Shu oʻrinda esa jamiyat qaysi yoʻnalishda harakatlanmasin, uning yurak urishi va qon bosimini aniq koʻrsatib beruvchi oʻziga xos barometr ommaviy axborot vositalari desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻtgan davr mobaynida, ayniqsa, soʻnggi yillarda mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy qiyofasi tubdan oʻzgardi hamda mazkur yangilanishlar shabadasi matbuot va media maydonida ham yaqqol sezildi. Jamiyatda erkin fikr uygʻonishi, fuqarolarning oʻz haq-huquqlarini teran anglab yetishi oʻz-oʻzidan roʻy bergani yoʻq, albatta.
Bir vaqtlar xalq dardi va muammolaridan uzilayozgan,
aksariyat hollarda balandparvoz soʻzlar iskanjasiga tushib qolgan jurnalistika
bugun yangicha qiyofa kasb etdi. Matbuot sahnasiga dadil fikr, tanqidiy
yondashuv hamda tahliliy mushohada qaytdi. Yurtimizda soʻz erkinligini
taʼminlash yoʻlidagi amaliy ishlar mevasini bera boshladi.
Bu kabi ijobiy oʻzgarishlarning tub negizida, shubhasiz,
davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va demokratik tamoyillarni hayotga joriy
etish yoʻlidagi qatʼiy tashabbuslari mujassam. Mamlakatimiz yetakchisining
bevosita eʼtibori hamda qoʻllab-quvvatlashi natijasida qalam ahli oʻzining
chinakam kuchini his qildi, jamiyatdagi kamchiliklarni dadil koʻtarib chiqish
va ijtimoiy adolat minbariga aylanish imkoniga ega boʻldi. Jurnalistika
endilikda shunchaki voqea-hodisalarni qayd etuvchi yoki maqtovlarni
qatorlashtiruvchi vosita emas, xalqni
qiynayotgan masalalarni ildizi bilan tahlil qilib, ularga yechim izlovchi, eng
muhimi, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatuvchi kuch sifatida maydonga
chiqdi.
Davlat va jamiyat oʻrtasidagi uzviy aloqani mustahkamlashda
xususiy sektor ulushining hissasi eʼtirofga munosib. Nodavlat telekanallar,
mustaqil internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faol ijodkorlar
xalqimizning oʻy-xayollari, orzu-umidlari va tashvishlarini roʻy-rost namoyon
etuvchi koʻzguga aylandi.
Aynan ularning saʼy-harakatlari bilan chekka hududlardagi
muammolar ham keng miqyosda muhokama qilinib, oʻz yechimini topmoqda. Davlat
va hokimiyat idoralari xususiy nashrlar koʻtarib chiqayotgan masalalarga zudlik
bilan munosabat bildirayotgani, tanqidlar asosida amaliy choralar
koʻrilayotgani va mansabdor shaxslarning xalq bilan bevosita muloqotga
kirishayotgani — soʻz erkinligi amalda taʼminlanayotganining yorqin isboti.
Davlat idoralari va fuqarolar oʻrtasidagi shaffof muloqot aynan mustaqil
ommaviy axborot vositalari koʻmagida samarali yoʻlga qoʻyilmoqda. Mazkur
hamkorlik hamda bir-birini eshitish madaniyati jamiyatdagi ijtimoiy
barqarorlikni mustahkamlash barobarida odamlarning ertangi kunga boʻlgan
ishonchini oshirayotgani ham haqiqat.
Tarixga nazar solsak, har qanday buyuk yuksalish va
sivilizatsiyalar uygʻonishi davrida erkin fikr, ilm-fan hamda maʼrifat yetakchi
oʻringa chiqqan. Jadid bobolarimiz ham xalqni jaholat botqogʻidan qutqarishda
asosiy qurol sifatida bejiz milliy matbuotga tayanmagan.
Bugungi kunda ham ushbu ezgu anʼana oʻzining mantiqiy
davomini boshdan kechirmoqda. Davlatimiz rahbari ilgari surgan yangi
Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish gʻoyasi juda chuqur
oʻylangan, aniq mexanizm va strategiyalarga asoslangan, jamiyat intellektini
yuzaga chiqaruvchi tarixiy qadamdir. Milliy yuksalishning bu yangi davri oʻzida
yuksak maʼnaviyat, zamonaviy taʼlim, innovatsion iqtisodiyot va albatta erkin
tafakkurni mujassam etadi.
Bunday ulugʻvor maqsadlar sari tashlanayotgan qadamlar
samarasini xalqqa yetkazish, odamlar qalbida daxldorlik hissini uygʻotish hamda
islohotlar yoʻlidagi sunʼiy toʻsiqlaru byurokratik holatlarni xolis yoritishda
matbuotning oʻrni beqiyos boʻlmogʻi shart. Zamonning oʻzi qalam ahlidan
jamiyatni uygʻotuvchi, xalqni teran fikrlashga undovchi va millatning
intellektual salohiyatini yuksaltiruvchi asosiy harakatlantiruvchi kuch
boʻlishni qatʼiy talab etmoqda. Demak, axborot makonida halollik, xolislik va
chuqur tahlilni qaror toptirsakkina, mamlakatimiz ravnaqi hamda Uchinchi
Renessans gʻoyasining tomir yozishiga munosib xizmat qilgan boʻlamiz.
