʻrsatadi va
energiyadan samarali foydalanish bilan bogʻliq masalalarni oʻrganish bilan
shugʻullanadi.
Markazdagi laboratoriyalar majmuasi ilmiy-tadqiqot poligoni vazifasini
oʻtaydi. “Innovatsion topogeodeziya va raqamli kadastr” ilmiy-innovatsion
xizmatlar koʻrsatish markazi esa geodeziya, raqamli texnologiyalar va kadastr
sohalarini oʻzida jamlagan boʻlib, talabalarning sohaga oid bilimlarini yanada
mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Eko tahlil” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi suv, tuproq tahlili va
atrof-muhit bilan bogʻliq tadqiqotlar uchun imkoniyat yaratadi. Eng qiziqarli
yoʻnalishlardan biri — noorganik moddalar kimyosi ilmiy-tadqiqot
laboratoriyasi. Bu yerda litiy, rux va kaliyli birikmalarni sintez qilish,
yangi kimyoviy birikmalar sintezi hamda ularning fizik-kimyoviy tahlili
oʻtkaziladi.
Mazkur
laboratoriyalarning bir binoda jamlangani juda muhim. Sababi kelajakdagi
murakkab texnologiyalar bitta fan doirasida yaratilmaydi. Masalan,
robototexnikaga mexanika ham, elektronika ham, dasturlash ham kerak.
Energetikada esa materialshunoslik, kimyo, avtomatlashtirish va raqamli
texnologiyalar birlashadi. Fab-labning kuchli jihati shunda, yaʼni unda fanlar
oʻrtasida “devor” boʻlmaydi.
Albatta, fab-lab
gʻoyasi Qarshida paydo boʻlgan mahalliy tashabbus emas. U bugun turli
mamlakatlarda rivojlanayotgan global harakatning bir qismi. Ularning xalqaro
konsepsiyasi ham aynan shu gʻoyaga asoslangan.
Bu gʻoyani dastlab Massachusets texnologiya instituti professori Nil
Gershenfeld ilgari surgan. U raqamli texnologiyalar yordamida “deyarli istalgan
narsani yasash” imkoniyatini oʻrgana boshlagan. Uning fikri juda qiziq edi:
kompyuterdagi raqamli gʻoyani real buyumga aylantirish. Masalan, talaba
kompyuterda biror detalning 3D modelini yaratadi va keyin 3D printer, lazerli
keskich yoki CNC stanogi yordamida uni haqiqiy buyumga aylantiradi.
Keyinchalik Hindiston, Kosta-Rika, Norvegiya,
Gana, Finlyandiya, Ispaniya kabi davlatlarda shunday laboratoriyalar paydo
boʻldi. Fab-lablar soni koʻpaygach, ularni birlashtiruvchi xalqaro tarmoq
shakllandi. 2009-yilda “Fab Foundation” tashkiloti tuzildi. Uning vazifasi
fab-lab tarmogʻining kengayishiga, yangi laboratoriyalar tashkil etilishiga,
taʼlim va texnologiyalar almashinuviga koʻmaklashishdan iborat.
“Fab Foundation”
xalqaro tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, fab-lab tarmogʻi bugun 100 dan ortiq
mamlakatda 1750 dan ziyod laboratoriyani birlashtirgan. Ayrim maʼlumotlarda
global tarmoq koʻlami yanada kengaygani qayd etilgan. Bu laboratoriyalar
mahalliy jamoalar, taʼlim muassasalari va ilgʻor tadqiqot markazlarigacha
boʻlgan turli formatlarda ishlaydi. Demak, dunyo tajribasida muhandislik
markazlarining vazifasi vaqt oʻtishi bilan oddiy prototiplashdan innovatsion
ekotizimgacha kengayib bormoqda.
2025-yilda
xorijlik mutaxassislar, Massachusets texnologiya instituti bitiruvchilari
tomonidan Qarshi davlat texnika universitetida fab-lab faoliyatini tashkil
etish maqsadida xalqaro normalar va tajribalar targʻibotiga bagʻishlangan
uchrashuvlar, muloqot va seminar-treninglar oʻtkazildi. Bu, oʻz navbatida,
oliygohning muhandislik markazi faoliyatining jahon tajribasi bilan
integratsiyalashuvi yoʻlida muhim qadamlar tashlanishiga hissa qoʻshdi.
Oliygohimizdagi
muhandislik markazining vazifasi hudud iqtisodiyoti va ehtiyojlariga mos
modelni shakllantirishdan iborat. Qashqadaryo esa sanoat, energetika, neft-gaz,
qishloq xoʻjaligi, qurilish va transport kabi yoʻnalishlar oʻzaro tutashgan
hudud. Shu sababli fab-labning istiqboli juda keng. Masalan, mahalliy korxonada
biror texnologik muammo paydo boʻlsa, uni universitetga olib kelish mumkin.
Muammoni talaba, professor-oʻqituvchi va korxona mutaxassisi birgalikda oʻrganadi.
Markazda uning kichik modeli yoki prototipi tayyorlanadi. Sinovdan oʻtkaziladi.
Natija ijobiy boʻlsa, keyingi bosqichda ishlab chiqarishga moslashtiriladi.
Bu hali ilk
qadamlar. Uning haqiqiy salohiyatini ochish uchun keyingi odimlar — bir nechta
strategik yoʻnalishlarni belgilab olish muhim.
Birinchidan,
fab-labni universitetning barcha fakulteti uchun umumiy innovatsiya
platformasiga aylantirish kerak. Chunki yangi mahsulot bir fakultet emas, bir
nechta soha bilimlari kesishgan nuqtada paydo boʻlishi mumkin.
Ikkinchidan, markazda
startaplar inkubatsiyasini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq. Yaʼni gʻoya —
prototip — sinov — biznes-model — investitsiya — ishlab chiqarish zanjiri
yaratilishi lozim.
Uchinchidan,
korxonalar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish kerak. Fab-labni hududdagi sanoat
korxonalarining texnologik muammolarini hal qiladigan ochiq innovatsiya
markaziga aylantirish mumkin.
Toʻrtinchidan, xalqaro fab-lab tarmogʻiga kirish katta imkoniyat beradi. Dunyodagi
laboratoriyalar umumiy uskunalar, metodologiya va bilim almashinuvi orqali
oʻzaro bogʻlangan.
Beshinchidan,
“Fab Academy” kabi xalqaro taʼlim dasturlari bilan integratsiya qilish
masalasini koʻrib chiqish darkor. Bu dastur raqamli ishlab chiqarish, dizayn,
elektronika, dasturlash va prototiplashni amaliy loyihalar orqali oʻrgatadi.
Demak, fab-labning
eng katta vazifasi — talabani tayyor yechim kutadigan mutaxassisdan muammoni
koʻrib, unga yechim taklif qila oladigan muhandisga aylantirish. Shu jihatdan
Qarshi davlat texnika universitetida tashkil etilgan “Muhandislik ilmiy-ishlab
chiqarish markazi”ni oddiy laboratoriya yoki ustaxona sifatida baholash kamlik
qiladi. Sababi bu markaz — gʻoya
va ilmiy mahsulot oʻrtasidagi koʻprik.
Dunyo tajribasiga koʻra, fab-lablar ilmiy maktab, innovatsion
gʻoya, ustoz va talaba, tadbirkor va ishlab chiqarish bir-birini toʻldiradigan
muhitda eng yaxshi natija beradi. Bu harakatning bugun yuzlab
markazlar va minglab ilm egalarini birlashtirayotgani ham bejiz emas.
Sherzod NEʼMATOV,
Qarshi davlat texnika universiteti
rektori