Shu oʻrinda eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydigan yana bir
dolzarb masala borki, u bevosita milliy kontent yaratish jarayoni bilan bogʻliq.
Globallashuv shiddat bilan jadallashib, axborot xurujlari va mafkuraviy
tahdidlar turfa jozibador koʻrinishlarda namoyon boʻlayotgan hozirgi zamonda
milliy oʻzligimiz, qadriyatlarimiz va boy tariximizni asrab-avaylash ustuvor
vazifaga aylandi. Chegarasiz internet tarmogʻi orqali yot gʻoya va
madaniyatlarning taʼsiri soat sayin kuchayib borayotgan bir sharoitda ommaviy
axborot vositalari vakillari milliy kontent yaratishga boʻlgan masʼuliyatni
susaytirmasliklari lozim.
Yoshlarimiz ongi va dunyoqarashini sof milliy qadriyatlar,
vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat va umuminsoniy ezguliklar asosida boyitish
maqsadida ommabop, yuqori sifatli hamda taʼsirchan milliy axborot
mahsulotlarini koʻpaytirish hayotiy zarurat. Biz faqatgina badiiy va hujjatli
filmlar, milliy qahramonlarimiz hayotidan hikoya qiluvchi taʼsirchan dasturlar
hamda oʻzbek tilining boy imkoniyatlarini namoyon etuvchi intellektual
loyihalar orqaligina minglab oʻquvchiyu tomoshabinlarni oʻz atrofimizda
jipslashtira olamiz.
Yaqinda poytaxtimizda oʻtkazilgan “Birlashish nuqtasi” media
haftaligi ham bu boradagi amaliy qadamlardan biri boʻldi. Unda 70 ga yaqin
nodavlat telekanal, radio va onlayn nashrlar yagona maydonda jamlanib, milliy
kontent yaratuvchilarning hamjihatligini namoyish etdi. Bu tashabbus BMT, YXHT
va YUNESKO kabi nufuzli tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilib, mamlakatimizdagi
soʻz erkinligi siyosati toʻgʻri yoʻlda ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Taʼkidlash joiz, axborot isteʼmolchisining saviyasi va talabi
oʻtgan yillarda mislsiz darajada oʻsdi. Oʻquvchi endilikda voqelikni shunchaki
qabul qiladigan kuzatuvchi emas, uni chuqur tahlil etadigan, rostni yolgʻondan
ajrata biladigan, haqli eʼtirozlarini ochiq bildira oladigan, mustaqil fikrli
faol ishtirokchidir. Shunday ekan, media vakillari ham qotib qolgan qoliplardan
voz kechib, kreativ yondashuvlarni oʻzlashtirishi, shuningdek, zamonaviy
raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanishi yanada amaliy
zaruratga aylandi.
Haqiqiy ijodkor oʻz soʻzining qudrati va masʼuliyatini teran
anglagan holda faqat millat manfaati yoʻlida qalam tebratishi, eʼlon
qilinayotgan har bir maqola, reportaj yoki koʻrsatuv ortida inson taqdiri, yurt
ravnaqi va jamiyat kelajagi turganini dildan his qilishi lozim. Axborot
maydonida yaratilayotgan har bir sifatli mahsulot tarix sifatida kelajak
avlodlar uchun muhrlanib borishini unutishga haqqimiz yoʻq. Erkinlik hech
qachon qoidalarni unutish yoki masʼuliyatsizlikni anglatmaydi, aksincha, u
vatan, xalq va vijdon oldida javobgarlikni talab etuvchi ulugʻ neʼmatdir. Biz
aytayotgan har bir soʻz tarozi pallasida turibdi, uning tosh bosishi esa
faqatgina oʻzimizning xolisligimiz va kasbiy mahoratimizga bogʻliq.
Mustaqillik ayyomi chinakam maʼnodagi sarhisob lahzasi
ekanini inobatga olsak, bosib oʻtgan qisqa, ammo mazmunli, mashaqqatli va
sharafli yoʻlimiz bizga katta saboq beradi. Jamiyat faqatgina qiyinchiliklar va
toʻsiqlarni yengib oʻtish orqaligina toblanadi. Erishilgan yutuqlardan
ruhlanish bilan bir qatorda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklardan toʻgʻri
xulosa chiqarish, oldinda turgan dovonlardan muvaffaqiyatli oʻtish uchun ruhan
va jismonan kuch toʻplash ayni muddao.
Yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yuksalib,
xalqaro maydonda qatʼiy soʻzini aytayotgan bir pallada matbuotimiz ham global
axborot makoniga dadil kirib borishi, mamlakatimizning ijobiy imijini dunyoga
tanitishda, islohotlar mohiyatini jahon ommasiga yetkazishda avangard rolini
bajarishi shart. Jurnalistika sohasi vakillari, media menejerlar, tahririyat
xodimlari va umuman, axborot siyosatiga daxldor har bir insonning yangi
Oʻzbekiston shonli yilnomasini yaratishga qoʻshadigan hissasi faqatgina
qatʼiyat, chuqur bilim hamda fidoyilik orqaligina roʻyobga chiqadi.
Odiljon TOJIYEV,
Milliy media
assotsiatsiyasi boshqaruv raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati